Bojlarni muzlatgan Tramp, urushdan sillasi qurigan Sudan – hafta dayjesti
Assalomu alaykum. Bugun 13 aprel, yakshanba. Bundan roppa-rosa 64 yil avval butun tamaddun uchun tarixiy voqea sodir bo‘lgandi. Qo‘shni Qozog‘istonning Qizilo‘rdasida joylashgan Boyqo‘ng‘ir kosmodromida «Vostok» raketa tashuvchisi «Vostok-1» kemasiga qo‘shilgan ko‘yi parvozga tayyorlanadi. Bir qarashda hammasi oddiy, AQSh va SSSR koinot poygasiga zo‘r bergan davr, kosmosga raketa uchirish oddiy hol. Lekin bu gal hammasi boshqacha edi: havo kemasi doimgidek bo‘sh emas, bu safar uning ichida Smolenskdagi kichik qishloqda tug‘ilgan, sovet armiyasining 27 yoshli harbiy uchuvchisi bor edi.
Parvozni butun dunyoda diqqat bilan kuzatishadi, axir o‘shangacha inson bolasi raketada kosmosga chiqmagandi-da. Operator «Vostok» kemasiga muvaffaqiyatli parvoz tilagach bunga javoban kosmonavt yigit o‘sha mashhur gapini aytadi: «Poexali!»
Inson yaralibdiki uchishni orzu qiladi. Turli xil samolyot-u vertolyotlar, raketa yasashdan maqsad ham shu aslida – uchish. 1961 yil 12 aprel kuni Yuriy Gagarin tuygan o‘sha hisning nomini parvoz zavqi deyishadi. Ha, u vaqtlar insoniyat ancha yaxshi narsalar ustida, ilm-fan, texnologiya, kosmos borasida poygalashardi. Chunki dunyo juda katta qirg‘inbarotni boshdan kechirgan, hamma qaysidir ma’noda urushdan xulosa chiqargandi.
Lekin oxirgi yillarda davlatlar insoniyatning asl vazifasi ezgulik ekanini yana unutib qo‘yishdi, dunyo qabih ishlarga, qonli urushlarga to‘ldi. Mana shunday notinch zamonimizda ham hech bo‘lmasa yilda bir marta dunyoda parvoz zavqi kabi ajoyib tuyg‘ular borligini eslatib turgani uchun Yuriy Gagarindan qancha minnatdor bo‘lsak arziydi. Rahmat senga, Yura!
Biz mana shu tarixiy sanada ortda qolgan haftada dunyoda nimalar bo‘lganini yodga olamiz. Iltimos, YouTube-kanalimizga joylangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu orqali videoni imkon qadar ko‘proq odamlar ko‘rishiga yordam bergan bo‘lasiz.
Uitkoff yana Moskvada
Hafta oxirida Donald Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff yana Moskvaga borib Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu Putin va milliarder Uitkoffning uchinchi uchrashuvi bo‘ldi. Hozircha Trampning do‘sti Uitkoff Trampning yana bir do‘sti Taker Karlsonga intervyu berib, avvalgi uchrashuvdan keyin bo‘lganidek Putinni maqtovchi hikoyalarni aytib berishga ulgurmadi.
Reuters chaqqonlik qilib Uitkoff uchrashuvdan keyin Trampga qo‘ng‘iroq qilib nimalar deganini aniqladi. Odatda ishonchli xabar tarqatadigan agentlikka ko‘ra, milliarder Uitkoff prezident Trampga qo‘ng‘iroq qilib, urushni tugatishning eng oson yo‘li Ukrainaning to‘rtta oblasti – Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjyani Rossiyaga qo‘shqo‘llab topshirish ekanini aytgan. Biroq Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Kiyev hech qachon bunga rozi bo‘lmasligini tushuntirgan.
Tramp bojlarni muzlatdi
Donald Tramp o‘tgan hafta butun dunyo davlatlariga import bojlari kiritib, savdo bozorlarini «aqldan ozdirgani» esingizda bo‘lsa kerak. Tramp tezda bu bojlarni muzlatish haqida buyruq berdi. Ya’ni kuchga kirganiga bir necha kun bo‘lgan bojlar 90 kunga bekor bo‘ldi. Biroq Xitoyga nisbatan bojlar nafaqat o‘z kuchida qoldi, balki oshirildi ham. Hozir Xitoydan AQShga kiradigan mahsulotlar uchun qo‘shimcha 134 foiz boj to‘lash kerak bo‘ladi. Eng qizig‘i, bu narx oshishi xitoyliklar emas, amerikaliklar cho‘ntagiga ta’sir qiladi, chunki sotuvchi bojning narxini mahsulotiga qo‘yib sotaveradi-da.
Microsoft yana eng boy
