O‘zbekiston | 23:17 / 24.02.2025
4327
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi quriladigan uylar markazlashtirilgan isitish tizimiga ulanadi va elektr plitalari bilan jihozlanadi

Joriy yilda 135 mingta kvartiralari uy-joylarni qurish rejalashtirilgan bo‘lib, ular markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulanadi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2025 yilda yangi binolarni markazlashtirilgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulash rejalashtirilmoqda. Bu haqda «Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni bilan tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»da belgilangan.

«Yo‘l xaritasi»ning 9-bandida uy-joy massivlarida energiya resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash haqida so‘z boradi. Unga ko‘ra, 2025 yilda quriladigan 135 mingta kvartirali uy-joylar markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimiga ulanadi. Xavfsizlik nuqtai nazaridan yangi uylardagi oshxonalar elektr pechkalar bilan jihozlanadi.

Shuningdek, 2025 yil 1 aprelga qadar aholi yashash punktlaridagi ichki yo‘llarni yoritish uchun elektr energiyasi sarfini ikki karra qisqartirish bo‘yicha Prezident Administratsiyasiga taqdimot qilinadi.

Shu bilan birga, har bir hududda liftlarni foydalanishga topshirish va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kamida ikkitadan guruh tashkil etish, sohani zarur mutaxassislar bilan ta’minlash uchun respublikaning har bir hududida kamida 20 nafardan fuqaroni liftlarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash bo‘yicha o‘qitish rejalashtirilmoqda (1 maygacha).

Bundan tashqari, «Yangi O‘zbekiston» va boshqa turar joy massivlarida ko‘p qavatli uylar qurish xarajatlarining kamida 2 foizi yaqin atrofdagi hududlarni obodonlashtirishga yo‘naltirilishi mumkin. Tegishli hujjat loyihasi 1 iyulga qadar Vazirlar mahkamasiga kiritilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgandi. O‘shanda ko‘p qavatli uylarda issiqlikni yaxshi saqlash uchun ularni izolyatsiyalash kengaytirilishi, xonadonlarda geliokollektor va quyosh paneli o‘rnatishga arzon kreditlar berilishi ma’lum qilingan edi. 

 

Mavzuga oid