Jahon | 16:30 / 18.05.2025
8990
8 daqiqa o‘qiladi

Tramp Putin bilan gaplashmoqchi. U «„qonli hammom“ni to‘xtatish»ni muhokama qilishi haqida yozdi

Suhbat 19 may kuniga reja qilingan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp 19 may, dushanba kuni Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilishini, so‘ngra Volodimir Zelenskiy va NATO bo‘yicha ittifoqchilari bilan qo‘ng‘iroqlashishini ma’lum qildi. Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi uch yillikdagi birinchi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralaridan oldin ham Oq uy rahbari Moskva va Kiyev o‘rtasidagi tinchlikka faqat bu masalani Putin bilan bevosita muhokama qilsagina erishish mumkinligini aytgan edi.

Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida uning Putin bilan suhbati dushanba kuni soat 10:00 da bo‘lishi aytilgan. Oq uy rahbari qaysi poytaxt vaqtini nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmagan, lekin, katta ehtimol bilan, Vashington vaqtini nazarda tutgan. Vashington vaqti bilan soat 10:00 da Moskvada kechki soat besh bo‘ladi.

«Men telefon orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan gaplashaman. Muzokara mavzusi haftasiga o‘rtacha 5 mingdan ortiq rossiyalik va ukrainalik askar o‘layotgan „qon hammomi“ni to‘xtatish va savdo bo‘ladi», – deya yozgan Tramp.

Putin bilan suhbatdan so‘ng Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va «NATOning turli a’zolari» bilan gaplashmoqchi.

«Umid qilamanki, bu samarali kun bo‘ladi va boshlanmasligi kerak bo‘lgan bu juda shafqatsiz urush tugaydi. Xudo barchamizni asrasin», – deyilgan Trampning postida.

Payshanba kuni, Ukraina va Rossiya delegatsiyalarining Istanbuldagi uchrashuvidan oldin ham Tramp Ukrainadagi tinchlik istiqbollari haqida shunday degandi: «Putin bilan uchrashmagunimizcha hech narsa bo‘lmaydi».

Shu bilan birga, shanba kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Sergey Lavrov AQSh Davlat departamenti rahbari Marko Rubio bilan telefon orqali muloqot qilgani va Istanbulda yaqinda bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralari natijalarini muhokama qilganini ma’lum qildi.

Rossiya TIV saytida e’lon qilingan xabarda aytilishicha, «Lavrov Kiyev oxir-oqibat Rossiya prezidenti V.V.Putinning Istanbul muzokaralarini qayta boshlash to‘g‘risidagi taklifini qabul qilishiga yordam bergan AQShning ijobiy rolini qayd etdi».

Rossiya tashqi siyosat idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rubio «harbiy asirlarni almashish va tomonlarning har biri sulh tuzish uchun zarur bo‘lgan shartlarni tayyorlash bo‘yicha kelishuvlarni olqishladi, Vashington kelishuvni izlashga yordam berishga tayyorligini ta’kidladi».

Istanbuldagi muzokaralar: Moskvaning qabul qilib bo‘lmas shartlari va amalga oshmagan sulh

Istanbuldagi uchrashuvning yagona aniq natijasi «mingga ming» formulasi bo‘yicha asirlarni almashish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi.

Istanbuldagi muzokaralar Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida 2022 yil bahoridan buyon ilk kontakt bo‘ldi

Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Ukraina uchun nomaqbul bo‘lgan bir nechta shartlarni ilgari surdi, jumladan, Ukrainaning beshta oblasti Rossiya tomonidan anneksiya qilinishini tan olishni.

Shanba kuni Bloomberg agentligi Moskva Kiyevdan quyidagilarni talab qilgani haqida xabar berdi:

  • Ukrainaning neytral maqomi. Uning hududida chet el qo‘shinlari yoki ommaviy qirg‘in qurollari bo‘lmasligi kerak;
  • Rossiyadan harbiy tovon talab qilishdan voz kechish;
  • Anneksiya qilingan Qrim, shuningdek, Moskva qisman bosib olgan hududlar xalqaro miqyosda Rossiyaga tegishli deb tan olinishi kerak;
  • Ukraina bu hududlardan qo‘shinlarini olib chiqishi kerak bo‘ladi.

