Sport | 11:30 / 26.01.2025
36206
29 daqiqa o‘qiladi

Mbappeda ilk het-trik, Husanovda omadsiz debyut. Kun o‘yinlari

«Real» qatorasiga to‘rtinchi yirik g‘alabaga erishdi, «Arsenal» yana hakamlardan jabrlandi, «Liverpul» ustunligini mustahkamlamoqda. Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Siti» «Chelsi»ni quvib o‘tdi, «Nottinghem»da dahshatli tush

«Manchester Siti» – «Chelsi» 3:1
Gollar:
0:1 – 3 Madueke, 1:1 – 42 Gvardiol, 2:1 – 68 Holand, 3:1 – 87 Foden.
«Manchester Siti» – Ederson, Gvardiol, Akanji, Abduqodir Husanov (Stounz, 54), Mateush Nunesh, Gundo‘g‘an, Kovachich, Bernardu Silva, Foden, Marmush (de Bryuyne, 74), Holand.
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya, Koluill, Chaloba, Jyeyms (Gyusto, 73), Fernandes, Kaysedo, Sancho (Netu, 73), Palmer, Madueke, Jyekson (Nkunku, 61).
Ogohlantirishlar: Husanov (4), Koluill (25), Kaysedo (58), Bernardu Silva (79), Kovachich (83).

Chorshanba kuni «PSJ» «Siti» ustidan irodali g‘alabaga erishgandi, endi esa Gvardiola jamoasi «Chelsi» bilan o‘yinda iroda ko‘rsatishi talab etildi. Amaldagi chempionlar tarkibida ikki debyutant debyut qildi — Husanov va Marmush. Ruben Diash jarohatlangani va Stounzning formasi yaxshi emasligi tufayli o‘zbekistonlik himoyachi jamoaga kelganidan bir necha kun o‘tiboq muhim o‘yinda maydonga tashlandi.

O‘yin Husanovning qo‘pol xatosi bilan boshlandi. O‘zbekistonlik himoyachi to‘pni bosh bilan darvozabonga yetkazib berishni xohlagandi, ammo to‘g‘ri zarba bera olmadi. Natijada to‘pga ega chiqqan Jyekson uni bo‘sh darvoza qarshisiga chiqib borgan Maduekega yetkazib berdi va hisob ochildi.

Hayajonini bosib ololmagan Husanov navbatdagi vaziyatda ham xatoga yo‘l qo‘ydi. Ikki daqiqa o‘tib jarima maydoni yaqinida Palmerga qarshi podkati uchun sariq kartochka oldi. To‘qqizinchi daqiqada esa Husanov tufayli ikkinchi gol urilishi ham mumkin edi — himoyachi ofsayd chizig‘ini ushlay olmadi va Palmer darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishiga yo‘l qo‘ydi. Lekin «Chelsi» yetakchisi zarba berish o‘rniga pas uzatdi, hujum tezligi yo‘qoldi, Sanchoning yakuniy zarbasini esa Husanov to‘sib o‘z aybini yuvdi.

Shundan keyin jamoadoshlari uni qo‘llab-quvvatlash uchun orqaga qaytib harakatlana boshladi, bu borada ayniqsa Bernardu, Gundo‘g‘an, Kovachich va Fodenni e’tirof etish mumkin. Muxlislar esa shunchaki darvozabonga pas uzatganida ham uni olqishlab, dalda berishdi.

Birinchi bo‘limning qolgan vaqtida «Chelsi»ning hujumdagi ishlari yurishmadi. Kolvill 25-daqiqadayoq vaqtni cho‘zgani uchun ogohlantirildi, «Siti» esa bosim uyushtirib, yaxshi vaziyatlar yaratdi. Mehmonlar himoya chizig‘ini ancha oldinga joylashtirgani tufayli himoyachilar ortiga uzatmalar yetkazib berila boshlandi. Marmush 35 daqiqa ichida uch marta ofsaydga tushib qolgani ham londonliklar himoyada qanchalik ko‘p bo‘sh zonalar qoldirganini ko‘rsatadi. Gvardiol ikki bor qulay vaziyatdan foydalana olmadi (jumladan, yakkama-yakka vaziyatdan ham). Uchinchi imkoniyatidan esa foydalandi.

