Jahon | 11:14 / 26.07.2025
2571
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevdagi namoyishlarning 4-kuni: aksiyalar ko‘lami kamaymoqda

Korrupsiyaga qarshi kurash idoralari mustaqilligi uchun namoyishlar ishtirokchilari soni to‘rtinchi kuni sezilarli darajada kamaydi. Biroq, eng katta aksiya hali oldinda.

Foto: AP

Ukraina poytaxtida avvalroq Oliy Rada tomonidan qabul qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash milliy byurosi (NABU) va ixtisoslashtirilgan antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) mustaqilligini sezilarli darajada cheklovchi qonunga qarshi namoyishlar to‘rtinchi kun ketma-ket davom etmoqda. 25 iyul, juma kuni Kiyev markazidagi Ivan Franko teatri oldiga mingga yaqin odam yig‘ildi, deb xabar beradi DW muxbiri.

Namoyishchilar, xususan, «Uyat!», «Korrupsiya o‘ldiradi!», «Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin!», «Rossiyaparast deputatlar ketsin!» degan shiorlarni aytdi. Namoyishchilar, shuningdek, frontda halok bo‘lgan ukrainalik askarlar xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqladi va «pul pora uchun emas, frontga yuborilishini» talab qildi.

Norozilik namoyishlari mamlakatning boshqa shaharlarida, xususan, Odessa, Lviv, Jitomir, Lutsk, Dniproda ham bo‘lib o‘tdi.

Faollar 30 iyul kuni Oliy Radada Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha ikkita agentlik mustaqilligini tiklash haqidagi qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berishdan bir kun oldin eng yirik namoyish o‘tkazishga chaqirmoqda.

Mavzuga oid