Sport | 10:47 / 15.08.2023
25710
5 daqiqa o‘qiladi

«MYu» mavsumni qiyin g‘alaba bilan boshladi. Internetda hakamning o‘yin oxiridagi qarori muhokama qilinmoqda

Ten Hag jamoasi o‘yiniga savollar bor.

Foto: PICK POTs/PA IMAGES VIA GETTY IMAGES

APLning 1-turini yopib beruvchi o‘yin «Vulverhempton» mehmon bo‘lib kelgan «Old Trafford»da o‘tkazildi. O‘yin «Manchester Yunayted» uchun oson kechmadi.

Mezbonlar bosh murabbiyi Erik ten Hag boshlang‘ich tarkibga yangi futbolchilardan ikkisini kiritdi. Andre Onana darvozadan joy egalladi, Meyson Maunt esa maydon markazida harakat qildi. Uchinchi yangi futbolchi — Rasmus Hoylund — o‘yinni tribunada o‘tirib kuzatdi. Daniyalik hujumchi jarohatidan davolanishda davom etmoqda, uning «MYu» safidagi debyuti sentabr oyiga mo‘ljallangan.

«Vulverhempton» «Old Trafford»ga yangi bosh murabbiyi bilan tashrif buyurdi. APL startiga taxminan bir hafta vaqt qolganida klub Xulen Lopetegi bilan shartnomani bekor qilgandi. Murabbiy rahbariyatning transfer siyosatidan norozi bo‘lgan, bu esa tomonlar munosabatni to‘xtatishiga olib kelgan. Ispaniyalik mutaxassis klubda to‘qqiz oy ishladi, uning o‘rnini esa o‘tgan mavsum «Bornmut»ni ligada olib qolgan 40 yoshli Gari O’Nil egalladi. U so‘nggi olti yillikda «Vulvz» boshqaruviga kelgan ilk britaniyalik bo‘lmoqda.

Birinchi bo‘lim «Yunayted» darvozasi qarshisida yuzaga kelgan ikki vaziyat bilan yodda qoldi. 26-daqiqada Kunya to‘pni o‘z jamoasi jarima maydoni atrofida qo‘lga kiritib, avvaliga Kazemironi, keyin Martinesni ortda qoldirib, to‘pni raqib jarima maydonigacha olib bordi, ammo uning uzatmasini Pablo Sarabiya golga aylantira olmadi - uning zarbasi darvozaning chap ustuni yonidan o‘tib ketdi. Ko‘p o‘tmay Sarabiya jarima maydoniga kirib borgan Kunyani to‘p bilan ta’minladi, ammo braziliyalik hujumchining zarbasi darvozaning o‘ng ustuni yonidan o‘tib ketdi. Mehmonlar faqat bo‘lim oxirlariga borib faollashishdi. Bungacha mehmonlar darvozasi qarshisida xavfli vaziyatlar kuzatilmadi. 35-daqiqada arbitr Saymon Huper «Vulvz» himoyachisi, to‘pni autdan o‘yinga kiritishda hayallagan Rayan Ayt-Nuriga sariq kartochka ko‘rsatdi. Yangi tavsiyalarga og‘ishmay amal qilinmoqda — endi vaqt cho‘zishga harakatlar darhol jazolanadi.

Tanaffusda ten Hag markaziy himoyachi Lisandro Martinesni almashtirdi, u sariq kartochka olishga ulgurgandi (uning o‘rniga Viktor Lindelyof maydonga chiqdi). Ikkinchi bo‘limning ilk daqiqalarida mehmonlar «MYu»ni ochiqchasiga kechirishdi. Mateus Kunya juda qulay vaziyatda turib to‘pni bo‘sh qolgan burchakka kirita olmadi — to‘p ustunga borib tegdi.

Mehmonlar uddalay olmagan ishni mezbonlar bajarishdi. «Manchester Yunayted» bir necha daqiqa davomida raqibni o‘z jarima maydoni atrofida qamal qildi va birinchi yaxshi tashkil etilgan kombinatsiyadayoq raqib darvozasini ishg‘ol etishdi. Bu hujumni yakunlashda himoyachilar o‘zini ko‘rsatishdi. Aaron Van-Bissaka jarima maydoniga yorib kirib, ortdan uzatilgan to‘pni darvozabon hududiga oshirib berdi, u yerda esa Rafael Varan bosh bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.

Umuman olganda, «Vulverhempton» o‘yini juda yaxshi taassurot qoldirdi. O’Nil jamoasi dadillik bilan harakat qildi, xavfli zarbalar yo‘llashdi, tezkor qarshi hujumlar amalga oshirishdi. Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi juda yaxshi holatda. O‘yin oxirida ular Andre Onanani yana ikki bor sinovdan o‘tkazishdi, ammo «MYu»ning yangi darvozaboni uyaltirmadi. So‘nggi soniyalarda esa u qanotdan uzatilgan to‘pga yeta olmasdan, raqibning bosh qismiga urib yubordi.

Arbitrlar videotakrorni ko‘rib chiqishdi, ammo fol qayd etilmadi va bu mehmonlar murabbiyini quyushqondan chiqardi. Aftidan, bu epizod jiddiy rezonansga ega bo‘ladi.

«Manchester Yunayted» birinchi bo‘limda mavsumga hali yaxshi tayyor emasdek ko‘ringandi, ammo ikkinchi bo‘limda baribir g‘alabani saqlab qoldi. Hatto hujumchi Markus Rashford o‘rniga tayanch yarimhimoyachisi Skott Maktomineyni tushirishga to‘g‘ri keldi. Ten Hag jamoasi keyingi turlarda o‘yinni kuchaytirib borishi tayin, ammo tezlashish uchun vaqt ko‘p emas. Mankunianliklarni 19 avgust kuni APLning 2-turida «Tottenhem» maydonida qiyin o‘yin kutmoqda.

APL turnir jadvalida 1-turdan keyingi vaziyat:

Mavzuga oid