O‘zbekiston | 20:45 / 23.07.2025
12949
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston talabalarga O‘zbekistondagi tibbiy oliygohda o‘qimaslikni tavsiya qildi

Gap Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali haqida ketmoqda. Oliygoh hindistonliklarning xavotirlarini «asossiz» deb atadi.

Foto: Getty images

Hindistonda talabalarga Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filialida ta’lim olmaslik qat’iy tavsiya qilindi. Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (HMC) abituriyentlarga shu haqda ogohlantirish berdi, deb yozdi The New Indian Express.

Bu muassasa Hindistonning tibbiy ta’lim standartlariga javob bermasligi ma’lum qilingan. Shuningdek, ro‘yxatda Belizning uchta universiteti ham bor.

Ushbu universitetlarda zarur akademik va klinik standartlar yo‘qligi, zarur infratuzilma yo‘qligi, talabalardan haddan ortiq to‘lov olinishi, o‘quv sharoiti va ta’lim sifati borasida yolg‘on ma’lumotlar berilgani aytilgan. Ta’kidlanishicha, ba’zi talabalar o‘qishni tark etmoqchi bo‘lganda, ularga bosim o‘tkazilgan.

Chet elda tibbiyot sohasi bo‘yicha o‘qiyotgan hindistonliklar Xorijiy tibbiyot bitiruvchisi lisenziati (FMGL) qoidalariga qat’iy rioya qilishi zarur. Bu qoidalar kurs davomiyligi, o‘quv dasturi, ta’lim tili, klinik tayyorgarlik va amaliyotni qamrab oladi. Ushbu shartlarni bajarmaslik Hindistonda tibbiyot bilan shug‘ullanishga ruxsat berilmaslikka sabab bo‘lishi mumkin.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali ushbu xabarga munosabat bildirib, oliygohda akademik va klinik standartlarga qat’iy rioya etilayotganini ma’lum qildi.

Qayd qilinishicha, hozir filialda 5 nafar hindistonlik, 1 nafar iordaniyalik, 8 nafar pokistonlik va 7 nafar misrlik talaba ta’lim olmoqda.

Ta’kidlanishicha, ta’lim jarayoni O‘zbekistondagi amaldagi tibbiy ta’lim standartlari hamda Jahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) talablariga mos keluvchi zamonaviy o‘quv dasturlari asosida tashkil etilgan.

Toshkent davlat tibbiyot universiteti Chirchiq filiali Hindiston Milliy tibbiy komissiyasi (NMC) tomonidan bildirilgan xavotirlarni asossiz ekanini ta’kidlagan.

«Biz Hindiston bilan ta’lim sohasidagi do‘stona va samarali hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdormiz va istalgan tekshiruv hamda muloqot uchun ochiqmiz», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid