O‘zbekiston ayollar milliy jamoasi 23 yillik tanaffusdan so‘ng Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
Saralashda Nepal bilan barcha ko‘rsatkichlar teng bo‘lib qolgani sabab yo‘llanma egasi penaltilar seriyasida aniqlandi.

Foto: O‘FA
Osiyo kubogi saralashi. «F» guruhi, 3-tur
O‘zbekiston – Nepal 3:3 (pen. 4:2)
Gollar: Diyoraxon Habibullayeva, 3 (1:0), Lyudmila Karachik, 10 (2:0), Maftuna Shoyimova, pen. 39 (3:1) – Sabitra Bhandari, 24 (2:1), 71 (3:2), 73 (3:3).
O‘zbekiston: Jonimqulova, Qudratova, Qo‘chqorova, Oraniyozova, Turdiboyeva, Mamatkarimova (Dadaboyeva, 54), Zoirova, Shoyimova, Karachik, Habibullayeva, Ergashev.
Nepal: Magar, Gximire, Rana, Thokar, Rana, Magar, Nagarkote (Limbu, 90), Basnet (Poudel, 60), Hamal, Bhandari, Gxising (Anita, 60).
Chetlatish: Ergasheva, 45+4 (O‘zbekiston).
Osiyo kubogi saralash bosqichidan o‘rin olgan hal qiluvchi bahsda O‘zbekiston ayollar jamoasi Nepalga qarshi maydonga tushdi.
O‘zbekiston uchrashuvni yaxshi boshlab, 10-daqiqaga kelib ikkita gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. 24-daqiqada esa raqib javob to‘pini kiritdi. 39-daqiqada Maftuna Shoyimova penaltidan unumli foydalanib, hisobdagi farqni yana ikkitaga yetkazdi.
Ammo birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Ergasheva qizil kartochka olib, jamoadoshlarini qiyin ahvolga tushirib qo‘ydi.
Natijada nepalliklar ikkinchi bo‘lim davomida ikkita gol urib, hisobni tenglashtirdi.
O‘yinda durang natija saqlanib qoldi va saralash o‘yinlari yakunlariga ko‘ra, guruhda har ikki jamoaning to‘plagan ochkolari va to‘plar nisbati (20:3) bir xil bo‘lib qoldi.
Guruh bosqichining birinchi o‘yinida o‘zbekistonliklar Shri-Lankani 10:0 hisobida tor-mor etgan, keyin Laos ustidan ishonchli g‘alabaga erishgandi – 7:0. Nepal ham ushbu jamoalarni yirik hisoblarda mag‘lub etgan – 9:0 va 8:0. Natijada guruh peshqadamlari bosqichni ochkolar va to‘plar nisbati bo‘yicha bir xil ko‘rsatkichlar bilan yakunlashdi va yo‘llanma taqdiri penaltilar seriyasida aniqlanadigan bo‘ldi.
Seriyada O‘zbekiston vakillari barcha zarbalarni aniq bajardi, raqiblarning birinchi zarbasi ustunga tegdi, to‘rtinchisini darvozabon to‘sdi – 4:2.
Shu tariqa, O‘zbekiston ayollar jamoasi 2000 yildan buyon, 23 yillik tanaffusdan so‘ng Osiyo kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Turnir 2026 yilning 1-21 mart kunlarida Avstraliyada bo‘lib o‘tadi.
Saralashda jami 34 jamoa ishtirok etdi, final bosqichida 12 jamoa bosh sovrin uchun kurashadi. Turnir mezbonlari – Avstraliyadan tashqari, oldingi turnirdagi yuqori natijalari evaziga Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmaga ega bo‘lgan.
Saralash 2027 yilgi ayollar jahon chempionati va 2028 yilgi Olimpiada uchun ham Osiyodagi kvalifikatsiyaning birinchi bosqichi vazifasini o‘taydi.
Mavzuga oid

23:22 / 21.04.2025
Osiyo kubogi g‘oliblari tantanali kutib olindi - foto

15:51 / 21.04.2025
Prezident o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi g‘oliblarini unvon va medallar bilan taqdirladi

11:57 / 21.04.2025
Jahon chempionatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman - Shavkat Mirziyoyev Osiyo chempionlarini tabrikladi

00:22 / 10.04.2025