Bill Geytsni uzoq yillar dunyoning eng boy odami qilib kelgan Microsoft kompaniyasi Trampning bojlari ortida yana dunyodagi eng qimmat kompaniyaga aylandi. Tramp kiritgan bojlardan jiddiy zarar ko‘rgan Apple kapitalizatsiyasi qisqa vaqt ichiga 2,59 trillion dollargacha kamaydi. Microsoft esa 2,64 trillion dollar kapitalizatsiya bilan dunyoning eng boy korxonasiga aylandi. Mikrochiplar ishlab chiqaradigan Nvidia bu borada uchinchi o‘ringa tushdi.
Shu o‘rinda Apple nega buncha zarar ko‘rgani haqida ikki og‘iz. Kompaniya Amerikaga tegishli bo‘lsa-da, ishchi kuchi arzonligi sabab asosiy mahsulotlarini Hindiston va Xitoyda ishlab chiqaradi. Tramp barchaga boj joriy qilgach tabiiyki, Apple ham chetdan olib kiradigan mahsulotlari uchun boj to‘laydi. Bu esa korxona aksiyalari qadrsizlanishiga olib keldi. Boj joriy qilishdan avval Apple Hindistondan Amerikaga 5 samolyot iPhone olib kirgani ham muammodan qochishga yordam bermadi.
Qatllar rekord darajaga yetdi
8 aprel kuni Amnesty International qo‘rqinchli statistika e’lon qildi. Unda aytilishicha, 2024 yil davomida 15 ta davlatning o‘zida 1518 kishi rasman qatl etilgan. Bu oxirgi 10 yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkich. Tashkilot bu raqamlarga Xitoyda, Shimoliy Koreya va Vetnamda qatl etilgan odamlar kiritilmaganini qayd etgan. Hisobotda Xitoydagi qatllar soni minglab ekani aytilgan.
Xabarda aytilishicha, o‘tgan yil davomida Eronda 972 kishi, Iroqda 63 kishi, Saudiya Arabistonida 345 kishi qatl etilgan.
Ukrainada asir tushgan xitoyliklar
8 aprel kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donetsk oblastida Rossiya armiyasi safida jang qilayotgan ikki xitoylik asir olingani haqida xabar berdi. E’lon qilingan videoda xitoylik harbiy asir tushganini turli xil g‘alati imo-ishoralar bilan tushuntirishga harakat qilgan. Keyinroq ikki xitoylik tarjimon yordamida so‘roq qilingani aks etgan video paydo bo‘ldi. Ukraina razvedkasi Rossiya armiyasi safida kamida 155 nafar Xitoy fuqarosi borligini aniqlagan. Kiyev aslida xitoyliklar ancha ko‘p ekanini aytmoqda.
Xitoy tomoni holatga munosabat bildirib, o‘z fuqarolariga doim boshqa davlatdagi harbiy harakatlardan uzoqda bo‘lishni uqtirib kelishini ma’lum qildi. Xitoy Zelenskiy e’lon qilgan videodagi odamlar o‘z fuqarolari ekanini tasdiqlamagan, rad qilgani ham yo‘q.
AQSh tomoni holatga munosabat bildirib, Xitoy Rossiyani urushda qo‘llayotgan asosiy manba ekani, Moskva urushda ishlatayotgan 80 foiz ikki maqsadli tovarlar aynan Xitoydan kelishi haqida bayonot berdi.
Sudanda vaziyat og‘ir
Dunyo Trampning shoumenligini muhokama qilib yurgan vaqtda 50 milliondan ortiq odam yashaydigan Sudan davlatida odamlar dahshatli kunlarni boshdan kechirmoqda. 97 foiz aholisi musulmonlar bo‘lgan davlatda ikki yil fuqarolik urushi davom etdi. Mart oyi oxirida Sudan armiyasi isyonchilardan poytaxtni kuch bilan tortib olgach, amalda urush tugadi. Poytaxt xarobalarga to‘lgan, odamlar ochlikdan qiynalmoqda.
Ikki yil davomida isyonchilar va armiya hukumat talashib jang qilishdi. Oqibatda 150 ming tinch aholi halok bo‘ldi. BMT e’lon qilgan hisob-kitobga ko‘ra, Sudan aholisining yarmi humanitar yordamga, 40 foiz sudanliklar tez tibbiy yordamga muhtoj. Hozir 25 million sudanliklar ochlikdan azob chekmoqda. Urush vaqtida nochorlarga ovqat tarqatadigan tashkilot ishchilari ham o‘ldirilgan. BMT xalqaro hamjamiyatni Sudanga yordam berishga chaqirgan.
Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan kelasi yakshanbada ko‘rishguncha.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.
Mavzuga oid

15:08 / 06.04.2025
Dunyoga boj qo‘ygan Tramp, hibsga olinmagan Netanyahu – hafta dayjesti

13:45 / 23.03.2025
Tramp uchun duo qilgan Putin, Rossiya chegarasiga borgan ingliz shahzodasi – hafta dayjesti

14:43 / 16.03.2025
Dushmani o‘zgargan Rossiya, «mashina bozorga aylangan» Oq uy – hafta dayjesti

16:13 / 09.03.2025