Jahon | 16:37 / 29.07.2025
8772
7 daqiqa o‘qiladi

Tramp endi Putin bilan suhbatlashishdan manfaatdor emasligini aytdi

Donald Tramp Ukrainada sulh tuzish bo‘yicha ultimatum muddatini 50 kun o‘rniga 10-12 kunga qisqartirayotganini aytdi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u «prezident Vladimir Putindan juda hafsalasi pir bo‘lgan».

Foto: EPA

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilishdan ortiq manfaatdor emasligini ma’lum qildi.

«Suhbatlashish endi menga unchalik qiziqarli emas. Bizda shunday yoqimli, ehtiromli va yaxshi suhbatlar kechardi. Keyingi tunda esa odamlar shaharlarga uchayotgan raketalardan halok bo‘lardi», – dedi AQSh prezidenti Shotlandiyada Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer bilan qo‘shma matbuot anjumanida.

Bu jurnalistlardan birining Putin bilan yuzma-yuz uchrashuv ikki prezident o‘rtasidagi munosabatlarga va Ukrainada sulhga erishishga yordam berishi ehtimoli to‘g‘risidagi savoliga javob bo‘ldi.

Tramp Putin bilan avval ham ko‘p marta gaplashgani, biroq suhbatlardan keyin Rossiya Ukrainaga hujum qilishda davom etganini ta’kidlab o‘tgan.

Shuningdek, u Rossiya prezidentiga Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun 50 kun muhlat berib, Putinga nisbatan «juda saxiylik» qilganini aytdi. Agar ko‘rsatilgan muddatda bu borada oldinga siljish bo‘lmasa, Tramp Rossiyaning savdo hamkorlariga nisbatan «juda qattiq tariflar» joriy etish bilan tahdid qilgandi.

AQSh prezidenti endi ultimatum muddatini qisqartirishini ma’lum qildi. «O‘ylaymanki, bu shu bugundan boshlab 10-12 kun bo‘ladi», – deya javob qaytardi Tramp jurnalistning 50 kunlik muddatni aynan qanchaga qisqartirmoqchiligi to‘g‘risidagi aniqlashtiruvchi savoliga javoban.

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Trampga «qat’iy pozitsiya va kuch orqali tinchlikka aniq signali» uchun minnatdorchilik bildirdi.

«Putin faqat kuchni hurmat qiladi – va bu katta ovozdagi hamda aniq signal bo‘ldi», – deya yozgan Yermak X ijtimoiy tarmog‘ida.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Kreml AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainada sulhga erishish uchun Moskvaga ajratilgan muddatni 50 kundan 10-12 kunga qisqartirishi haqidagi bayonotini ma’lumot uchun qabul qilgan.

«Biz prezident Trampning kechagi bayonotlarini inobatga oldik. Maxsus harbiy amaliyot davom etmoqda va biz Ukraina atrofidagi mojaroni hal qilish va bu jarayonda manfaatlarimizni ta’minlash uchun tinchlik jarayoniga sodiqligimizni saqlab qolamiz», – deya Peskovning so‘zlarini keltiradi «Interfaks».

Trampning Putin bilan telefon orqali muloqot qilishdan ortiq manfaatdor emasligi haqidagi so‘zlariga izoh berish so‘roviga javoban Peskov shunday dedi: «Men qandaydir baholardan qochishni istardim. Yana bir bor takrorlayman, biz prezident Trampning bayonotini ma’lumot uchun qabul qildik».

Avvalroq Peskov Putin va Trampning ehtimoliy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rilmayotgani, ammo agar prezidentlar bir shaharda bo‘lib qolgan taqdirda, bunday uchrashuvni tashkillashtirish mumkinligini aytgandi.

Bungacha Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbulda Rossiya va AQSh rahbarlarining uchrashuvini tashkil etish uchun sa’y-harakatlarni amalga oshirish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

Tramp va Putin oxirgi marta iyul oyi boshida telefon orqali gaplashgan. O‘shanda AQSh prezidenti suhbatdan norozi bo‘lib, Putin haqiqatan ham tez orada tinchlik o‘rnatishga intilayotganiga shubha bildirgandi.

