Jahon | 20:19 / 14.07.2025
972
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya sudi yozuvchi Boris Akuninni sirtdan 14 yillik qamoqqa hukm qildi

Besseller asarlari, keskin siyosiy bayonotlari va Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimini tanqid qilishi bilan mashhur yozuvchiga sud hukmi sirtdan o‘qildi.

Foto: TASS

Moskva harbiy sudi rossiyalik yozuvchi Boris Akuninni terrorizm va boshqa jinoyatlarda ayblab, sirtdan 14 yilga rejimi kuchaytirilgan koloniyaga hukm qildi, deb yozdi «TASS».

Sud hukmiga qo‘shimcha ravishda yozuvchiga 4 yil davomida internet resurslarini boshqarish taqiqlandi va 400 ming rubl miqdorida jarimaga tortildi. Akunin «terrorchilar va ekstremistlar» reyestriga kiritilgan va «chet el agenti» sifatida tan olingan.

Dastlab prokuratura yozuvchiga 18 yil qamoq jazosini talab qilgan edi. Ayblov xulosasida terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish, terrorizmni ma’qullash, «chet el agenti» to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya qilmaslik kabi bandlar mavjud.

Terrorizmni ma’qullaganlik ayblovi 2024 yil 18 fevraldagi postiga asoslangan, unda yozuvchi shunday degan:

«Men uzoq vaqtdan beri evolyutsioner bo‘lganman, lekin hozir men inqilob tarafdoriman, chunki diktaturadan qutulishning boshqa yo‘li yo‘q. Saylovda tanlov bo‘lmagan va bo‘lmaydi ham, rejim o‘ziga qarshilarni o‘ldiradi yoki qamoqda chiritadi. Ha, inqilob - bu portlash. Lekin tarixda shunday vayronalar bo‘lgan-ki, ularni portlashdan boshqa hech narsa tozalay olmaydi».

Boris Akunin (haqiqiy ismi Grigoriy Shalvovich Chxartishvili) rossiyalik yozuvchi, adabiyotshunos, tarjimon va jamoat arbobi, 1956 yilda Gurjistonda tug‘ilgan. «Azazel», «Turetskiy gambit», «Leviafan», «Statskiy sovetnik» kabi besseller asarlari bilan tanilgan.

Shuningdek, Akunin keskin siyosiy bayonotlari va Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejimini tanqid qilishi bilan mashhur. 2014 yildan beri Londonda istiqomat qiladi.

Mavzuga oid