O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
62461
14 daqiqa o‘qiladi

“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov

Aprel oyi ikkinchi o‘n kunlik boshlarida mamlakatning bir qancha hududlarida havo harorati +30...+35 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Iqlimshunos Erkin Abdulahatov Kun.uz studiyasida ob-havo sohasidagi oxirgi kutilmalarni tahlil qildi.

Mart oyida kuzatishlar tarixidagi eng yuqori anomal harorat rekordlari yuz berdi. Martning uchinchi o‘n kunligida esa juda ham ko‘p hududlarda, ayniqsa, vodiy viloyatlari, tog‘li hududlar va tog‘ etaklarida yil davomida yog‘adigan yog‘ingarchilikning qariyb 15-20 foizi yog‘di.

O‘rganishlar bo‘yicha qaraydigan bo‘lsak, hozirgi aprel havosining o‘zi may oyidagi kabi muhitni beryapti. Bu, albatta, qishloq xo‘jaligi uchun biroz noodatiy. Aprel oyi boshlarida, xususan, 4-5 aprel kunlari ko‘plab hududlarimizda kam miqdorda bo‘lsa-da, yog‘ingarchilik kuzatildi. Aslida dehqonchilik uchun asosiy yomg‘irlar aprelning dastlabki kunlarida yog‘ishi kerak. Bu yog‘ingarchiliklar chaqmoq va momaqaldiroq bilan keladi va tuproqqa ko‘proq suv ulashadi. Ammo aprel boshlarida respublika bo‘ylab ekin maydonlarida yetarlicha yomg‘ir yog‘madi. Masalan, Samarqand viloyati markazida juda kam, 4-5 millimetr yog‘ingarchilik kuzatildi. Bu noyabr o‘rtasi, noyabr-mart oyining uchinchi o‘n kunligiga nisbatan 10-20 baravar kam”, – deydi iqlimshunos.

Uning aytishicha, shiddatli va mayin yomg‘irlar orasida farq bor. Navro‘z arafasidagi yog‘ingarchiliklar chaqmoq, momaqaldiroq xodisalari fonida yuz berdi va bu mayin, ya’ni tuproqqa ko‘proq suv ulashadigan yomg‘irlar turiga kiradi.

Shiddatli yomg‘irlar sel-suv toshqinlari hamda tuproqda namgarchilikni hosil qilib, sirpanishni yuzaga keltiradi, ya’ni tuproq sirpanib oqib ketadi va qatqaloq hodisalari kuzatiladi. Bu yil respublikaning vodiy viloyatlarida yog‘ingarchilik 10-20 millimetr atrofida normal miqdorda yog‘di, Toshkent va Namangan viloyatlaridagi tog‘larda hatto 40 millimetrdan ko‘p bo‘ldi. Mazkur miqdor 400 tonna suv demakdir va u vodiy viloyatlarida yil davomida yog‘gan yog‘ingarchilikning 20-30 % ini tashkil etadi. Tog‘lar uchun esa yil davomidagi ko‘rsatkichning 10 % iga teng”, – deydi Erkin Abdulahatov.

2025 yil boshida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ham yaxshi yog‘ingarchilik kuzatildi, lekin tog‘ etaklari sarhadining janubiy ya’ni asosiy ekin maydonlarida ko‘p bo‘lmadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, ayniqsa, Navoiy va Buxoro viloyatlarida yomg‘ir juda kam yog‘di. Iqlimshunosning aytishicha, mazkur holat o‘z-o‘zidan ushbu hududlar uchun suv bilan bog‘liq muammoni keltirib chiqaradi.

Boshqa joylar bilan solishtiradigan bo‘lsak, respublikaning bu hududlarida yog‘ingarchilik juda kam bo‘ldi, chunki tabiiy yomg‘irlar oz yog‘moqda. Ushbu hududlarda issiq ob-havo kuzatilyapti, aprelda ham mart oyining so‘nggi o‘n kunliklaridagidek qariyb +30 darajaga yaqin harorat saqlanib turibdi. Tungi temperatura ham yuqori. Sodda qilib aytganda, ob-havo xuddi bir oy oldinga surilib qolgandek: mart oyining o‘rtalaridan boshlab biz qariyb bir oy oldingi haroratni qabul qilgandek bo‘lyapmiz”, – deydi Erkin Abdulahatov.

