Jahon | 23:10 / 25.07.2025
5687
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda mavjud bo‘lmagan davlatlar elchisi qo‘lga olindi

U o‘zini g‘ayrioddiy nomlar - «Seborga» va «Vestarktika» davlatlarining «elchisi» yoki «elchi maslahatchisi» sifatida tanishtirgan va odamlarni ishga yuborishini aytib, pullarini o‘zlashtirgan.

Hindiston huquq-tartibot idoralari o‘zini soxta davlatlar elchisi sifatida tanishtirib, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirishni va’da qilib, ularni aldagan 47 yoshli erkakni qo‘lga oldi, deb xabar berdi Deutsche Welle.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Xarshvardxan Jayn o‘z faoliyatini Nyu-Dehli chekkasidagi ijaraga olingan hashamatli uyda olib borgan. Tergovchilarning ma’lum qilishicha, u o‘zini g‘ayrioddiy nomlar - «Seborga» va «Vestarktika» davlatlarining «elchisi» yoki «elchi maslahatchisi» sifatida tanishtirgan. Aslida bunday davlatlar yo‘q, ular xaritada ham yo‘q va hech bir davlat tomonidan tan olinmagan. Jayn odamlarga «do‘stona mamlakatlarda» aloqalari borligini va chet elda yaxshi ish topishga yordam berishi mumkinligini aytgan.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, u ishonchli ko‘rinish uchun soxta hujjatlar, muhrlar, bayroqlar va hatto jahon yetakchilari bilan tushgan fotosuratlari joylangan soxta «elchixona» yaratgan. Uning uyi oldida soxta diplomatik raqamli qimmatbaho mashinalar turgan. Politsiya uydan soxta pasportlar, Hindiston Tashqi ishlar vazirligi va boshqa soxta davlatlar gerblari tushirilgan hujjatlarni topgan.

Bundan tashqari, tintuv chog‘ida Jayndan 4,5 million rupiyga yaqin naqd pul (taxminan 660 million so‘m) va xorijiy valuta musodara qilingan. Tergovchilarning fikricha, u xorijdagi soxta kompaniyalar orqali pul yuvgan bo‘lishi mumkin.

Ommaviy axborot vositalarining ta’kidlashicha, Jayn badavlat oilada tug‘ilgan, Hindiston va Londonda biznesni o‘rgangan. U politsiya e’tiboriga birinchi marta tushayotgani yo‘q: 2011 yilda u taqiqlangan sun’iy yo‘ldosh telefonidan foydalangani uchun hibsga olingandi.

Hozir unga hujjatlarni qalbakilashtirish, firibgarlik va mansabdor shaxs maqomini noqonuniy o‘zlashtirish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Politsiya tergovni davom ettirmoqda va uning harakatlaridan qancha odam jabr ko‘rgan bo‘lishi mumkinligini aniqlamoqda.

Mavzuga oid