Iyul oyi o‘rtalarida prezident Tramp Moskvani 50 kun ichida Ukrainadagi mojaroni hal qilishga chaqirgan, aks holda Rossiya bilan savdo qiluvchi barcha davlatlar uchun AQShga mahsulot olib kirishga 100 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgandi. O‘shanda AQSh prezidenti Vladimir Putindan hafsalasi pir bo‘lgani va Moskvaning Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha pozitsiyasidan norozi ekanini aytgandi.

Tramp Ukrainaga milliardlab dollarlik harbiy texnika berilishini ham e’lon qilgandi. «Vashington eng yuqori sifatli qurol ishlab chiqarib, uni NATOga jo‘natmoqchi, shundan so‘ng alyans uni kerakli joyga jo‘natadi», degandi u.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas AQSh prezidentining Rossiyaga nisbatan qat’iyroq pozitsiyasini olqishlagan, biroq 50 kunlik ultimatum «juda uzoq» ekanini aytgandi.

«Prezident Trampning Rossiyaga nisbatan qat’iy pozitsiyada ekani juda ijobiy. Boshqa tomondan, ular har kuni begunoh fuqarolarni o‘ldirayotganini hisobga olsak, 50 kun juda uzoq muddat», degandi Kallas.

May oyida Yevropaning to‘rtta eng yirik davlati - Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Polsha rahbarlari ham Kiyevda bo‘lib, Moskvaga o‘t ochishni to‘xtatish, aks holda qattiq sanksiyalar qo‘llash talabini qo‘yishgandi.

Putin bunga javoban Istanbulda Ukraina bilan «to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar» o‘tkazishni taklif qildi. Shundan keyin amalda Trampning «buyrug‘i bilan» Volodimir Zelenskiy Turkiyaga borgan, ammo Rossiyadan faqat prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchiligidagi doimiy delegatsiya tashrif buyurgandi.

Bernd Debusmann, BBC’​​ning Vashingtondagi muxbiri:

So‘nggi bir necha oy ichida Trampning Rossiya yetakchisiga nisbatan munosabati asta-sekin, ammo doimiy ravishda o‘zgarib bordi.

Yanvar oyidagi ikkinchi prezidentlik muddati boshida Trampni tanqid qiluvchilar uni ko‘pincha Rossiyani ochiqchasiga tanqid qilishni istamaganlikda ayblashgan va ba’zida uning o‘zi ham urush boshlanishida Ukraina va prezident Volodimir Zelenskiy ma’lum darajada aybdor ekanini aytgandi.

Mart oyida Tramp sulh tuzilishiga oz vaqt qolganini aytgandi. Ammo vaqt o‘tishi bilan uning sabr kosasi to‘la boshladi, chunki Rossiya raketalari va dronlari Ukraina shaharlariga zarba berishda davom etdi.

Aprel oyi oxirida Tramp Truth Social’da Putindan «norozi» ekanini yozdi, keyinroq hujumlar davom etsa, «oqibatlar bo‘lishi»ni qo‘shimcha qildi.

«Vladimir, to‘xta!» – degandi u.

Yaqinda u Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ berishga va’da berdi – bu yangi ma’muriyat ishga kirishganidan buyon birinchi martasi bo‘ldi.

Ba’zi tanqidchilar, xususan, Ukrainadagilar avvalgi 50 kunlik muddat amaliy ahamiyatga ega emasligi va Rossiya o‘z harbiy maqsadlariga erishish uchun ko‘proq vaqt berishini ta’kidladi.

Rossiya esa Ukrainaga harbiy yordam tiklanishi va 50 kunlik muddat berilganiga qaramay, hujumlari davom ettirdi, oxirgi izohlar esa Trampning qattiq jahli chiqayotganining yaqqol belgisidir.

Mavzuga oid