Uning ta’kidlashicha, bu yil tog‘larda qor kam to‘planishi tufayli daryo va soylarda yil davomida suvning kamroq bo‘lishi kutilmoqda. Martdan may oyigacha respublikaning ko‘plab hududlarida qurg‘oqchilik, yog‘ingarchilik kuzatilib, vaziyat yomonroq bo‘lishi mumkin. Buni rasmiy tuzilmalar ham o‘z prognozlarida tasdiqlagan. Masalan, Cuv xo‘jaligi vazirligining gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga asoslangan prognozlari respublika daryo havzalarida me’yorga nisbatan sug‘orish davrida oz miqdorda suv shakllanishini ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, Surxondaryo viloyatlarida apreldan oktyabrgacha 70-80% suv to‘planishi kutilmoqda, ya’ni me’yordan ancha kam. Qashqadaryo havzasida ham 65-75%, bu esa me’yordan deyarli 40% oz. Samarqand, Navoiy, Buxoro viloyatlarini sug‘oradigan Zarafshon daryosi tog‘ havzasida ham 75-85% miqdorda suv shakllanishi kutilmoqda, bu ko‘rsatkich ham normadan ancha kam. Amudaryoning asosiy irmog‘i atrofidagi tog‘larda ko‘proq qor yog‘gani tufayli 90-100% lik ya’ni me’yoriy miqdordagi suv to‘planishi kutilmoqda.

Hozirgi issiq davrda mart oyining aprel kabi, aprel oyining may kabi his qilinayotgani fonida bu miqdor yetarli emas. Kuchli issiq kuzatilayotgan iqlim sharoitida mintaqa uchun ko‘proq suv talab etiladi. Misol uchun, vodiy viloyatlarining janubiy So‘x, Shohimardon tog‘larida 95% miqdorda suv shakllanishi mumkin. Ushbu hududlardagi daryo havzalarida qor zaxiralari va muzliklar borligi sababli bu yil ko‘proq yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda. Qoradaryoda suv miqdori 70-80% miqdorda shakllanadi, bu ko‘rsatkich ham juda past. Sirdaryo va Farg‘ona vodiysi viloyatlarining shimoliy daryolarida, masalan, Govasoy, Chot, Chortoq, Poschotasoy, Namangan kabi yirik daryolarda ham suv me’yordan ancha kam, 75-80% miqdorda to‘planadi.

Norin daryosida vaziyat biroz yaxshi, mart oyining so‘nggi o‘n kunliklarida yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lgan va qor zaxirasini shakllantirgan, bu o‘tgan oylardagi vaziyatni yaxshilagan. Chirchiq, Ohangaron, Toshkent viloyati daryolarida ham suv zahiralari me’yordan oz ekanligi ma’lum. 2025 yilda deyarli juda ko‘p daryolarimizda me’yordan ancha kam miqdorda zahira to‘planishi kuzatilmoqda, ayniqsa, Qashqadaryo va Surxondaryo daryolarida sezilarli darajada suv taqchilligi yuzaga kelishi mumkin”, – deydi iqlimshunos.

Aprelning keyingi o‘n kunligida ob-havo qanday bo‘lishi kutilmoqda?

Aprel oyining boshlarida issiq ob-havo kuzatildi. Respublikaning markaziy, janubiy va tog‘li hududlarida yog‘ingarchiliklar yaxshi bo‘ldi. O‘tgan haftadan hozirgacha(10.04.2025 holatiga) issiq harorat foni saqlanib turibdi. Ya’ni ko‘plab hududlar, asosan, vohada +32, +33 darajada harorat kuzatilyapti. Bu o‘z-o‘zidan janubdan nam havo oqimlari kirishini yuzaga keltiradi.

