O‘zbekiston | 09:06 / 24.06.2023
5245
3 daqiqa o‘qiladi

Asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlari tashkil etiladi

"Davlat-xususiy sheriklik asosida muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Respublika bo‘yicha xalqaro moliya tashkilotlari va tadbirkorlik sub’yektlari mablag‘lari hisobidan tadbirkorlik sub’yektlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish orqali 2022 yilda 74 ta umumiy quvvati 84,4 ming tonna bo‘lgan asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlari qurib foydalanishga topshirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2023 – 2026 yillarda respublika hududlarida bo‘sh yer uchastkalari va samarasiz foydalanilayotgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun talablari asosida xususiy sektorga berish orqali muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlarini tashkil qilish choralarini ko‘rish taklifiga rozilik beriladi. Bunda:

  • birinchi bosqichda, bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini xususiy sektor mablag‘lari hisobiga ta’mirlash va rekonstruksiya qilish orqali omborxona va muzlatgich  ko‘rinishida qayta ixtisoslashtirish;
  • ikkinchi bosqichda, mahalliy hokimliklarning zaxirasida bo‘lgan bo‘sh turgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiy sherikka ijaraga berish orqali davlat-xususiy sheriklik asosida muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlarini tashkil qilish loyihalari amalga oshiriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari:

  • joriy yil 1 oktyabrga qadar hududlarda muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlarni tashkil qilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun loyiha institutlarini elektron tender (tanlov) savdolari platformalariga e’lon joylashtirmasdan, xalq deputatlari kengashining eng maqbul takliflari asosida tanlab oladi va to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar rasmiylashtiradi;
  • joriy yil 1 dekabrga qadar jalb qilingan loyiha institutlari ko‘magida hududlardagi muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqib, davlat ekspertizasidan o‘tkazilishini ta’minlaydi. Bunda, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va davlat ekspertizasidan o‘tkazish xarajatlari hududlar mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;
  • 2024 yil 1 fevralga qadar hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlarning namunaviy shaklini tasdiqlaydi;
  • 2024 yil 31 martdan namunaviy shakl asosida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan muzlatgich va asosiy turdagi mahsulotlarni saqlash omborlarni davlat-xususiy sheriklik asosida bosqichma-bosqich tashkil qilish ishlarini boshlaydi.

Mavzuga oid