Birinchi bo‘lim oxirida Madueke ofsayd chizig‘ini ushlay olmadi. Natijada Nunes amalda darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga ega bo‘ldi — «Chelsi» darvozaboni uning zarbasini qaytardi, ammo qaytgan to‘pga Gvardiola yetib keldi.

Gvardiola Husanovni jazolamaslik uchun uni tanaffusdayoq almashtirib yubormadi va unga yana biroz o‘ynashga imkon berdi, u o‘ziga taqdim etilgan vaqtda o‘z uslubida Jyeksonni zararsizlantirib, to‘pni olib qo‘ydi, ammo murabbiy ikkinchi sariq kartochka xavfi tufayli 54-daqiqada uning o‘rniga Stounzni tushirdi.

Mareska ham bunga javoban almashtirish amalga oshirdi — Jyekson o‘rniga dekabr o‘rtalaridan buyon gol urmagan Nkunkuni tushirdi. Umuman olganda, «Siti» maydonda kuchliroq ko‘rindi — Marmushda debyutini gol bilan nishonlash uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, ammo g‘alaba goli «Siti»ning boshqa bir futbolchisi tomonidan urildi.

Holand 68-daqiqadagi epizodda to‘p bilan ajoyib muomila qildi, ammo bu o‘rinda asosiy e’tibor darvozabonlarga bo‘ldi. Ederson bir uzatma bilan mehmonlarning butun pressingini yo‘qqa chiqardi. Sanches to‘pga chiqish uchun oldinga yurdi, keyin esa orqaga chekindi va arosatda qolib ketdi va zarbaga qarshi hech narsa qila olmadi.

O‘yinning asosiy vaqti tugayotganida esa «Siti» amalda o‘yin taqdirini hal qildi. Bu safar ham mezbonlar «Chelsi» himoyachilari oldinroqda joylashganidan foydalandi. Holand to‘pni tashlab berdi, Foden yakkama-yakka vaziyatda aniq zarba berdi — 3:1. Shu tariqa, «Siti» kuchli to‘rtlikka qaytdi, «Chelsi» esa tur yakunlariga ko‘ra oltinchi pog‘onaga pastladi.

O‘yindan keyingi intervyusida Pepdan Husanov haqida so‘rashdi. Bosh murabbiy u kuchli raqiblarga qarshi bahs oldidan bor yo‘g‘i bitta mashg‘ulot o‘tkazgani eslatib, «har qanday o‘yinchi xatoga yo‘l qo‘yishi mumkinligi, bunday vaziyatlar unga yaxshi saboq bo‘lishi, u hali yosh va albatta o‘rganishi»ni aytib o‘tdi.

«Liverpul» – «Ipsvich» 4:1
Gollar:
1:0 – 11 Soboslai, 2:0 – 35 Saloh, 3:0 – 44 Gakpo, 4:0 – 66 Gakpo, 4:1 – 90 Grivz.
«Liverpul» – Alisson, Roberson, van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold, Mak Allister (Denns, 80), Gravenberh (Endo, 68), Soboslai (Elliot, 68), Gakpo (Nunes, 68), Saloh, Dias (Kiyeza, 86).
«Ipsvich» – Uolton, Devis (Taunsend, 46), Grivz, O`Shi, Tuanzebe, Fillips, Morsi, Filodjin-Baydeys (Broudhed, 79), Hatchinson (Ensiso, 79), Berns (Jonson, 29), Delap (Hyorst, 79).

O‘tgan turda Xosep Gvardiola yirik g‘alabadan (6:0) keyin ham «Ipsvich»ni maqtab, «traktorchilar» klubi bu mavsumda «Chelsi»ni yengani va «MYu» bilan durang o‘ynaganini eslatgandi. Chindan ham shunday natijalar bo‘lgandi, ammo futbolda aynan hozir qanday formada bo‘lish muhim. «Ipsvich» esa «Manchester Siti» ortidan «Enfild»da ham yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi, mehmonlar Soboslai 11-daqiqadayoq jarima maydoni tashqarisidan to‘pni darvoza ustuni yoniga yo‘llashiga qarshilik ko‘rsata olishmadi. Bo‘lim oxirida esa Gakponing sa’y-harakatlari bilan hisob yirik ko‘rinishga keltirildi.

