Jahon | 21:32 / 14.07.2025
1539
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga Ukraina bosh vaziri lavozimini taklif qildi

Amaldagi bosh vazir Denis Shmigal mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishi mumkin. O‘z navbatida harbiy idorani boshqarayotgan Rustem Umerov Ukrainaning AQShdagi yangi elchisiga aylanishi kutilyapti.

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bosh vazir o‘rinbosari va iqtisodiyot vaziri lavozimida faoliyat yuritayotgan Yuliya Sviridenkoga mamlakat Vazirlar Mahkamasini boshqarishni taklif qildi.

«Men Yuliya Sviridenkoga Ukraina hukumatini boshqarish va uning faoliyatini sezilarli darajada yangilashni taklif qildim. Tez orada yangi hukumatning harakat rejasi taqdim etilishini kutyapman», - deb yozadi Zelenskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda «Ukrainada ijro hokimiyati tizimining transformatsiyasi» boshlanmoqda, shu bois hukumatda o‘zgarishlar amalga oshiriladi.

Ukraina prezidentining ma’lum qilishicha, iqtisodiyot vaziri mamlakatning Yevropa va Amerikadagi sheriklari bilan kelishuvlar bajarilishiga oid hisobotni taqdim etgan. Zelenskiy Yuliya Sviridenko bilan Ukrainaning iqtisodiy potensialini mustahkamlaydigan, ukrainaliklarni qo‘llab-quvvatlovchi dasturlarni kengaytiradigan va mamlakatda qurol ishlab chiqarish ko‘lamini oshiradigan tadbirlarni muhokama qilgan.

So‘nggi kunlarda Ukraina OAVda mamlakat hukumatida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida xabarlar tarqalmoqda. Yuliya Sviridenko hukumat rahbarligi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilyapti. Konstitutsiyaga muvofiq, Ukraina bosh vazirini Oliy Rada prezident tavsiyasiga ko‘ra amalga oshiradi.

«Suspilne» manbasining ta’kidlashicha, amaldagi bosh vazir Denis Shmigal Ukraina mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanishi mumkin. O‘z navbatida harbiy idorani boshqarayotgan Rustem Umerov Ukrainaning AQShdagi yangi elchisiga aylanadi.

Mavzuga oid