Jahon | 12:22
1835
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston va Rossiya S-400 ZRK va boshqa qurollarni yetkazib berishni muhokama qildi

Hindiston va Rossiya mudofaa vazirliklari rahbarlari Xitoyda Rossiyaning S-400 ZRKni yetkazib berish va Su-30 MKI qiruvchilarini modernizatsiya qilish masalalarini muhokama qildi, deb xabar berdi Nyu-Dehlidagi hukumat.

Foto: Florence Lo/REUTERS

Hindiston va Rossiya Rossiyaning S-400 zenit-raketa komplekslarini yetkazib berish, Su-30 MKI qiruvchilarini modernizatsiya qilish va muhim harbiy texnikani sotib olish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Hindiston hukumati 27 iyun, juma kuni Xitoyning Tsindao shahrida Shanhay hamkorlik tashkiloti (ShHT)ga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi fonida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari - Rajnat Singx va Andrey Belousov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi.

Hindiston Mudofaa vazirligining Instagramʼdagi sahifasida aytilishicha, Singx va Belousov «Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama mudofaa hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha samarali muzokaralar olib borgan».

O‘z navbatida, TASS agentligi Nyu-Dehlining Rossiya qurollarini xarid qilishi «qisqa vaqt ichida» amalga oshirishi kerakligini ta’kidlaydi. «Bu ikki davlat (mudofaa) vazirlari o‘rtasida «Sindur» operatsiyasi va mudofaa, ayniqsa, havo hujumidan mudofaa, havo-havo sinfidagi raketalar, zamonaviy imkoniyatlar va aviatsiya platformalarini modernizatsiya qilish kabi muhim sohalarda ishlab chiqarishni kuchaytirish zarurati fonida bo‘lib o‘tgan eng muhim uchrashuvlardan biri bo‘ldi», — deya TASS Hindiston Mudofaa vazirligi bayonotini keltiradi.

Bunda Hindistonning Pokiston hududida 7 may kuni boshlangan harbiy operatsiyasiga ishora qilinmoqda. O‘shanda Hindiston Mudofaa vazirligi Pokistondagi, shuningdek, Kashmirning Pokiston qismidagi «terrorchi» infratuzilmaga hujum qilingani haqida xabar bergan edi.

Hindiston va Pokiston o‘rtasida bir necha o‘n yillardan beri kuzatilayotgan mojaro 22 aprel kuni Pahalgam shahrida bir guruh jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujumda 26 kishi halok bo‘lganidan so‘ng avj oldi. Halok bo‘lganlarning aksariyati sayyohlar edi. Hindiston Islomobodni voqeaga aloqadorlikda aybladi, biroq Pokiston bu ayblovlarni rad etib, mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi.

Mavzuga oid