Tanaffusdan keyin yana bir bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan hujumchi — o‘yinning asosiy qahramoniga aylandi. U dubl va bir golli uzatma muallifi bo‘ldi. Ammo barcha doimgidek Saloh haqida gapirmoqda, u Gakponing olis ustunga uzatmasidan keyin to‘pni o‘tkir burchakdan turib to‘rga aniq yo‘lladi. Misrlik hujumchi gollari sonini 176 taga yetkazib, Tiyerri Anrini ortda qoldirgan holda APL tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxatida yettinchi o‘ringa ko‘tarildi. Uning keyingi mo‘ljali — 184 golga ega Serxio Agueroni quvib o‘tish. Salohning hozirgi formasidan kelib chiqilsa, u argentinalik sobiq futbolchini shu mavsumning o‘zida ortda qoldirishi kerak, «Liverpul» esa mavsum chempionligi uchun navbatdagi qadamni tashladi. Ikkinchi o‘rin bilan farq — olti ochkoligicha qoldi, qolaversa, mersisaydliklarda «Everton»ga qarshi kechadigan zaxira o‘yini ham bor.

«Vulverhempton» – «Arsenal» 0:1
Gol:
0:1 – 74 Kalafiori.
«Vulverhempton» – Joze Sa, Agbadu, Bueno, Doerti (Gedesh, 87), Mateus Kunya, Sarabiya (Bellgard, 75), Ait-Nuri (Gomesh, 87), Gomes, Andre (Doyl, 87), Semedu, Larsen (Xvan Xi Chxan, 32).
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli, Timber, Rays, Parti, Nvaneri (Kalafiori, 46), Trossard, Haverts, Martinelli (Tirni, 87).
Chetlatishlar: Da Silva 70 – Maylz 43

Mikel Arteta boshlang‘ich tarkib tanlash bilan APLda chorak asrdan buyon kuzatilmagan ishga qo‘l urdi. Aniq qilib aytganda — 18 yoshgacha bo‘lgan ikki ingliz futbolchisini ilk daqiqalardan maydonga tushirdi. Ammo 17 yoshli Nvaneridan farqli o‘laroq, 18 yoshli Lyuis-Skelli bu safar ishonchni oqlay olmadi va birinchi bo‘lim oxirida qizil kartochka olib, jamoasini qiyin ahvolga solib qo‘ydi. 43-daqiqada «Arsenal» burchak zarbasini ijro etdi, to‘p jarima maydoni ichidan qaytib chiqqanida Trossar uni egallay olmadi va raqib qarshi hujumga chiqib keta boshladi, Lyuis-Skelli esa taktif fol bilan Doertini to‘xtatdi, o‘yin bosh hakami Maykl Oliver yosh futbolchiga darhol qizil kartochka ko‘rsatdi.

Bu holatni so‘nggi umid foli deb hisoblab bo‘lmasdi, orqaroqda londonliklar futbolchisi bor edi va qoidaga ko‘ra bunday vaziyat uchun sariq kartochka ko‘rsatiladi. Vaziyatga VAR aralashmadi, keyinroq videohakamlar arbitrning qarori to‘g‘ri bo‘lgani, futbolchi raqibiga butsasining ostki qismi bilan zarba bergani uchun qizil ko‘rsatganini ma’lum qildi. Holbuki kadrlarda zarba bunday berilmaganini ko‘rish mumkin.

«Arsenal» uchun bu joriy mavsumdagi to‘rtinchi qizil kartochka bo‘ldi – bu APLning joriy mavsumi uchun rekord natija. Maykl Oliver esa faoliyati davomida «kanonirlar» futbolchilariga sakkizinchi bor qizil kartochka ko‘rsatgan, bu uning shaxsiy rekordi. «Arsenal» futbolchilariga bu mavsumdagi to‘rt qizil kartochkadan ikkitasini Oliver, yana ikkitasini shu kuni VAR’da ishlagan Kris Kavana ko‘rsatgan.

