Sport | 09:17 / 09.04.2025
27691
8 daqiqa o‘qiladi

«Arsenal» «Real»ni yirik hisobda mag‘lub etdi

Faqat Kurtuaning seyvlari hisob yanada yirik bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi.

Foto: Marca

YeChL. Chorakfinal
«Arsenal» – «Real» 3:0

Gollar: Rays 58, 70, Merino 75
«Arsenal» – Rayya, Timber (Uayt, 90+1), Saliba, Kiver, Lyuis-Skelli, Parti, Rays (Tirni, 80), Edegor, Merino, Martinelli, Saka (Trossar, 74).
«Real» – Kurtua, Ryudiger, Asensio, Alaba (Garsiya, 79), Valverde, Kamavinga, Modrich (Vaskes, 71), Bellinghem, Rodrigo (Diaz 85), Mbappe, Vinisius.
Ogohlantirishlar: Parti (54), Kamavinga (70).
Chetlatish: Kamavinga (90+4)

Mikel Artetadan bu mavsumda kashfiyotchi bo‘lish talab etilmoqda. Mavjud forvardlarning ikkisi (Gabriel Jyezus va Havers) jarohat olib, mavsum yakuniga qadar safdan chiqishi yarimhimoyachi Merinoning ampluasini vaqtinchaga o‘zgartirishni talab qildi. Mudofaaning chap qanotidagi muammolar esa bolaligidan beri maydon markazida o‘ynashga ixtisoslashgan Lyuis-Skellining boshqa qirralarini ochishga yordam berdi. Natijada ispaniyalik tug‘ma to‘purarligini, «kanonirlar» akademiyasining 18 yoshli tarbiyalanuvchisi esa lateral rolida ham juda yaxshi o‘ynay olishini ko‘rsatdi va u nafaqat klubida, balki Angliya milliy jamoasida ham asosiy tarkibning almashtirib bo‘lmas futbolchisiga aylandi.

Shunday ekan, APLning eng yaxshi markaziy himoyachilaridan biri, qolaversa, raqib jamoa darvozasi atrofidagi standart vaziyatlarda keskinlikni ikki karraga oshiradigan Gabriel Magalyansning jarohatini Londonning qizil-oq qismi matonat bilan qabul qildi. Qolaversa — hatto Kalafiori va Tomiyasuning jarohatini hisobga olganda ham — Artetaning ixtiyorida markaziy himoyada o‘ynashi mumkin bo‘lgan yana uch futbolchi qolgandi. Almashtirib bo‘lmas Salibaning yoniga Kivior yoki Uaytdan birini tushirish mumkin edi. Ularning ikkinchisida o‘yin amaliyoti bo‘lmagani tufayli murabbiy polshalik yosh futbolchini tanladi.

Shuni ta’kidlash kerakki, Arteta qanotlarda foydalanayotgan futbolchilarning barchasi avval markazda ham o‘ynagan. Bu jihat ispaniyalik mutaxassisning vatandoshlari bilan uchrashuv oldidan qanday taktik qarorlar qabul qilganini tushunish uchun muhimdir. To‘pga egalik holatida «Arsenal» uch himoyachi bilan o‘ynadi (o‘ngdagi Timber markaz tomon siljidi), Lyuis-Skelli esa tayanch zonasiga ko‘tarilib, Partey bilan juftlik hosil qildi. Bu jamoaga to‘pni oldinga olib chiqishda qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etdi, shuningdek, maydon markazida son jihatdan ustunlikni ta’minladi, «Real» markazida yoshi qirqqa qarab ketayotgan Modrich tushganida bu ayniqsa qo‘l keldi, Karlo Anchelotti Valverdeni markazdan olib, mudofaaning o‘ng qanotiga tashlagandi.

Lekin bu majburiy chora emasdi, balki Lukas Vaskesning himoyaviy mahorati raqib vingeri Gabriel Martinellini jilovlash uchun yetarli emasligini tan olish edi. Narigi qanotda ham shunga o‘xshash qaror qabul qilindi, Mendi yo‘qligida Sakaga qarshi turish vazifasi yosh Fran Garsiyaga emas, tajribali Alabaga ishonib topshirildi. Mohiyatan, «kanonirlar» YeChLning amaldagi g‘olibiga emas, balki «Real» nisbatan kuchsiz deb qaralgan raqibga moslashdi. Bu ayniqsa mezbonlarning to‘liq ustunligida o‘tgan birinchi bo‘limda sezilib turdi. Ha, odatda «Real»ga gol urish uchun ko‘p narsa talab etilmaydi va Bellinghemning Mbappega bergan ajoyib pasi ham buni eslatib qo‘ydi. Ammo Kilianning «Arsenal» afsonasi Tiyerri Anri uslubida gol urishga urinishi muvaffaqiyatsiz chiqdi. To‘p markazga bordi, Rayyani esa bunday zarba bilan ajablantirib bo‘lmasdi.

