Jahon | 18:52 / 21.09.2023
35452
6 daqiqa o‘qiladi

Aliyev rossiyalik harbiylar o‘limi uchun Putindan uzr so‘radi. Putin qanday javob qaytargani - noma’lum

Qurbonlar orasida Shimoliy flot suvosti kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari ham bor.

Foto: RF mudofaa vazirligi / EPA / Scanpix / LETA

Tog‘li Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kuchlari harbiylari halok bo‘ldi. Bu haqda 20 sentabr kuni RF mudofaa vazirligi xabar berdi. Harbiylar «Jayantog‘ qishlog‘i hududidagi Rossiya tinchlikparvar kontingenti kuzatuv postidan qaytayotganida» o‘qqa tutilgan. Vazirlik bayonotida aytilishicha, rossiyalik harbiylar bo‘lgan avtomobil o‘qotar quroldan o‘qqa tutilgan. Mudofaa vazirligi qancha odam halok bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. RT bosh muharriri Margarita Simonyan keyinroq manbaga tayangan holda qurbonlar soni besh nafar ekani haqida yozdi.

Halok bo‘lganlardan biri — tinchlikparvar kontingent qo‘mondoni o‘rinbosari Ivan Kovgan bo‘lgan, deb xabar berdi 21 sentabr kuni «SeverPost» nashri va Sankt-Peterburg suvosti kemalari va dengiz floti faxriylari klubi xabar bergan. 1-rangdagi kapitan Kovgan Shimoliy flot suvosti kuchlari qo‘mondonining harbiy-siyosiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ham hisoblangan. Uni bir necha oy muqaddam Qorabog‘ga komandirovkaga yuborishgandi. U 53 yoshga to‘lishiga ikki kun qolganida halok bo‘lgan. Yekaterinburgning Ura.ru nashri xabar berishicha, qurbonlardan yana biri Markaziy harbiy okrgu polkovnigi Tagir-Murod Karayev bo‘lgan. «U yangi smenadagilar bilan postdagi odamlarni almashtirish uchun yo‘l olgandi. Ularning mashinasi o‘qqa tutilgan. Barchani o‘ldirishgan», — deya tasdiqlagan nashr manbasi.

Ozarboyjon tinchlikparvar kuchlar harbiylari o‘limi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Ozarboyjon mudofaa vazirligi hodisa munosabati bilan «chuqur hamdardlik bildirgan». 21 sentabr kuni Kreml prezident Ilhom Aliyev Vladimir Putin bilan muloqotda uzr so‘ragani haqida xabar berdi. Kreml sayti xabariga ko‘ra, Aliyev qurbonlarning oilalariga moddiy yordam ko‘rsatishga ham tayyorligini bildirgan. Xabarda qayd etilishicha, ikki mamlakat Bosh prokuraturasi «yaqin aloqada» bo‘lib turibdi. Ozarboyjon prezidentlar muloqoti haqida rasman xabar bermagan. Kreml saytida Putin Aliyevning uzriga qanday munosabatda bo‘lgani ham ko‘rsatilmagan.

Rossiyalik harbiylar o‘limida gumon qilingan dastlabki shaxslar allaqachon qo‘lga olindi, deb xabar bergan Rossiyaning TASS, RIA Novosti va «Interfaks» agentliklari «Rossiya kuch ishlatar idoralaridagi manbalar»ga tayangan holda. Bu agentliklarning yangiliklar lentalarida tegishli xabarlar bir vaqtda va bir xil iqtiboslar bilan paydo bo‘lgan. Agentlik suhbatdoshlariga ko‘ra, Ozarboyjon qurolli kuchlarining tinchlikparvar kuchlar harbiylari o‘limida aybdor bo‘lgan harbiylari mansub bo‘lgan korpusi qo‘mondoni lavozimdan chetlatilgan. 

RF TIV rasmiysi Mariya Zaxarova halok bo‘lgan harbiylar «doimgidek, mintaqada tinchlik o‘rnatilishi uchun zarbani o‘ziga qabul qilgani»ni ta’kidlagan. «Ularning faoliyatini shubha ostiga qo‘yishga uringan vijdonsizlarning qora nonko‘rligi ularning jasoratiga soya sola olmaydi, lekin tuhmatchilar abadiy sharmanda bo‘lib qoladi», — deya yozgan u telegram kanalida. Shu bilan birga, Zaxarova tinchlikparvar kuchlar halokati munosabati bilan yozgan postining katta qismini Armaniston rahbariyatini tanqid qilishga bag‘ishlab, amalda bosh vazir Nikol Pashinyanni YeI bosimi ostida Tog‘li Qorabog‘ manfaatlariga xiyonat qilishda ayblagan. U Ozarboyjonning Rossiya tinchlikparvar kuchlar harbiylari halokatidagi roli haqida hech narsa demagan.

Bu ushbu mintaqada ozarboyjonlik harbiylarning harakatlari tufayli rossiyalik tinchlikparvar kuchlar halok bo‘lishi bilan bog‘liq ilk holat emas. 2020 yil noyabrida, Qorabog‘dagi oldingi keskinlik vaqtida avtokolonnani kuzatib kelayotgan Mi-24 vertolyoti urib tushirilgandi — bu Armanistonning xalqaro tan olingan hududida ro‘y bergandi. Natijada ikki harbiy xizmatchi halok bo‘lib, yana biri yaralangandi. Rasmiy Boku hodisa uchun javobgarlikni zimmasiga olgan, uzr so‘ragan va tovon to‘lashni va’da qilgandi; mamlakat huquq-tartibot organlari ishga sovuqqonlik bilan qaraganlik yuzasidan ish ochgan (ishning keyingi rivoji bo‘yicha rasmiy xabar berilmagan). RF prezidenti Vladimir Putin halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Jasorat ordenlari bilan mukofotlagandi.

Ozarboyjon Qorabog‘ni 19 sentabr kuni kunduzi o‘qqa tuta boshlagandi. Bokudagilar buni «lokal xarakterdagi aksilterror tadbirlar» deb atagan. Bir kun o‘tib Ozarboyjon va tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishildi; unga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbariyati o‘z harbiy bo‘linmalarini tarqatib yuborishni va’da qilgan. TQR tomoniga ko‘ra, otishmalar oqibatida 200 dan ortiq kishi halok bo‘lgan; rasmiy Boku o‘zining bir necha harbiy xizmatchisi o‘limi haqida xabar bergan. Kreml rasmiysi Dmitriy Peskov harbiy harakatlarni Ozarboyjonning ichki ishi deb atagan.

Mavzuga oid