Jahon | 09:01
7025
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda o‘n millionlab odam uran bilan ifloslangan suvni ichmoqda - olimlar

Karnataka shtatidagi yerosti suvlari xavfli darajada uran bilan ifloslangani aniqlandi. Uzoq muddat davomida bunday suvni iste’mol qilish buyrak, jigar va suyak tizimiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Foto: AFP/Getty Images

AQShning Kolumbiya universiteti olimlari Hindistonning Karnataka shtatidagi yerosti suvlarining xavfli darajada uran bilan ifloslanishiga olib kelgan asosiy sabablarga aniqlik kiritdi. Tadqiqot natijalari Environmental Science & Technology ilmiy jurnalida chop etildi.

Ma’lum qilinishicha, tadqiqot davomida mintaqadagi suv namunalarining 78 foizida uran miqdori xavfsiz me’yordan yuqori ekani aniqlangan, ba’zi hududlarda esa bu ko‘rsatkich 75 baravar oshgan.

Olimlar zamonaviy izotop tahlili usullaridan foydalanib, uranning yerosti suv qatlamlarida qanday harakatlanishini kuzatishga muvaffaq bo‘lishdi. Aniqlanishicha, kislorod mavjud bo‘lgan oksidlovchi sharoitda uran oson eriydi va suv bilan birga harakatlanadi. Aksincha, kislorodsiz tiklovchi hududlarda u qattiq birikmalar ko‘rinishida cho‘kadi.

«Tadqiqotimiz oddiy ifloslanishni aniqlash doirasidan chiqib ketadi. Biz uranning yerosti muhitidagi harakatini belgilovchi mexanizmlarni tushundik. Bu esa millionlab insonlar salomatligini himoya qilish uchun juda muhim», — deydi tadqiqot muallifi Arijit Mitra.

Uzoq muddat davomida uran miqdori yuqori bo‘lgan suvni iste’mol qilish buyrak, jigar va suyak tizimiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Karnataka shtatida esa bunday ta’sirga taxminan 25 million kishi duchor bo‘lmoqda.

Tadqiqot natijalari muammoni hal etish uchun yangi imkoniyatlar ochyapti. Olimlar yangi quduqlarni joylashtirishda geologik sharoitlarni hisobga olish, eng ko‘p ifloslangan hududlarda mahalliy tozalash tizimlarini joriy etish va suv sifatini doimiy kuzatib borish uchun kompleks monitoring tizimini yaratishni taklif qilmoqda. Bu kabi choralar faqat Hindistonda emas, balki shunga o‘xshash muammolarga duch kelayotgan dunyoning boshqa hududlarida ham qo‘llanishi mumkin.

Mavzuga oid