Londonliklar bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, tashabbusga egalik qilishda davom etdi, ikkinchi bo‘limda «Vulverhempton» darvozaboni Joze Sa Haversning yaqin masofadan bosh bilan yo‘llagan zarbasini oyoqlarida qaytarib qoldi. 70-daqiqada esa Joao Gomes Timberning oyog‘iga butsasining ostki qismi bilan zarba berdi va ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi. Jamoalar son jihatdan tenglashganidan to‘rt daqiqa o‘tib Kalafiori g‘alaba golini urdi. Keyingi turda «kanonirlar»ni «Manchester Siti»ga qarshi jang kutmoqda.

«Bornmut» – «Nottinghem Forest» 5:0
Gollar:
1:0 – 9 Klyuyvert, 2:0 – 55 Uattara, 3:0 – 61 Uattara, 4:0 – 87 Uattara, 5:0 – 90+1 Semenyo.
«Bornmut» – Arrisabalaga, Kerkez, Heysen, Zabarniy, Kuk, Adams, Kristi, Semenyo, Klyuyvert (Jyebbison, 88), Bruks (Taverne, 80), Uattara (Silkott-Dyuberri, 90+2).
«Nottinghem Forest» – Zels, Uilyams (Moreno, 67), Murillo, Milenkovich, Ayna (Sosa, 79), Anderson, Yyeyts (Dominges, 46), Elanga, Gibbs-Uayt (Avoniyi, 79), Silva (Morato, 66), Vud.

«Nottinghem» APLning joriy mavsumidagi o‘yinlarida birinchi bo‘lib hisobni ochishga odatlangan (18 marta) va bu o‘yinlarda yutqazmagan. Ammo kuchli o‘yin ko‘rsatayotgan «Bornmut» maydonida «o‘rmonchilar» ssenariysi ish bermadi va Klyuyvert navbatdagi muvaffaqiyatli zarbasi bilan «giloslar» jamoasini oldinga boshladi. Lekin bu hali boshlanishi edi, oxirgi sakkiz tur mobaynida mag‘lubiyat nimaligini bilmagan (+7=1) Nunu Eshpiritu Santu shogirdlari ikkinchi bo‘limda parokanda bo‘lib ketdi, Uattara mehmonlar himoyachilari uchun dahshatli tushga aylanib, het-trik amalga oshirdi. Ketma-ket ikki o‘yinda turnir jadvalining yuqori o‘rinlaridagi jamoalarni yirik hisobda taslim etgan Endi Iraola shogirdlari o‘zi uchun rekord darajadagi 11 o‘yindan iboratsiz mag‘lubiyatsiz seriya bilan maqtanishi mumkin. Turnir jadvalida yettinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan jamoa keyingi turda «Liverpul»ni qabul qiladi.

«Sauthempton» – «Nyukasl» 1:3 
Gollar:
1:0 – 10 Bednarek, 1:1 – 26, penalti Isak, 1:2 – 30 Isak, 1:3 – 51 Tonali.
«Sauthempton» – Makkarti, Harvud-Bellis, Bednarek, Bri (Freyzer, 88), Fernandesh, Menning (Sugavara, 60), Aribo (Lallana, 89), Ugochukvu (Smollboun, 79), Uoker-Piters, Armstrong (Archer, 60), Onuachu.
«Nyukasl» – Dubravka, Holl, Bern, Sher, Livramento, Joelinton, Tonali, Bruno Gimaraes (Mayli, 79), Gordon (Almiron, 88), Merfi (Longstaff, 90+2), Isak (Uillok, 80).

O‘tgan turda «Nyukasl» «Bornmut»ga yirik hisobda yutqazib (1:4), sakkiz uchrashuvdan iborat g‘alabali seriyasini to‘xtatgandi. Autsayderga qarshi navbatdagi o‘yin ham «qarg‘alar» uchun kutilmagan tezkor gol o‘tkazish bilan boshlandi. Ammo Eddi Hau jamoasi birinchi bo‘limning o‘zidayoq vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirdi, o‘tgan o‘yinda sakkiz o‘yinlik golli seriyasini davom ettira olmagan Isak avvaliga penaltidan hisobni tenglashtirdi, ikkinchisini o‘yindan urdi. Endi Isakning APLdagi gollari soni 48 taga yetdi va u APLdagi eng sermahsul shvetsiyalik bo‘lgan «Arsenal» afsonasi Freddi Yungbergga yetib oldi. «Nyukasl» esa top-4 uchun kurashda «Chelsi» va «Siti» bilan raqobatlashishda davom etmoqda.

