Sport | 19:34 / 08.04.2025
13986
18 daqiqa o‘qiladi

YeChLda chorakfinal. «Real» va «Arsenal» o‘yinida kim favorit?

9 aprelga o‘tar kechasi Chempionlar ligasida chorakfinal bahslari boshlanadi.

Foto: Getty Images

«Arsenal» — «Real» (00:00. Zo'r TV)

Ushbu bosqichdagi eng nomdor jamoalar juftligini «Arsenal» va «Real» klublari tashkil etgan.

«Arsenal» umumiy guruh bosqichida 19 ochko to‘plab (6 g‘alaba, 1 durang va 1 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 16-3), uchinchi o‘rinni egalladi va pley-offga o‘tish o‘yinlaridan ozod qilindi. Londonliklar 1/8 finalda PSV to‘sig‘idan osonlik bilan o‘tishdi (Eyndhovendagi birinchi o‘yinda 7:1, javob uchrashuvida — 2:2 hisoblari qayd etildi).

«Real» guruhda 15 ochko to‘pladi (5 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat, to‘plar nisbati — 20-12) va bosqichni 11-o‘rinda yakunladi. Chempionlar ligasi pley-offga o‘tish bosqichida «Manchester Siti» bilan to‘qnashdi (Manchesterdagi birinchi o‘yinda — 3:2 hisobidagi g‘alaba qayd etildi, Madriddagi javob uchrashuvida ham raqibga imkon qoldirilmadi — 3:1), 1/8 finalda esa yana bir jiddiy raqib — «Atletiko» to‘sig‘idan o‘tildi ( «Santyago Bernabeu»dagi birinchi o‘yinda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi, javob o‘yinining asosiy vaqtida — 0:1 hisobida yutqazdi, penaltilar seriyasida ustun keldi — 4:2).

Qog‘ozda amaldagi chempion, turnir tarixida eng ko‘p marta (14) g‘olib chiqqan «Real» favorit bo‘lib ko‘rinmoqda. Ammo londonliklar bu fikrga qo‘shilmaydi. «Chempionat» kolumnisti Dmitriy Bajanov Arteta shogirdlariga qarshi o‘yinlar madridliklar uchun oson kechmasligining besh sababini keltirdi.

Shunday bo‘lib chiqdiki, Yevropaning ikki katta klubi bo‘lmish «Arsenal» va «Real» Chempionlar ligasida shu vaqtgacha faqat bir bor to‘qnashgan. Bu 2006 yilda, 1/8 final bosqichida bo‘lgandi. Tiyerri Anri «Santyago Bernabeu»da g‘alaba golini urgan, Londonda hisob ochilmagan va londonliklar ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra keyingi bosqichga o‘tgan.

O‘sha mavsumda «Arsenal» YeChL finaliga qadar yetib borib, Parijdagi «Stad de Frans» o‘yingohida «Barselona»ga yutqazib qo‘yadi (1:2). Shundan keyin jamoa bu qadar yuqori nuqtaga ko‘tarila olmadi. Qaysidir pallada esa «kanonirlar» Chempionlar ligasida ishtirok etishni ham to‘xtatib qo‘ygandi. «Real» esa o‘tgan yigirma yilga yaqin vaqt ichida Chempionlar ligasi maqomini o‘ziga qaytardi va ushbu «quloqli» kubokni yana yetti marta o‘z muzeyiga olib keldi.

Bu safar «Arsenal» va «Real» chorakfinalda uchrashmoqda. Tajriba va g‘oliblik ruhiyati bo‘yicha ustunlik madridliklar tomonida ekani shubhasiz. Qolaversa, «Arsenal»ni tarkib bilan bog‘liq muammolar qiynamoqda: biroz oldinroq asosiy markaziy himoyachi Gabriel Magalyans safdan chiqdi, hujum chizig‘idagi Kay Havers va Gabriel Jyezus ham anchadan buyon maydonga tusha olmayapti. Qolaversa, bu mavsumda Mikel Arteta jamoasiga o‘yin tashkil etish borasida ham savollar tug‘ilmoqda.

