Jahon | 21:01 / 14.07.2025
1924
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Rossiyaga Ukraina bilan kelishuvga erishish uchun 50 kun muhlat bermoqchi

Oq uy rahbari aks holda «juda katta tariflar» joriy etish bilan tahdid qildi.

Foto: AP

AQSh prezidenti Donald Tramp agar 50 kun ichida Ukraina bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, «juda katta tariflar» joriy etish niyatida ekanini aytdi.

Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan bo‘lgan uchrashuvda Tramp «Rossiyadan juda norozi» ekanini ta’kidladi.

Donald Tramp agar Ukraina bo‘yicha 50 kun ichida kelishuvga erishilmasa, AQSh Rossiya va uning savdo hamkorlariga 100 foiz miqdorida ikkilamchi sanksiyalar joriy etishini ta’kidladi. 50 kunlik muhlat 1 sentabr kuni tugaydi.

Shuningdek, Tramp Yevropa davlatlari Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun to‘lovni NATO orqali amalga oshirishini aytdi.

«Bugun biz shartnoma tuzdik, unga ko‘ra qurol yetkazib beramiz va ular (Yevropa) pulini to‘laydi. AQSh (Ukrainadan) hech qanday pul olmaydi. Biz qurol sotib olmaymiz, lekin uni ishlab chiqaramiz va ular buning uchun pul to‘laydi», dedi AQSh prezidenti va NATO Amerika qurollarini yetkazib berishni muvofiqlashtirishini qo‘shimcha qildi.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte AQSh yetakchisi bayonotini «Ukraina uchun ajoyib yangilik» deb atadi.

«Agar men Vladimir Putinning o‘rnida bo‘lganimda va yaqin 50 kun ichida nima rejalashtirilayotganini eshitganimda, Ukraina bilan muzokaralar stoliga o‘tirish kerakligi haqida o‘ylagan bo‘lardim», dedi Ryutte.

Avvalroq, AQSh senatori Lindsi Grem prezident Donald Tramp Rossiyaga va unga Ukrainadagi urushda yordam berayotgan davlatlarga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalarni tayyorlayotganini aytgan edi.

Mavzuga oid