Ispaniya: «Atletiko» sekinlashdi

«Atletiko» – «Vilyarreal» 1:1
Gollar:
0:1 – 29, penalti Jyerar Moreno, 1:1 – 58 Lino.
«Atletiko» – Oblak, Reynildu (Lino, 46), Le Norman, Vitsel, Molina, Gallaxer (De Paul, 46), Koke (Liorente, 71), Barrios, Simeone (Aspilikueta, 46), Alvares, Korrea (Grizmann, 59).
«Vilyarreal» – Junior, Kardona, Kosta, Kambvala, Femeniya, Aleks Baena (Kabanes, 90+1), Guyye, Komesanya, Pino (Denis Suares, 68), Barri (Pepe, 68), Jyerar Moreno (Ayose Peres, 68).

Yaqindagina «Atletiko» barcha turnirlar doirasidagi 15 o‘yinlik seriyasi bilan maqtanishi mumkin edi, shundan keyin raqobatchilarning natijalari fonida Diyego Simeone jamoasini sovrin uchun asosiy da’vogar sifatida ko‘ra boshlashgandi. Ammo YeChLda «Bayyer» ustidan qozonilgan yorqin g‘alaba la ligada besh ochko yo‘qotilishi bilan birga kechdi. O‘tgan uik-endda «matraschilar» sensatsion ravishda «Leganes»ga yutqazgandi (0:1), endi esa «Vilyarreal» bilan durangga rozi bo‘ldi.

«Sariq submarinalar» safida Jyerar Moreno penaltini aniq ijro etib, hisobni ochdi, u «Atletiko» darvozasiga qatorasiga uchinchi mavsum safar o‘yinida gol urmoqda. XXI asrda bunday seriyani faqat Ronaldo, Messi, Iguain va Eto'O uddalay olgandi. Ikkinchi bo‘limda Alvaresning tovonda yo‘llagan zarbasi qaytarilganida to‘pga birinchi bo‘lib Samuel Lino yetib keldi va hisobni tenglashtirdi. Bu durang evaziga madridliklar hisobda ortda borgan o‘yinlarida vaziyatni o‘zgartirish orqali qo‘lga kiritgan ochkolar soni 16 taga yetdi. Bunday raqamlar bilan faxrlanish mumkin, ammo yo‘qotilgan ikki ochko «Real» uchun navbatdagi sovg‘a bo‘ldi.

«Valyadolid» – «Rea«» 0:3
Gollar:
0:1 – 30 Mbappe, 0:2 – 57 Mbappe, 0:3 – 90+1, penalti Mbappe.
«Valyadolid» – Xeyn, Lukas Roza, Torres, Sanches, Peres, Amalla, Martin, Anuar, Silla (Chuki, 86), Sanches (Kike Peres, 62), Markos Andre (Latasa, 79).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Tchuameni, Asensio (Alaba, 68), Valverde (Aguado, 90+2), Sebalyos (Modrich, 68), Rodrigo (Guler, 73), Bellinghem, Braim Dias, Mbappe (Endrik, 90+2).
Chetlatish: Martin (90).

«Qirollik klubi» qizib olishi uchun odatdagidek biroz vaqt kerak bo‘ldi. Keyin esa madridliklar turli yo‘nalishlarda hujumlar uyushtira boshladi, bu hujumlardan birida Mbappe Bellinghem bilan «devor» uslubida o‘ynab hisobni ochdi. «Real» futbolchilari ikkinchi golli kombinatsiyada ham saviyadagi farqni yaqqol namoyish etishdi. Bu hujum maydon markazida to‘pni olib qo‘yish bilan boshlandi, himoyachilar ortida qolgan bo‘shliqda madridlik yulduzlar erkin harakatlanishdi va Rodrigoning uzatmasiga yetib borgan Mbappe yana bir bor o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi.

O‘yin oxirida esa fransiyalik hujumchi nihoyat madridliklar safidagi ilk het-trigini nishonladi — bu vaziyatda VAR arbitrga Bellinghem jarima maydoni ichida yiqitilgani haqida xabar berdi va nuqtaga yaqinlashgan Kilian aniq zarba berdi va «Real» safidagi 31 o‘yinda 22 ta gol urib ulgurdi. U hozircha golli seriyasini besh o‘yinga yetkazdi.