8-9 aprel kunlari O‘zgidromet respublikaning sakkizta viloyatida sel xavfini e’lon qildi. Sel Surxondaryo viloyatiga ertaga kechqurun kirib keladi, Qashqadaryo viloyati va tog‘li hududlarda yog‘ingarchiliklar kuzatilishi mumkin. Bu yog‘inlar 12 soat davomida 15-25, 25-50 millimetr oralig‘ida yog‘adi. Ya’ni jala ko‘rinishida katta massadagi yog‘inga aylanishi ehtimoli bor. Ammo bu jarayon Navoiy, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatining katta hududlari hamda Farg‘ona vodiysining markaziy hududlari uchun tegishli emas.

Ushbu havo massalari haroratning keskin qizib ketishi tufayli asosan tog‘ va tog‘ etaklarida kuzatiladi. Mazkur hududlarda sel va toshqin xavflari yuzaga kelishi mumkin. Asosiy havo oqimining birinchi yo‘nalishi Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga kirib kelishini hisobga olsak, bu hududlarda chaqmoq, momaqaldiroq, hattoki, do‘l hodisalari ham kuzatilishi mumkin. Sel va toshqinlar yuz berishi ehtimoli ham bor va bu ayni tog‘ etaklaridagi qishloq xo‘jaligi ekin maydonlariga zarar keltirishi, qatqaloq holatlari ham paydo bo‘lishi mumkin”, – deydi Erkin Abdulahatov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 11-12-13 aprelda, ya’ni nam havo oqimi o‘tib ketgandan keyin juda ham issiq harorat kuzatiladi, avvaliga shimoliy, keyin markaziy hududlarda(Xorazm, Buxoro, Navoiy). 10 aprel kunida shimoliy hududlarda haroratning ko‘tarilishi davom etadi va 11-12-13 aprel kunlari soat 14:00 da harorat +32, +36 darajagacha ko‘tariladi. Bu temperatura aprel oyining hozirgi muddatlari uchun kuzatuvlar tarixida kuzatilmagan issiqlik bo‘lishi ya’ni rekord yangilanishi mumkin.

Hozirda Yevropa hududlariga arktik sovuq havo oqimlari kirib kelyapti. Xorijiy ob-havo byurolari tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya, Gretsiya, Turkiya, Italiya mamlakatlarining tog‘li hududlari -20 darajagacha sovub ketishi, hattoki, qor yog‘ish ehtimoli prognozlari taqdim etilyapti. Shu o‘rinda to‘g‘ridan to‘g‘ri savol tug‘iladi: bahorda bizning hududda ham issiq havo oqimi orqasidan salqinlik kuzatilishi mumkinmi? Sovuq havo oqimlari kirib kelsa, bu mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga ta’sir ko‘rsatmaydimi ya’ni sovuq urishi hodisalari yuz bermaydimi?

Erkin Abdulahatovning ta’kidlashicha, Kaspiy va Orol dengizlari qizib ketib, quyosh botayotganida uning g‘arbiy qismlarida keskin pasayish kuzatilmoqda. Bu 10 aprel holatiga ko‘ra havoning normal qiymatidan chetlanishlar yuzaga kelayotganini ko‘rsatadi. Respublikamizning shimoliy hududlarida aprelda havo harorati me’yoriy qiymatdan 16-20 daraja yuqori bo‘lishi qayd etilmoqda. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, kelgusi kunlarda rekord haroratlar kuzatilishi mumkin va bu issiq harorat faqatgina kun davomida emas, balki kechqurun ham saqlanib turadi.

