Jahon | 14:24
2782
2 daqiqa o‘qiladi

Abbos Arag‘chi: Eron AQSh bilan muzokaralarga tayyor

Tehron AQSh bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga tayyor, ammo Tramp o‘z ohangini yumshatishi kerak, dedi tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi.

Foto: AP

Eron AQSh bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarga tayyorligini e’lon qildi, ammo prezident Donald Tramp o‘z ohangini yumshatishi kerakligini ta’kidlamoqda. Tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi 28 iyun, shanba kuni X ijtimoiy tarmog‘ida tegishli xabarni joylashtirdi.

«Agar prezident Tramp kelishuvga erishish borasida jiddiy bo‘lsa, u Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyga nisbatan o‘zining hurmatsiz va qabul qilib bo‘lmas ohangidan voz kechishi va uning millionlab sodiq izdoshlariga zarar yetkazishni bas qilishi kerak», dedi Eron tashqi ishlar vaziri.

«Yaxshi niyat yaxshi niyatni, hurmat esa hurmatni uyg‘otadi», deb qo‘shimcha qildi Eron vaziri.

NATO sammitida Tramp kelasi hafta Tehron bilan muzokaralar o‘tkazilishini e’lon qildi, biroq tafsilotlarni keltirmadi, deya eslatadi dpa. Oq uy rahbaridan Tehronda uran boyitish bilan bog‘liq xavotirlar yana paydo bo‘ladigan bo‘lsa, AQSh Eronning yadroviy inshootlariga yana zarba beradimi, degan savolga Tramp: «Albatta, shubhasiz», deb javob qaytardi.

Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak va so‘nggi hujumlar Islom Respublikasining yadroviy dasturini orqaga surib tashladi, deydi u.

Eron parlamenti deputatlari shu haftada Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) bilan hamkorlikni vaqtincha to‘xtatish haqidagi qonun loyihasini ma’qulladi.

Ayni paytda Tramp ayrim ommaviy axborot vositalarida AQSh ma’muriyati Eronga tinch yadroviy dastur uchun 30 milliard dollar ajratish imkoniyatini o‘rganayotgani haqidagi xabarlarni feyk deb atadi.

Mavzuga oid