Jahon | 22:59 / 09.04.2025
8071
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi

XXR va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida savdo urushi keskinlashmoqda. Shu bois Xitoy hukumati o‘z fuqarolariga AQShga borishdan tiyilishni maslahat berdi.

Foto: TASS

Xitoy hukumati Donald Tramp ma’muriyatining savdo bojlarini keskin oshirgani fonida Qo‘shma Shtatlarga otlangan o‘z fuqarolarini «xatarlarni jiddiy baholab ko‘rishga» chaqirdi, deb yozmoqda Bloomberg.

«XXR va AQSh o‘rtasidagi savdo munosabatlari yomonlashgani hamda Amerikadagi xavfsizlik muammolari tufayli Madaniyat va turizm vazirligi Qo‘shma Shtatlarga otlangan Xitoy fuqarolarini o‘z safarlari xatarini yaxshilab baholashga va ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga chaqiradi», — deyiladi idora xabarida.

Ushbu bayonot Xitoy Tramp tomonidan joriy etilgan yangi bojlarga qarshi javob choralarini yana qabul qilganidan keyin bildirildi. Pekin Amerika tovarlariga nisbatan tariflar 84 foizgacha belgilanishini e’lon qildi — bu esa dunyoning eng yirik ikki iqtisodiyoti o‘rtasida savdo urushini keskinlashtirdi. Oq uy esa Xitoy importida 104 foizli bojlar joriy etishini bildirdi.

2 aprel kuni Tramp savdo hamkorlari tovarlariga nisbatan «o‘zaro bojlar» joriy qilish haqidagi farmonni imzoladi. Xitoyga nisbatan tarif o‘sha paytda 34 foizni tashkil etdi. Xitoy darhol bunga javoban 34 foiz boj joriy qildi. Shundan so‘ng Tramp darhol bu bojni bekor qilishni, aks holda yana 50 foizlik boj joriy etishi bilan tahdid qildi. Xitoy tomoni bu tahdidlarga uchmadi va 84 foizlik boj joriy etilgach, xuddi shunday miqdordagi boj bilan javob qaytarmoqda.

Mavzuga oid