12 aprel kunida mamlakatga sovuq havo harorati kirib keladi. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatlarida 9-10-11 aprel kunlariga nisbatan sezilarli salqinlik kuzatiladi. Ya’ni agar yengil kiyimlarda yurilgan bo‘lsa, asta-sekin qalinroq kiyimlarga o‘tish tavsiya etiladi. Qoraqalpog‘iston va shimol hududlarda 12-13 aprel, dam olish kunlarida +30 darajali harorat pasayib, asta-sekin +20 darajali harorat ya’ni bahoriy ob-havo qaytadi. Vodiyda esa harorat ko‘tariladi, shuningdek, Toshkent viloyatida ham me’yordan 8-12 daraja yuqori issiqlik kuzatilishi ehtimoli bor.

12-13 aprelda sovuq havo oqimlari kelishi ortidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sovuq urib qolmaydimi, degan savollar paydo bo‘lmoqda, xavotirlarga o‘rin yo‘q. Rosgidromet tomonidan taqdim etilgan ob-havo prognozi modeli ko‘rsatayotgan karta bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, 12-13 aprel kunlari tungi minimum haroratlar shimoliy hududlarda +8,+12 daraja atrofida bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi maydonlarida sovuq urishi uchun 0 darajali harorat kuzatilishi kerak. Kelayotgan sovuq havo oqimi mintaqamizga salqinlik beradi va mazkur haroratda sovuq urishi ehtimoli juda kam”,­– deydi iqlimshunos.

Respublikaning katta hududlarida aprel oyining ikkinchi o‘n kunligida, 14 apreldan keyin issiq haroratdan so‘ng salqin ya’ni mart oyi oxirlaridagiga xos bo‘lgan harorat to‘lqinlari kuzatiladi, kuchli sovuq bo‘lmaydi. Xususan, kelayotgan 15 kunlikda Surxondaryo, Qashqadaryo va vodiy viloyatlari hamda Toshkent viloyatining ayrim hududlarida o‘sha davrdagiga nisbatan salqinlik kuzatilmaydi.

14-21 aprel kunlari vodiyda yog‘ingarchiliklar ko‘proq, tog‘li hududlar, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro viloyatida kamroq bo‘ladi.

Ob-havo kutilmalaridan kelib chiqib qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislariga qanday tavsiyalar beriladi?

Bu yilgi mart va aprel oylarida g‘ayritabiiy ob-havo ya’ni yuqori harorat kuzatilyapti va bu o‘z-o‘zidan qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida noodatiyroq yondashuvlarni qo‘llashni taqozo etadi. Iqlimshunosning qayd etishicha, qo‘y va chorvalarni tog‘larga olib chiqishga hali erta. Baland tog‘li hududlarga chorvalarni olib borishni 20 aprel sanasidan keyinga mo‘ljallash maqsadga muvofiq.

Asalarichilik bilan shug‘ullanuvchilar ayni vaqtda Karpat asalarilarini tog‘larga olib chiqishga tayyorgarlik ko‘rishyapti. 14-21 aprelda biroz salqinlik kuzatilishini hisobga olsak, iqlimiy muhitdan kelib chiqib asalarilarni o‘sha sanalardan so‘ng tog‘larga olib borish tavsiya etiladi.

Paxta, bug‘doy yoki boshqa ekin turlari uchun sug‘orish davrlari boshlanyapti. Bu yil yog‘ingarchiliklar quvvati kutilganidek yuqori emas. Shu sabab, agronomlar o‘simliklar suv talabi asosida sug‘orish ishlarini rejalashtirishlari, agro tadbirlar va agrog‘o‘g‘itlash masalalariga kuchliroq e’tibor qaratishlari lozim.

9-10-13 aprel kunlari respublikaning katta hududlarida may oyining so‘nggi kunlarida ro‘y beradigan issiqlik rekordi kuzatilishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari hududlarida mana shu issiq urushiga qarshi ehtiyot choralari ko‘rilishi kerak. Bundan tashqari, salomatligimizga alohida e’tibor qaratishimiz zarur, chunki bu issiqlik foni ultrabinafsha nurlar bilan birgalikda havoda kislorod yetishmovchiligini keltirib chiqaradi, harorat qo‘tarilgan paytlarda salqin joylarda yurish tavsiya etiladi.

Mavzuga oid