Jahon | 17:47
3373
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Xersondagi ko‘prikka zarba berdi. Sochida esa ukrain dronlari hujumidan keyin neft baza yonib ketdi

Ukrainaning Mikolayiv shahri va Xersondagi ko‘prik Rossiya zarbalari ostida qoldi.

Foto: Videodan kadr

3 avgustga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Mikolayiv shahriga raketa hujumi uyushtirdi, deb xabar berdi oblast ma’muriyati rahbari Vitaliy Kim va Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati. Qutqaruvchilarning ta’kidlashicha, zarbalar shaharning turar joy binolaridan iborat mikrorayoniga kelib tushgan.

23 ta xususiy uy, 12 ta ko‘p qavatli uy, avtomobillar, pochta bo‘limi, qurilish materiallari do‘koniga zarar yetgan. Uchta xususiy uy vayron bo‘lgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yetti kishi jabrlangan, ulardan to‘rt nafariga voqea joyida yordam ko‘rsatilgan.

Rossiya armiyasi Xersondagi Korabel mikrorayoniga olib boruvchi ko‘prikka zarba berishda davom etdi.

Korabel mikrorayoni Karantin orolida joylashgan bo‘lib, u shahar bilan ikkita ko‘prik – temiryo‘l va avtomobil ko‘prigi orqali bog‘langan. Orolda Xerson kemasozlik zavodi ham joylashgan.

Bir kun avval Xerson rasmiylari Rossiya qo‘shinlari shaharga ikkita boshqariladigan aviabomba tashlaganini ma’lum qilgandi. Natijada ko‘prik shikastlangan – yo‘lda katta teshik hosil bo‘lgan. Keyingi kuni oblast ma’muriyati rahbari Oleksandr Prokudin Rossiya qo‘shinlari Xersonga yana havodan hujum qilganini ma’lum qildi. Ko‘prikka berilgan zarbalar haqida rossiyalik harbiy muxbirlar ham yozmoqda.

2 avgust kuni kechqurun yo‘llangan zarbadan so‘ng, rasmiylar Korabel rayoni aholisini evakuatsiya qilishga chaqirdi, chunki ko‘prikning shikastlanishi tufayli «logistika qiyinlashgan» va u yerga oziq-ovqat olib o‘tish qiyin bo‘ladi. Bundan tashqari, zarba natijasida gaz quvuri shikastlangan, shu sababli mikrorayon aholisi gazsiz qolgan.

«Bizda logistika bilan bog‘liq ba’zi muammolar bor, bu oziq-ovqat, dori-darmonlar, shoshilinch tibbiy yordam va umuman boshqa barcha xizmatlarni yetkazib berish bilan bog‘liq. Aynan shuning uchun biz [odamlar] Korabel mikrorayonidan evakuatsiya masalasini ko‘rib chiqishlarini talab qilamiz», – dedi Xerson shahar ma’muriyati rahbari Yaroslav Shanko.

Keyinroq Prokudin Korabel mikrorayonida 1800 ga yaqin odam, jumladan, 31 nafar bola qolayotganini ma’lum qildi.

Adler neft bazasiga hujum

3 avgustga o‘tar kechasi Ukraina dronlari hujumidan so‘ng Sochining Adler rayonidagi neft bazasida yirik yong‘in yuzaga keldi. Krasnodar o‘lkasi tezkor shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda dron parchalari qulashi oqibatida 2000 kub metr neft mahsulotlari bo‘lgan rezervuar yonib ketgan, shundan so‘ng olov boshqa rezervuarga o‘tgan. Bir necha soatdan so‘ng rezervuarlardan biridagi yong‘in o‘chirildi, ikkinchi yong‘in o‘chog‘i qurshab olindi.

Astra telegram-kanali aniqlik kiritishicha, yong‘in «Rosneft-Kubannefteprodukt» neft bazasida sodir bo‘lgan.

Mavzuga oid