Jahon | 22:35 / 12.09.2021
8146
2 daqiqa o‘qiladi

ShHT va KXShTga a'zo davlatlar rahbarlari Afg‘onistondagi vaziyatni ilk bor muhokama qiladi 

Shanhay hamkorlik tashkiloti va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari Dushanbeda ilk bor Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qilishadi. Bu haqda Tojikiston tashqi ishlar vazirligida ma'lum qilindi.

Foto: AFP / MARK RALSTON

“2021 yil 17 sentyabrda Dushanbeda Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon raisligida ShHT va KXShTga a'zo davlatlar rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv davomida yetakchilar Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha atroflicha fikr almashishadi”, deb aytilgan xabarda.  

Ayni vaqtda ShHT tarkibiga O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Pokiston, Tojikiston, Xitoy va Hindiston kiradi. Unda Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi davlatlar, yana 6ta davlat – Ozarboyjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka hamkorlar maqomiga ega.

2021 yilda ShHTga Tojikiston raislik qilmoqda.        

1992 yilda Toshkentda Kollektiv xavfsizlik haqidagi shartnoma imzolangan, 2002 yilda esa KXShTni tashkil etish haqida qaror qabul qilingan. Ayni vaqtda tashkilotga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston a'zo hisoblanadi. Hozirda KXShTda ham Tojikiston raislik qilmoqda.

Mavzuga oid