Jamiyat | 09:50 / 17.07.2025
3882
5 daqiqa o‘qiladi

Jazirama kunlarda qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

17-19 iyul kunlari O‘zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilmoqda.

Foto: SSV

17 iyulda respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida, 18-20 iyulda hududning katta qismida havo harorati 40-43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 44-45 darajagacha ko‘tariladi.

SSV matbuot xizmati shu munosabat bilan kerakli tavsiyalar berdi.

— Jaziramada, eng avvalo, bolalar, keksalar, homilador ayollar va surunkali kasalliklardan aziyat chekayotgan bemorlar o‘z sog‘lig‘iga yanada e’tiborli bo‘lishlari zarur, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligining Ekologik diplomatiya bo‘limi boshlig‘i Abduqayum To‘xtaqulov. — Chunki bunday issiq havo tufayli organizmning termoregulyatsiya tizimiga yuklama tushadi.

Bu esa mavjud surunkali kasalliklar zo‘rayishi yoki issiqlik bilan bog‘liq xastaliklar, xususan, organizmning umumiy holsizlanishi va hayot uchun xavfli bo‘lgan oftob urishiga sabab bo‘lishi mumkin. 

Jazirama, ayniqsa, yurak-qon tomir tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bunday paytda insonning yurak urishi tezlashib, qon bosimi ko‘tariladi. Shuningdek, organizm haroratni me’yorda saqlash uchun ko‘proq energiya sarflaydi. Oqibatda inson kuchli terlaydi. Bu esa tananing suvsizlanish xavfini yanada oshiradi. Shu sababli issiq havoda bir qancha ehtiyot choralarini ko‘rish tavsiya etiladi.

Avvalo, kunning eng issiq vaqti soat 12:00 dan 16:00 gacha imkon qadar yopiq binolar yoki salqin joylarda bo‘lish lozim. Bu vaqtda quyosh nurlari eng kuchli bo‘lib, tananing qizib ketishi va oftob urish xavfi yuqori bo‘ladi. Agar ko‘chaga chiqish zarurati tug‘ilsa, soya joylarda yurish, soyabondan foydalanish va faollikni kunning salqinroq paytlari ertalab yoki kechqurunga rejalashtirish maqsadga muvofiq.

Uy sharoitida salqinlikni ta’minlash ham juda muhim. Masalan, kunduzi quyosh tushadigan tomondagi derazalarni yopiq holda saqlash, kechasi havo salqinlaganda derazalarni ochib, xonalarni shamollatish, kunning eng issiq vaqtlarida pech, kir yuvish mashinasi, quritgich kabi o‘zidan issiqlik chiqaruvchi maishiy texnikalardan foydalanishni cheklash kerak.

Jaziramada to‘g‘ri kiyim tanlash ham muhim. Yengil, keng bichimli, havoni yaxshi o‘tkazadigan tabiiy matolardan (paxta, ipak) tikilgan liboslarni kiyish tavsiya etiladi. Aksincha, sintetik kiyimlardan saqlanish lozim. Imkon qadar och rangli ust-boshlarni tanlash maqsadga muvofiq. Chunki ular quyosh nurini yaxshiroq qaytaradi.

Ko‘chaga chiqqanda keng soyabonli bosh kiyim kiyish va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqish shart. Boshni esa quyosh nuridan asrash zarur. Chunki bosh miyaning qizib ketishi issiq urishiga olib kelishi mumkin.

Kun davomida tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilish ham tana haroratini pasaytirishga yordam beradi. Ammo juda sovuq suvdan foydalanmaslik kerak. Sababi haroratning keskin o‘zgarishi organizm uchun stress bo‘lishi, hatto, pnevmoniyaga olib kelishi mumkin. Xona haroratidagi yoki biroz salqin suv eng maqbul variantdir.

Shuningdek, teriga, ayniqsa, bosh va bo‘yin sohalariga ho‘l sochiq yoki latta qo‘yish ham organizmni samarali sovitadi.

Issiqda og‘ir jismoniy mehnat yoki sport bilan shug‘ullanish suvsizlanish, silla qurishi va oftob urish xavfini sezilarli darajada oshiradi. Bunday sharoitda yurak-qon tomir tizimiga tushadigan yuk ortadi, bu esa tayyorgarligi bo‘lmagan odamlarda yurak xuruji yoki insult xavfini yuzaga keltiradi.

Sport bilan konditsionerli yopiq inshootlarda shug‘ullangan afzal. Mashg‘ulot paytida organizmga quloq solish, tez-tez dam olish, yetarli miqdorda suyuqlik ichish zarur. Bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi yoki kuchli holsizlik kabi belgilar paydo bo‘lsa, mashg‘ulotni darhol to‘xtatish kerak.

Surunkali xastaliklari (gipertoniya, yurak kasalliklari, semizlik) bor insonlar issiqda jismoniy faollik bilan shug‘ullanishdan oldin shifokor bilan maslahatlashishlari lozim.

Mavzuga oid