NYT: Mask departamenti AQSh budjeti xarajatlarini qisqartirishdagi o‘z muvaffaqiyatini oshirib ko‘rsatmoqda
Trampning saylovoldi kampaniyasi davomida Ilon Mask budjet xarajatlarini trillionlab dollarga qisqartirishni va’da qilgandi. Ammo endi u xarajatlarni 150 mlrd dollar kamaytirish haqida gapirmoqda.

Foto: The New York Times
Biznesmen Ilon Mask rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) AQSh budjeti xarajatlarini qisqartirish bo‘yicha olib borayotgan faoliyatidagi muvaffaqiyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatmoqda. Bu haqda The New York Times xabar berdi.
Saylovoldi kampaniyasi davomida Donald Trampni qo‘llab-quvvatlagan Ilon Mask AQShning 7 trillion dollarlik federal budjetini 2 trillion dollarga qisqartirishga va’da bergan edi. Tramp prezident sifatida saylanib, DOGE ish boshlagach, Mask o‘z maqsadini aynan ikki baravar kamaytirdi — joriy moliyaviy yil oxiri, ya’ni 30 sentabrgacha budjet xarajatlarini qisqartirishga erishishini va’da qildi.
Biroq 10 aprel kuni Vazirlar mahkamasi yig‘ilishida Mask yanada kamtarroq rejalari haqida gapirib, shu muddat ichida davlat xarajatlarini atigi 150 milliard dollarga kamaytirishni maqsad qilganini aytdi. NYT’ning qayd etishicha, bu raqam DOGE dastlab qo‘ygan trillion dollarlik maqsadidan 85 foizga kam.
Nashr jurnalistlari departament ma’lumotlari, jumladan, idora faoliyati haqida hisobot beriladigan onlayn reyestrni o‘rganib chiqib, hatto 150 milliard dollarlik iqtisod ham ortiqcha ko‘rsatilganini aniqladi. Hisobotlarda ko‘plab xato va noaniqliklar mavjudligi ma’lum qilindi.
«Hatto ushbu raqamlar ham haddan tashqari katta bo‘lishi mumkin. Bu Mask boshqaruvidagi departament o‘z yutuqlarini oshirib ko‘rsatayotgani, hisobotlarga milliardlab dollarlik xatoliklarni kiritayotgani, keyingi moliyaviy yilda yuz bermaydigan xarajatlarni hisobga olayotgani va umuman sodir bo‘lmasligi mumkin bo‘lgan xarajatlar haqida taxminlar qilayotgani bilan bog‘liq», — deb yozadi NYT.
Misol tariqasida nashr DOGE tomonidan hisobotda tilga olingan hech qachon imzolanmagan shartnoma haqida yozgan. Bu masalada hukumat faqat takliflarni yig‘ishni so‘ragan, ammo yetkazib beruvchi bo‘yicha ham, narx bo‘yicha ham yakuniy qaror qabul qilmagan. Shunga qaramay, Mask departamenti bu noaniqlikni inkor etib, bekor qilingan shartnomadan o‘z hisobiga 318 million dollar «tejab qolingan», deya qo‘shib qo‘ygan.
Avvalroq federal budjet xarajatlari Ilon Mask hamda u rahbarlik qilayotgan Hukumat samaradorligi departamenti faoliyatiga qaramay oshib borayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Mask va Tramp DOGE «byurokratiyani yo‘q qilishi»ni va’da qilgan. Ushbu departament Amerika hukumati faoliyatining samaradorligini oshirishi va bir yarim yildan keyin tugatilishi kerak.
Mavzuga oid

23:09 / 11.04.2025
Tramp davrida federal budjet xarajatlari 154 mlrd dollarga oshdi

18:10 / 11.04.2025
Ilon Maskda muammolar: uning biznesi zarar ko‘rmoqda, Tramp bilan esa ilk kelishmovchilik chiqqan

18:28 / 10.04.2025
OpenAI Ilon Maskning «doimiy bosimlari» sabab sudga da’vo kiritdi

18:22 / 10.04.2025