Ammo «Real»ni favorit deyishga shoshilmaslik kerak. Madridliklar kuchliroq ekaniga shubha yo‘q, ammo ularda ham «Arsenal»ga qarshi ilk o‘yin arafasida qator jiddiy muammolar yuzaga kelgan.

Darvozabon masalasi

Shanba kuni «Valensiya»ga qarshi o‘yinda «Real» darvozasida 19 yoshli Fran Gonsales debyut qildi. U ikkita gol o‘tkazib yubordi, madridliklar sensatsion ravishda yutqazdi. Ammo bunda yosh darvozabonni ayblab bo‘lmaydi. «Valensiya» gol urgan vaziyatlarda Tibo Kurtua ham, Andrey Lunin ham qutqara olmasdi – ikkisi darvozada tursa ham.

Kurtuada jarohat bor. So‘nggi oyda u faqat bir marta –  15 mart kuni «Vilyarreal»ga qarshi o‘yinda darvozani qo‘riqladi. «Valensiya» bilan o‘yinga qadar uning o‘rnini Lunin egallab turgandi – va u doim ham ishonchli o‘ynay olmadi. Ukrainalik posbon Ispaniya kubogi yarimfinalida «Real Sosedad»ga qarshi o‘yinda ko‘p xatoga yo‘l qo‘ydi. U o‘z darvozasidan to‘rt bor to‘p olib chiqdi va ayniqsa to‘rtinchi gol urilgan vaziyatda to‘pga chiqishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi. Natijada madridliklar qo‘shimcha bo‘limlarda ter to‘kishiga to‘g‘ri keldi.

Lunin «Valensiya» bilan o‘yin qaydnomasiga kiritilgandi, ammo maydonga chiqmadi – bunga jarohat sabab ekani aytildi. «Arsenal» bilan o‘yin oldidan Ispaniyadagi nashrlar Karlo Anchelotti darvozabonlardan qaysisini tushirish bo‘yicha bir qarorga kelmagani haqida yozishdi. Barchasi Kurtuaning holatiga bog‘liq ekani, agar Tibo tayyor bo‘lsa, u tushishini, agar tayyor bo‘lmasa, darvoza Luninga ishonilishini aytishdi.

Kurtua esa Anchelotti bilan birga o‘yindan oldingi matbuot anjumaniga tashrif buyurdi. Odatda bu tadbirga boshlang‘ich tarkibda bo‘ladigan futbolchilar olib chiqiladi. Shunday ekan, katta ehtimol bilan «Real» darvozasini asosiy darvozabon qo‘riqlaydi. Ammo u qanday formada ekani – savol ostida.

Himoyada nima gap?

Orelen Tchuamenini mudofaa markazidagi o‘yini uchun ko‘p bor tanqid qilishgan. Bu u avvaldan o‘ynab kelgan pozitsiya emas va bu o‘z ta’sirini ko‘rsatgan vaziyatlar bo‘lgan. Xususan, mavsumning birinchi qismida fransuz futbolchisining bu pozitsiyadagi ishlari uncha yurishmagan. Anchelotti shuning uchun ham Raul Asensioga imkon berdi va u bundan o‘rinli foydalandi.

2025 yilda esa Tchuameni yaxshi formaga chiqdi. U birorta muhim o‘yinni o‘tkazib yubormadi. Anchelotti uni tayanch zonasida ham, himoya markazida ham tushirdi. Va ikkala pozitsiyada ham fransuz ancha yaxshi harakat qildi. Mavsumning ikkinchi qismida Tchuameni va Antonio Ryudiger – «Real» mudofaa markazidagi asosiy bog‘lamga aylandi.