Qatorasiga to‘rtinchi bor yirik hisobda g‘alaba qozongan «Real» «Atletiko» bilan oradagi farqni to‘rt ochkoga yetkazdi, qolaversa la liga rekordini o‘rnatish uchun harakatni davom ettirmoqda. Qaymoqranglilarning safar o‘yinlaridagi golli seriyasi 31 o‘yinga yetdi, bundan yaxshiroq natijani «Real»ning o‘zi 2016-2017 yillar mavsumida 35 o‘yin bilan qayd etgandi.

Italiya: irodali g‘alabalar kuni

«Komo» – «Atalanta» 1:2
Gollar:
1:0 – 30 Pas, 1:1 – 56 Retegi, 1:2 – 70 Retegi.
«Komo» – Byute, Alberto Moreno (Fellipe Jyek, 26), Kempf (Belotti, 74), Dossena, Engelhardt, Perrone (Kakre, 68), Da Kunya, Pas, Fadera, Diao, Strefetssa (Kutrone, 68).
«Atalanta» – Karnezekki, Kolashinats, Jimshiti, Skalvini (Rudjyeri, 55), Samarjich, Dzappakosta (Bellanova, 46), Ederson, de Ron (de Ketelare, 46), Kuadrado (Breshianini, 56), Lukman (Toloi, 78), Retegi.

«Atalanta» hafta o‘rtasida Chempionlar ligasida «Shturm» darvozasiga beshta javobsiz gol urgandi, ammo A seriyada Jan Piyero Gasperini jamoasi qiynalmoqda. Komoga bergamoliklar besh uchrashuvdan iborat g‘alabasiz seriya bilan (=3-2) tashrif buyurdi va birinchi bo‘lim o‘rtalarida Pasning golidan keyin hisobda ortda qola boshladi. Ammo «Atalanta» ikkinchi bo‘limda Breshianini va Retegi bog‘lami evaziga vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirdi. Ularning birinchisi hujumdagi sherigiga ikki bor assistentlik qildi, kelib chiqishiga ko‘ra argentinalik bo‘lgan futbolchi mavsumdagi gollari sonini 16 taga yetkazdi.

«Napoli» – «Yuventus» 2:1
Gollar:
0:1 – 43 Kolo-Muani, 1:1 – 57 Zambo-Angissa, 2:1 – 69, penalti Lukaku.
«Napoli» – Meret, Spinatssola, Jyezus, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka (Gilmor, 89), Zambo-Angissa, Neres (Ngonj, 90+2), Lukaku (Simeone, 89), Politano (Matssokki, 82).
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambyazo (Savona, 65), Kalulu, Gatti, Makkenni, Tyuram, Lokatelli (Duglas Luis, 74), Gonsales (Fransishku Konseysau, 74), Kopmeyners, Yildiz (Mbangula, 65), Kolo-Muani (Vlahovich, 82).

Chempionat peshqadami mavsum boshidan buyon 21 turda ham yutqazmagan (13 ta durang) jamoani qabul qildi. Neapoldagi o‘yin turning markaziy o‘yini maqomiga mos kechdi. «Yuventus» shu kuni yorqin debyut o‘tkazgan Kolo Muanining golidan keyin hisobda oldinga chiqib oldi (u «PSJ» safida 1 sentabrdan buyon gol urmagandi). Ammo fransuz hujumchisining muvaffaqiyati ham, Di Gregorioning seyvlari ham Tiagu Motta jamoasini ilk mag‘lubiyatdan qutqarib qololmadi.

«Napoli» qatorasiga ikkinchi turda chempionlik xarakterini namoyish etmoqda. O‘tgan dam olish kunlarida Antonio Konte shogirdlari «Atalanta»ga qarshi o‘yinda ham hisobda ortda borishgan, ammo yakunda uch ochkoga ega chiqishgandi (3:2). Bu safar ssenariy qisman takrorlandi. Zambo-Angissa Politanoning uzatmasi bilan hisobni tenglashtirdi, u bu mavsumda uchinchi marta bosh bilan gol urdi, Lukaku esa Lokatellining Maktominayga ishlatgan qo‘polligi uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi. Belgiyalik uchun bu top-5 ligalardagi 200-gol bo‘ldi, bu g‘alaba evaziga «Napoli» «Inter» zaxiradagi o‘yinlarida g‘alaba qozongan taqdirda ham birinchi o‘rinda qoladi.

