Sport | 00:22 / 10.04.2025
33573
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi Saudiya Arabistoni ustidan yirik g‘alabaga erishdi

Islom Ismoilov guruhning so‘nggi turida ham g‘alabaga erishib, pley-offga 1-o‘rin bilan chiqdi. Navbatdagi raqib BAA bo‘lishi mumkin.

Foto: O‘FA

Osiyo kubogi U-17. 3-tur.
Saudiya Arabistoni U17 – O‘zbekiston U17 – 0:3
Gollar:
Jamshidbek Rustamov 57 penaltidan, 70, Asilbek Aliyev 63.
Aniq ijro etilmagan penalti: Matari, 49
Saudiya Arabistoni: Vafi, al-Fihoniy, ad-Dovsari Matari (Abdulloh, 46), So‘fiyoni, Dahal (al-Volid, 64), ibn Hibah, al-Dagmah, Asiriy, Alfavaz (Tavashiy, 72), Abu Bakr Said.
O‘zbekiston: Shokirov, Bahodirxonov, Murodov, Muhammadov (Abdullayev, 46), Sarsenbayev (Aliyev, 46), Habibullayev, Fazliddinov, Saidmurodov, Musaxonov (Mahmudjonov, 72), Abdumo‘minov (Hasanov, 63), Rustamov.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston U-17 jamoasi o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi guruh bosqichi 3-turida Saudiya Arabistoni ustidan g‘alaba qozondi.

Birinchi bo‘limda hisob ochilmay qoldi. 48-daqiqada mezbon maqomidagi saudiyaliklar hisobni ochishi mumkin edi, ammo penaltidan tepilgan to‘p darvoza to‘siniga tegdi. Bir daqiqadan so‘ng Salim Abdulloh O‘zbekiston darvozasini ishg‘ol etdi, ammo ofsayd holati sababli gol bekor qilindi.

O‘zbekiston ham 57-daqiqada 11 metrdan zarba berish imkoniyatiga ega bo‘ldi va penalti ishlagan Jamshidbek Rustamov uni aniq amalga oshirdi — 1:0.

Oradan ko‘p o‘tmay hisobdagi ustunlik mustahkamlandi: Habibullayev jarima maydoni markaziga uzatgan to‘pni Asilbek Aliyev darvozaga joylab qo‘ydi.

70-daqiqada esa birinchi gol muallifi o‘yin masalasini uzil-kesil hal etdi – 3:0.

O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni avvalgi o‘yindayoq chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan va Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatiga yo‘llanma olgandi. Endilikda A guruhida O‘zbekiston 9 ochko bilan 1-o‘rinni egalladi. Mezbonlar ham 6 ochko bilan guruhdan chiqishdi.

O‘zbekiston o‘smirlar jamoasi 13 aprel kuni chorakfinalda V guruhida ikkinchi o‘rinni egallagan jamoaga qarshi maydonga tushadi. Raqib 10 aprel kungi Yaponiya – Avstraliya va Vetnam – BAA uchrashuvidan keyin ma’lum bo‘ladi. Ayni vaqtda bu guruhda Yaponiya birinchi, BAA ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

Ma’lumot uchun, o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi har ikki yilda bir marta o‘tkaziladi va 3–27 noyabr kunlari Qatarda bo‘lib o‘tadigan U-17 jahon chempionatiga saralash turniri hisoblanadi. Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar turnirning chorakfinaliga yo‘l oladi va mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Mavzuga oid