Jamiyat | 16:48 / 06.03.2025
4970
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada o‘zbekistonlik qizlarni fohishalikka majburlagan ayol qo‘lga olindi

Qizlar bu ishga rozi bo‘lmagani uchun kaltaklangan va yopiq sharoitda saqlangan. Hozirda ayolga nisbatan jinoiy ish ochilib, ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Foto: Toshkent viloyati IIBB

Turkiyada 19 yoshli ikki nafar o‘zbekistonlik qizni intim xizmatlar ko‘rsatishga majburlagan ayol ushlandi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Olmaliq shahrida yashovchi ikki qizga Turkiyadagi Shahnoza ismli tanishi ularni ushbu davlatga yuborishi, o‘zi kutib olishi va yaxshi daromad topishlariga yordam berishini aytgan. Ayol ularni «yuz massaji» yo‘nalishida ish borligi bilan ishontirgan hamda Turkiyaga borish uchun aviachipta va boshqa moddiy xarajatlarni qoplab bergan.

19 yoshli ikki qiz 6 fevral kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali Turkiyaning Anqara shahriga, so‘ng Konya viloyatiga yetib borgan. Ularni kutib olgan uch nafar shaxs (Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari) shu zahotiyoq qizlarning pasportlarini olib qo‘ygan.

Shundan so‘ng ular intim xizmatlar ko‘rsatuvchi xonadonga olib borilib, qizlar erkaklarga intim xizmat ko‘rsatishga majburlangan. Qizlardan biri bunga rozi bo‘lmagani uchun kaltaklangan va unga ruhiy hamda jismoniy tazyiq o‘tkazilgan. Ularni yopiq sharoitda saqlab, takroriy qarshilik ko‘rsatishsa, o‘ldirish bilan tahdid qilishgan.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB tezkor xodimlari tomonidan 12 fevral kuni olingan ma’lumotga asosan Tashqi ishlar vazirligi hamda Turkiya huquq-tartibot organlari bilan tezkor tadbirlar olib borilgan. Natijada 2005 yilda tug‘ilgan ikki qiz O‘zbekistonga qaytarilgan. Ular zudlik bilan reabilitatsiya markaziga joylashtirilgan.

Shuningdek, qizlarni aldab chaqirtirgan va ularni shahvoniy ishlarga jalb qilgan shaxslar Turkiyada hibsga olingan. Xususan, 1987 yilda tug‘ilgan (Sh.J.) o‘zbekistonlik ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu shaxsni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Mavzuga oid