«Arsenal» bilan o‘yinda esa fransuz kartochkalari soni ko‘payib ketgani tufayli qatnasha olmaydi. Maydon markazida ham uning xizmatlari asqatishi tayin edi, ammo bu ko‘proq markaziy himoya uchun jiddiy yo‘qotish bo‘ldi. Endi esa yana Asensio boshlang‘ich tarkibga qaytib, Ryudiger bilan juftlik hosil qiladi. Raul ham yaxshi va debyutant uchun ajoyib mavsum o‘tkazmoqda. Ammo so‘nggi o‘yinlarni jamoa Tchuameni bilan o‘tkazgandi.

U esa eng yaxshi formasiga chiqqanida diskvalifikatsiyaga uchrab turibdi. Bu esa «Real» uchun xavotirli holat. Jamoa Tchuameni maydonda bo‘lganida ham mustahkam himoyasi bilan maqtana olmasdi, usiz esa Martin Edegor, Bukayo Saka, Leandro Trossar, Martinelli va Nvaneri kabi futbolchilarga qarshi yanada qiyin bo‘lishi tayin.

«Arsenal»ning quroli

«Real» – Chempionlar ligasi qiroli. «Arsenal» esa joriy mavsumda – standart vaziyatlar qiroli. Ayniqsa burchak zarbalari ijro etishdan londonliklar maksimum xavfli vaziyatlar yaratishni o‘rganib olishgan. Muxlislar va jurnalistlar esa hazillashib bo‘lsa-da, «Arsenal»ning standart vaziyatlar bo‘yicha murabbiyi Nikolya Joverga yilning eng yaxshi murabbiyi uchun sovrinni berishga chaqirmoqda.

«Real» esa, yuqorida aytilganidek, mustahkam himoya chizig‘iga ega emas. Bu standart vaziyatlarda ham aks etadi. 1 martdan buyon «qaymoqranglilar» «Betis», «Vilyarreal», «Sosedad» va «Valensiya» bilan o‘yinlarda jarima zarbalari va burchak zarbalari ijro etilganida gollar o‘tkazib yuborgan. «Valensiya»ga qarshi oxirgi o‘yinda esa burchak zarbalaridan keyin bir emas, ikki gol o‘tkazib yuborishi ham mumkin edi. «Ko‘rshapalaklar» jamoasi himoyachisi Muxtor Dyakabida ikkita ajoyib vaziyat bo‘ldi: u birinchi imkoniyatdan foydalandi, ikkinchisida xato zarba yo‘lladi.

«Real»ni past bo‘yli futbolchilar jamoasi deb bo‘lmaydi. Jamoada Ryudiger, Jud Bellinghem va Asensio kabi baland futbolchilar bor. Fede Valverde u qadar gigant bo‘lmasa ham, o‘z darvozasiga belgilangan standart vaziyatlarda yordam bera oladi. Ammo «Arsenal»da – Vilyam Saliba, Yakub Kivyor (Gabrielning o‘rniga aynan u tushishi kutilmoqda), Mikel Merino, Deklan Rays kabi baland bo‘yli futbolchilar bor. Saka esa yarim mavsum o‘ynamaganiga qaramay, o‘ndan ortiq golli uzatma muallifi bo‘lib turibdi.

Gabriel o‘ynay olmaydi va «Arsenal» uchun bu himoyada ham, hujumda ham ulkan yo‘qotish. Braziliyalik futbolchi – jamoaning standart vaziyatlardagi eng xavfli futbolchisi edi. U «Arsenal»ga o‘tganidan keyingi davrda APLda biror himoyachi u kabi ko‘p gol urmagan. Ammo Gabrielsiz ham londonliklar safida standart vaziyatlarda jarima maydonida darvozaga xavf soladigan futbolchilar yetarlicha bo‘ladi.

