Sport | 00:18 / 14.04.2025
27995
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo Kubogi U-17. O‘zbekiston BAAni mag‘lub etib, yarimfinalga yo‘l oldi

Foto: UFA

Saudiya Arabistonida o‘tayotgan o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo Kubogi U-17 musobaqasida chorakfinal o‘yinlari davom ettirildi. Musobaqada qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasi yana bir ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Islom Ismoilov boshchiligidagi futbolchilar BAAga qarshi bahsda 3:1 hisobida g‘alabaga erishib, yarimfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Asilbek Aliyevning dubli va Sayfiddin Sodiqovning penaltidan kiritgan goli o‘zbekistonlik sportchilarga ishonchli g‘alabani taqdim etdi.

O‘yinning 14 va 36-daqiqalarda Aliyev raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qilgan bo‘lsa, birinchi bo‘lim oxirida Sodiqov penaltini aniq amalga oshirib, hisobni yirik ko‘rinishga olib keldi. 67-daqiqada BAA futbolchisi Buti jarima zarbasidan unumli foydalanib, jamoasining yagona golini kiritdi.

O‘zbekistonning yarimfinaldagi raqibi 17 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Indoneziya – KXDR o‘rtasidagi uchrashuv natijalariga ko‘ra aniqlanadi. 

Osiyo Kubogi U-17. 1/4 final
O‘zbekiston — BAA 3:1
Gollar:
 Asilbek Aliyev (14, 36), Sayfiddin Sodiqov (45+4, penalti) — Buti (67).

O‘zbekiston — Ne’matulloh Rustamjonov, Muhammad Hakimov, Mo‘minxon Bahodirxonov, Miraziz Abdukarimov, Sadriddin Hasanov (Azizbek Abdumo‘minov, 80), Muhammad Habibullayev, Sayfiddin Sodiqov (Abdulloh Fazliddinov, 55), Muhammadali Musoxonov, Abubakr Shukurullayev (Farid Abdullayev, 46), Azizbek Erimbetov (Jamshid Rustamov, 55), Asilbek Aliyev (Nurbek Sarsenbayev, 84).

Mavzuga oid