Germaniya: «Bavariya»da «plyus 6»

«Frayburg» – «Bavariya» 1:2
Gollar:
0:1 – 15 Keyn, 0:2 – 54 Kim Min Je, 1:2 – 68 Ginter.
«Frayburg» – Atubolu, Makengo (Gregorich, 85), Linxart, Rozenfelder (Ginter, 46), Kyubler, Hefler, Eggeshtayn (Manzambi, 77), Rel, Dinkchi (Grifo, 77), Doan, Xeler (Adamu, 75).
«Bavariya» – Noyyer, Gerreyru (Palinya, 83), Kim Min Je, Dayyer, Kimmih, Goretska (Stanishich, 41), Pavlovich, Gnabri (Koman, 63), Musiala (Myuller, 83), Sane (Olise, 63), Keyn.

«Frayburg» maydonida mehmonlar kuchli bosim o‘tkazishdi. Musialaning zarbasi ustunga tegdi, lekin to‘pni qabul qilib olish chog‘ida ajoyib harakat qilgan Keyn noyabr oyi oxiridan buyon ilk bor o‘yindan gol urdi. So‘nggi vaqtlarda Harri faqat 11 metrlik zarbalari bilan o‘z gollar hisobini to‘ldirib borayotgandi, ammo bu seriyani vatandoshi Dayyer yordamida to‘xtatdi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Kimmihning burchakdan oshirib bergan to‘pini Kim Min Je darvozaga yo‘lladi. Mezbon futbolchilar koreyalik futbolchi bu vaziyatda darvozabonga fol ishlatganiga hakamni ishontira olishmadi, Ginterning birgina javob goli esa jamoaga ochko keltirmadi.

«Leypsig» – «Bayyer» 2:2
Gollar:
0:1 – 18 Shik, 0:2 – 36 Aleish Garsiya, 1:2 – 41 Raum, 2:2 – 84, avtogol Tapsoba.
«Leypsig» – Gulachi, Raum, Orban, Bitshiabu, Klostermann (Baumgartner, 67), Simons, Kampl (Zayvald, 51), Vermeren (Aydara, 51), Nusa (Baku, 67), Sheshko, Openda (Poulsen, 74).
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie, Tapsoba, Ta, Mukiyele, Djaka, Andrix (Palasios, 46), Aleish Garsiya, Virts, Artur (Frimpong, 66), Shik (Tella, 66).

«Bayyer» Leypsigdagi o‘yinni kuchli boshlagan va birinchi bo‘limning o‘zida ikki gol ustunligiga erishgan bo‘lsa-da, yakunda «Bavariya» olti ochkoga o‘zib ketishiga yo‘l qo‘yib berdi. Dastlabki gol Virsning yurishi yakunida to‘p ustunga tegishi va Shikning oyog‘iga kelib tushishi bilan urildi. Keyin esa leverkuzenliklar pressing bilan to‘pni olib qo‘yishdi — Virs esa to‘pni qulay vaziyatdagi Aleysh Garsiyaga yetkazib berdi.

Mezbonlarni himoyachi Raum o‘yinga qaytardi. Bu vaziyatda jarima zarba ijro etilganidan keyin «jonli devor»ga tekkan to‘p rikoshet bo‘lib darvozaga bordi va Gradetski hech narsa qila olmadi. «Leypsig»ning ikkinchi goli ham mehmonlar darvozaboni uchun alamli tarzda urildi. Simonsning jarima maydoniga uzatmasi unchalik xavfli chiqmagandi, ammo Tapsoba to‘pni bosh bilan o‘z darvozasi «to‘qqizligi»ga yo‘naltirib yubordi.

«Borussiya» D – «Verder» 2:2
Gollar:
1:0 – 28 Girassi, 2:0 – 51, avtogol Fridl, 2:1 – 64 Bitenkur, 2:2 – 72 Duksh.
«Borussiya» D – Kobel, Bensebayni, Shlotterbek, Jan, Ryuerson, Nmecha (Zabitser, 12), Gross, Brandt (Anton, 77), Gittens (Bayyer, 61), Girassi, Adeyyemi (Dyuranvil, 61).
«Verder» – Tsetterer, Yung, Fridl, Velkovich, Ken (Kabore, 60), Shmid, Linen (Bitenkur, 60), Stage, Vayzer, Duksh (Berk, 87), Gryull (Ndjinma, 60).
Chetlatish: Shlotterbek (21).