Vinisius Junior ham o‘yin boshida mezbonlar standart vaziyatdan keyin to‘p yo‘qotganida qarshi hujumda qochib ketdi, ammo butsasining tashqi qismi bilan pas yo‘llab, jarima maydoni markazidagi Mbappeni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yuborishga bo‘lgan urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Amalda, birinchi bo‘limda «Real»ning qo‘lidan kelgani shu hujumlar bo‘ldi, tabloda nollar saqlanib qolishi esa — Kurtuaning xizmati. U 43-daqiqada Raysning bosh bilan yo‘llagan zarbasidan keyin burchakka qarab ketayotgan to‘pni to‘sdi, qaytgan to‘pga zarba bergan Martinelliga ham gol urishga yo‘l qo‘ymadi. Belgiyalik posbon ikkinchi bo‘limda ham qahramonlik ko‘rsatishda davom etdi va Alaba bilan birgalikda raqibning bir hujum davomida yo‘llagan uchta zarbasini (Martinellidan yana bir, Merinodan ikki urinish) qaytarishdi.

Ikkinchi bo‘lim boshida mehmonlar to‘pni yaxshiroq nazorat qila boshlagani illyuziya bo‘lib chiqdi. «Real»ning faollashishi Mbappe darvoza to‘rining tashqi tomoniga yo‘llagan zarba bilan yakunlandi, «Arsenal» esa bosimni tinimsiz oshirib bordi. Saka markazga ham ko‘chib o‘ynab, mehmonlar himoyasini dovdiratishga kirishdi. Aynan u madridliklar halokatini boshlab bergan jarima zarbasini ishladi. Rays ajoyib zarba bilan «jonli devor»ni aylanib o‘tib, Roberto Karlosning mashhur golini yodga solib yubordi, keyin Saka ishlagan navbatdagi jarima zarbasidan keyin to‘pni aql bovar qilmas yo‘nalishda to‘g‘ri «to‘qqizlik»ka yo‘naltirdi. U 12 daqiqa ichida «Vest Hem» va «Arsenal» safida biror marta qilmagan ishini ikki bor uddaladi!

Ya’ni shu vaqtgacha faoliyatida biror marta jarima zarbasidan to‘pni to‘g‘ridan to‘g‘ri darvozaga yo‘llamagan futbolchi YeChL pley-offida shunday gollar bilan dubl qayd etgan ilk futbolchi bo‘ldi. Merinoning gol urishiga esa hamma ko‘nikib bo‘lgan. Qolaversa, «Real Sosedad»ning sobiq futbolchisi uchun madridliklar — sevimli raqib, u bungacha ushbu klub darvozasini to‘rt bor ishg‘ol etgandi. «Arsenal» uchun hayratlanarli oqshom, tarkib tanlashda adashgan Anchelotti uchun esa dahshatli tush. U futbolchilarni almashtirishda ham kechikdi, Modrich maydonni tark etayotganida hisob 2:0 ko‘rinishiga kelib bo‘lgandi, mezbonlar kuraj ushlaganida esa o‘yinda burilish yasashning imkoni bo‘lmadi.

Londondagi 0:3 hisobidan keyin «Real» fiaskoga juda yaqin, jamoa 21 yil ichida ilk bor asosiy yevrokubokni chorakfinalda tark etishi mumkin. «Qirollik klubi» uchun bu eng qulay bosqichlardan hisoblanardi, jamoa so‘nggi 17 urinishda faqat 2004 yilda, «Monako» bilan to‘qnashuvlardan keyin bu bosqichdan o‘tolmagandi. Ikkinchi o‘yin uchun intriga faqat nazariy jihatdan saqlanib qolmoqda, Arteta shogirdlari bir o‘yinda ikkitadan ortiq gol o‘tkazishi yaqin vaqtlarda kuzatilmagan.

Mavzuga oid