Jahon | 21:38 / 14.07.2025
706
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy va Kellog Ukraina uchun qurol xarid qilish masalasini muhokama qildi

AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog Kiyevga keldi. U Ukraina prezidenti bilan mamlakat mudofaasini kuchaytirishga oid masalalarni muhokama qildi.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bugun, 14 iyul kuni Kiyevga tashrif buyurgan AQSh prezidentining maxsus vakili Kit Kellog bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Ukraina mudofaasini kuchaytirish, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qildi.

«Tinchlikka erishish yo‘li va bu yo‘lda birgalikda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan masalalarni muhokama qildik. Bu — Ukraina havo hujumidan mudofaasini, qo‘shma ishlab chiqarishni kuchaytirish va Yevropa bilan birgalikda mudofaa qurollarini xarid qilishdir», - deb yozadi Zelenskiy muzokaralardan so‘ng Telegram-kanalida.

Kit Kellog 14 iyul kuni Kiyevga keldi. Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Amerika yetakchisining maxsus vakili bilan mudofaa va xavfsizlikni mustahkamlash, qurol yetkazib berish, sanksiyalar, shuningdek, Ukraina va AQSh o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kit Kellogning Kiyevga bir haftalik tashrifiga izoh berib, buni AQSh vositachiligining muhim davomi deb atadi.

Mavzuga oid