Bloomberg ta’kidlaganidek, bu talablarning barchasi AQSh shartlariga zid keladi.

Ular Ukraina va uning Yevropadagi ittifoqchilari uchun ham mutlaqo nomaqbuldir.

Bundan tashqari, bir necha yevropalik mulozimlar anonimlik sharti bilan nashrga Donald Trampning Rossiyaga nisbatan doimiy ravishda o‘zini tortishidan «hafsalasi pir bo‘lgani va taajjubga tushishgani»ni aytishgan.

Ular AQSh prezidentidan qat’iy choralar kutishmoqda va shu haftadagi voqealar Trampga Moskva muzokaralarga jiddiy yondashmayotganini ko‘rsatishiga umid qilishmoqda.

Shu bilan birga, shanba kuni AQSh Davlat departamenti Rubio Lavrov bilan suhbatlashganini tasdiqladi, biroq suhbat mazmuni haqida Moskvadan biroz boshqacha ma’lumot berdi.

AQSh Davlat departamenti saytida e’lon qilingan xabarda aytilishicha, Rubio asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvni olqishlagan va «prezident Trampning kuchli signalini yetkazgan: AQSh Rossiya-Ukraina urushining uzoq davom etishiga barham berish masalasida sobit».

«Oldinga borishning eng yaxshi yo‘li AQSh taklif qilgan keng ko‘lamli tinchlik rejasida tasvirlangan. Davlat kotibi prezident Trampning zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va zo‘ravonlikni tugatishga chaqirganini ta’kidladi», – deyiladi AQSh Davlat departamenti xabarida.

Rubio: Tramp va Putin uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Ukraina to‘laqonli tinchlik muzokaralari uchun Moskva 30 kunlik sulhga rozi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi, Rossiya bu talabni rad etdi.

Payshanba kuni Volodimir Zelenskiy Turkiyaga yetib keldi va u yerda Vladimir Putinni kutdi, biroq Rossiya prezidenti muzokaralarga nisbatan past darajadagi amaldorlar delegatsiyasini yubordi, Ukraina rahbari delegatsiyani «haqiqiy emas» deb atadi.

Zelenskiy faqat Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyor edi, biroq Oq uy rahbari Donald Tramp Rossiya prezidentining taklifini qabul qilishni talab etgach, Ukraina delegatsiyasini rossiyaliklar bilan uchrashuvga yuborishga rozi bo‘ldi.

Shanba kuni Rubio ham Amerika ma’muriyati Tramp va Putin uchrashuvini tashkil etish ustida ishlashda davom etayotganini aytdi.

«Oxir-oqibat, bu boshi berk ko‘chadan chiqishga yordam beradigan narsa – prezident Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri suhbatdir», – dedi Rubio CBS Face The Nation teleko‘rsatuvi efirida.

Rubiodan bunday uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilyaptimi, deb so‘rashdi.

«Biz, albatta, bunday taklifni ilgari surdik, prezident buni allaqachon ommaga e’lon qilgan. Bunday uchrashuvning texnik tafsilotlari biroz mehnat talab qiladi. Aytishim mumkinki, hozir bularning barchasi rejalashtirilmoqda – joy va sanani tanlash nuqtayi nazaridan. Ammo prezident uni iloji boricha tezroq o‘tkazishni istaydi. O‘ylaymanki, Rossiya tomoni ham bunga xohish bildirgan. Endi hamma gap hammani bir joyga to‘plash, qayerda va qachon bo‘lishini hal qilishda», – deb javob berdi AQSh Davlat departamenti rahbari. 

Ukraina rasmiylari va ularning Yevropadagi ittifoqchilari AQShning hozirgi rasmiylari «Ukraina haqida hech narsa Ukrainasiz bo‘lmaydi» tamoyilidan voz kechishidan xavotirda, unga ko‘ra urushni to‘xtatish masalasi Ukraina delegatsiyasi ishtirokisiz muhokama qilinishi mumkin emas.

Mavzuga oid