Vinisiusdagi navbatdagi inqiroz

Aftidan, Vinisius ekzistensial inqirozning navbatdagi to‘lqinini boshdan kechirmoqda. U qatorasiga ikki bor muhim penaltilarni aniq ijro eta olmadi – Chempionlar ligasida «Atletiko»ga qarshi o‘yinda va La ligada «Valensiya» darvozasiga. Endi Ispaniya mediasida «Valensiya» bilan o‘yindan keyin Karlo Anchelotti Kilian Mbappeni shtatdagi penaltichi etib tayinlangani xabar qilinmoqda.

Vinining milliy jamoadagi ishlari ham joyida emas. U oxirgi safar chog‘ida Kolumbiyaga qarshi g‘alabali o‘yinda bir gol va bir assist muallifi bo‘ldi, ammo Argentina bilan o‘yinda (1:4) hech qanday karomat ko‘rsata olmadi. O‘sha o‘yinda hammadan ko‘ra Rafinya diqqat markazida bo‘ldi. Ammo Vinisius ham milliy jamoadagi ishtirokidan ko‘ngli to‘lgani dargumon. Braziliya jiddiy inqirozga tushib qolgan va Vini bunday holatda xaloskor bo‘lolmayapti.

Nihoyat, «Real»da ayni vaqtda u birinchi raqam emas. Uning o‘rnini Mbappe egalladi va so‘nggi o‘yinlarda aynan fransuz futbolchisi – madridliklar hujumidagi asosiy yuzga aylandi. Va gap faqat gollarda ham emas. Kilian jamoa o‘yiniga Vinisiusga qaraganda jiddiyroq ta’sir ko‘rsatmoqda.

Braziliyalik futbolchi jamoatchilik ko‘z o‘ngida o‘zini vazmin tutmoqda. U jamoa birinchi o‘rinda ekani, Mbappe bilan munosabatlari naqadar ajoyib ekani haqida gapirmoqda. Ammo ich-ichidan hozirgi holati Vinini qoniqtirmayotgani tayin. Jamoa o‘z yo‘liga, ammo u hamisha va har joyda birinchi bo‘lishni istaydi. Uning tabiati shunaqa, u g‘alabalar va natijalarga o‘ch, mutlaqo maksimalist.

«Arsenal» bilan uchrashuvda Vinisius o‘zini qo‘lga olishi va faoliyatidagi eng yaxshi o‘yinlardan birini o‘tkazishi ham mumkin. U bungacha bir necha bor shunday qilgan, bu uning qo‘lidan keladi. Ammo shu bilan birga uning jini qo‘zib qolishi va futbol o‘ynash o‘rniga bor kuchini g‘azabini ko‘rsatishga, raqiblar va hakamlar bilan bahslashishga yo‘naltirishi ham mumkin. «Arsenal» – anchayin surbet raqib. Va qo‘pol o‘ynashdan qaytmaydi. Vinisiusga esa bu yoqmaydi. «Arsenal» futbolchilari braziliyalikni izdan chiqarishga harakat qilishiga shubha yo‘q.

Vini o‘yinni yolg‘iz hal qilish mumkin. Bir o‘zi barchasini yo‘qqa chiqarishi ham. Va hech qachon uning boshida kim – farishta yoki iblisning qo‘li baland kelishini oldindan aytib bo‘lmaydi.

Saka qanday to‘xtatiladi?

«Arsenal» shifokorlari qarshisida o‘ta mas’uliyatli vazifa turgandi – Sakani «Real» bilan o‘yinlargacha safga qaytarish. Uning jarohati ancha jiddiy edi va dekabrdan buyon maydonga tushmayotgandi. Ammo shifokorlar bu vazifani uddalashdi. Saka aprel oyi boshida qaytdi. U «Fulhem» bilan o‘yinning ikkinchi bo‘limida maydonga tushirildi va darhol gol urdi. Keyin esa «Everton» bilan bir bo‘lim o‘ynadi. Endi – «Real» bilan o‘yinlarga tayyor.