«Mayns» – «Shtutgart» 2:0
Gollar:
1:0 – 29 Vayper, 2:0 – 86 Kasi.
«Mayns» – Tsentner, Bell, da Koshta (Xanche-Olsen, 65), Kor (Lyaytsh, 74), Li Je Son, Nebel, Mvene, Amiri, Sano, Kasi (Vidmer, 88), Vayper (Zib, 74).
«Shtutgart» – Nyubel, Mittelshtedt (Xendriks, 62), Al-Daxil, Ruo (Shabo, 86), Vagnoman, Shtiller, Karazor (Rider, 72), Fyurix (Leveling, 62), Bruun Larsen (Demirovich, 72), Voltemade, Undav.

Nuri Shahin ishdan ketganidan keyingi ilk o‘yinda «Borussiya»ni daniyalik Mark Tullberg boshqardi, dortmundliklarning U-19 jamoasida ishlaydigan ushbu mutaxassis «Verder» bilan o‘yindan keyin o‘zining doimiy ish joyiga qaytishi kerak. Jamoa yangi bosh murabbiyi bo‘lish uchun Lui van Gal, Erik ten Hag, Roger Shmidt va Niko Kovach nomlari tilga olinmoqda. Lekin ikki niderlandiyalik mutaxassisga ishonch bildirilishi qiyin, Kovach bilan bog‘liq vaziyatda esa klubning taklifi xorvatiyalik mutaxassisni qoniqtirmaydi, bu taklifga ko‘ra, shartnoma faqat mavsum oxirigacha tuziladi, yozda esa uzoq muddatli kelishuv muhokama qilinishi mumkin.

Shanba kuni «asalarilar» birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq Shlotterbek chetlashtirilgani tufayli ozchilikda o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Ammo bir kishi kam holatida ular hisobda oldinga chiqib olishdi, Girassi Brandt tashlab bergan to‘pni darvozaga yo‘naltirib yubora oldi. Hisobni ochgan forvard ikkinchi bo‘limda mehmonlar o‘z darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishiga sababchi bo‘ldi, ammo son jihatdan ozchilik baribir bilindi va «Borussiya» qolgan vaqt davomida ikki gol ustunligini boy berdi va turnir jadvalida «Verder»ni quvib o‘tib, yevrokuboklar hududiga yaqinlasha olmadi.

Bu hududda esa shu kuni to‘rtinchi o‘rindagi «Shtutgart»ni mag‘lub etgan «Mayns» mustahkam joylashib olgan. Shvablar yilni qatorasiga to‘rt g‘alaba bilan boshlagandi, ammo endi faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga «Leypsig»ni ortda qoldirmoqda, «Mayns» bilan oradagi farq esa — atigi bir ochko.

Kun statistikasi

«Manchester Siti» yarimhimoyachisi Foden faoliyatida 1-marta APLning qatorasiga to‘rt o‘yinida gol urdi.

«Benfika» 2010/11 yillar mavsumidan buyon 19 turda 4 bor yutqazdi.

«Manchester Siti» darvozaboni Ederson golli uzatmalari sonini 5 taga yetkazdi. Braziliyalik posbon endi Pol Robinson bilan birgalikda APL rekordini bo‘lishib turibdi.

Xorxe Sampaoli «Renn» bosh murabbiyligidagi dastlabki sakkiz o‘yinidan 6 tasida yutqazdi. Qizil-qoralar uchun bu 1987 yildan buyon yangi murabbiy boshchiligidagi eng yomon startdir.

«Galatasaroy» darvozaboni Musler Turkiya chempionatida 429 o‘yin o‘tkazib, klub rekordini o‘rnatdi.

«Everton» bosh murabbiyi Devid Moyyes APLda 700-o‘yinini o‘tkazdi. Bungacha bunday dovondan faqat Arsen Venger (828) va Aleks Fergyuson (810) qayd etgan.

Mavzuga oid