Bukayo optimal formada ekani dargumon. Ammo u shu holatida ham juda xavfli. U «Arsenal»ning chinakam yetakchisi. Uning maydondaligining o‘zi butun jamoaga ishonch bag‘ishlaydi. Qolaversa, Bukayo – hujumchilar uchun ajoyib ta’minotchi. Uning uzatmalari – «Arsenal»ning dahshatli standart vaziyatlarida muhim element.

«Real»da chap qanotda Ferlan Mendi o‘ynay olmaydi. Unda Sakaga qarshi kim harakat qiladi? Asosiy variant – Fran Garsiya. U tezkor, Bukayo bilan qarama-qarshilikda esa bu muhim. Ammo Fran ko‘p hollarda hujumga o‘tib ketadi va doim ham ortga qaytishga ulgurmaydi. Bunday raqibga qarshi esa bu qimmatga tushishi mumkin.

Mudofaaning chap qanotiga Eduard Kamavingani tushirish ham mumkin. Unda bu pozitsiyada o‘ynash tajribasi bor. Personal ta’qib qilishda u o‘zini yaxshi ko‘rsatgan. Ammo muhim nyuans bor: Kamavinga faqat oldingi mavsumda chap qanotda o‘ynagan. Shundan buyon Anchelotti undan bu pozitsiyada deyarli foydalanmagan. YeChL chorakfinali esa – noodatiy ampluaga ko‘nikishni boshlash uchun eng yaxshi vaqt emas.

Qolaversa, agar Kamavinga baribir chap qanotda tushsa, tabiiyki, maydon markazida uning yo‘qligi bilinadi. Bu pozitsiyada o‘ynab berishi mumkin bo‘lgan Dani Sebalos jarohatidan to‘liq forig‘ bo‘lishga ulgurmadi, Tchuameni diskvalifikatsiyada, Luka Modrich, qanchalik katta futbolchi bo‘lmasin, yoshi 40 ga qarab ketmoqda. Qolaversa, o‘ng qanot himoyasiga Vaskes o‘rniga Valverdeni tashlashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, maydon markazidan yana bir futbolchi minus bo‘ladi. Shunday ekan, Kamavinga «Arsenal» bilan maydonning qaysi qismida – chap qanot himoyasida yoki markazda kerak bo‘lishi – katta savol.

Ispaniya nashrlarida yozilayotgan yana bir variant bor. Go‘yoki Anchelotti chap qanot himoyachisi sifatida David Alabani tushirishi mumkin. Ammo bu o‘rinda ham Kamavinganiki bilan o‘xshash vaziyat: Alaba anchadan buyon chap qanotda o‘ynamaydi. Madridga kelganidan keyin u uzil-kesil markaziy himoyachiga aylangan.

Ha, «Valensiya» bilan o‘yinda avstriyalik futbolchi so‘nggi daqiqalarda mudofaaning chap qanotiga tushirildi. Ammo bu birinchi navbatda u chap oyog‘ida yaxshi pas bera olishi tufayli edi. Ya’ni bu zaxira mudofaani kuchaytirish uchun emas, hujumga qaratilgandi. Darvoqe, David aynan himoyadagi ishini uddalay olmadi. U «Valensiya»ning ikkinchi golini barchadan yaqinroq nuqtadan turib tomosha qildi.

Bundan tashqari, avstriyalik futbolchi uzoq davom etgan tiklanishdan keyin endigina formaga kirmoqda. U bir yilni maydondan tashqarida o‘tkazdi va faqa 2025 yil yanvarida qaytdi. Anchelotti unga bosqichma-bosqich o‘yin amaliyoti bermoqda. Alaba ham asta-sekinlik bilan o‘yinni kuchaytirib bormoqda, ammo unda xatolar keragidan ko‘p. Va uni YeChL chorakfinalida Sakaga qarshi tushirish – katta tavakkalchilik.

Mavzuga oid