Tramp Eron oliy rahbarini «sharmandali o‘limdan» qutqarganini aytdi
AQSh prezidenti yaqinda Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish ustida ish olib borganini, ammo «g‘azab, nafrat va jirkanchlikka to‘la bayonotlar»ga duch kelgach, cheklovlarni olib tashlash harakatlarini to‘xtatganini ham iddao qildi.

Foto: AP
AQSh prezidenti Donald Tramp Eron oliy rahbari Ali Xominaiy tomonidan AQSh va Isroil mag‘lub etilgani haqida berilgan bayonotini keskin tanqid qildi.
Tramp Xominaiy so‘zlarini «yolg‘on» deb atadi va u shaxsan Eron oliy rahbarining o‘limining oldini olganini ta’kidladi. Jumladan, u Tehronni bombardimon etmoqchi bo‘lgan Isroilning bir qancha samolyotlarini orqaga qaytarishni talab qilganini aytdi.
«Men uni o‘ta dahshatli va sharmandali o‘limdan qutqardim va u «rahmat, prezident Tramp» deyishiga ham hojat yo‘q», deb yozdi AQSh rahbari Truth ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp, shuningdek, yaqinda Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilish ustida ish olib borganini, ammo «g‘azab, nafrat va jirkanchga to‘la bayonotlarni» olganini, shundan so‘ng, cheklovlarni olib tashlash harakatlarini to‘xtatganini aytdi.
Avvalroq Reuters agentligi Tramp Isroilning Xominaiyni o‘ldirish rejasiga «veto qo‘ygani» haqida xabar bergandi.
Isroil 13 iyundan boshlab, Eronga zarba berib, boshqa narsalar qatori yadroviy dastur obektlari, yuqori martabali harbiy amaldorlar va yadroviy olimlarni nishonga oldi. Eron bunga javoban Isroilga raketa va dronlarni uchirdi.
22 iyun kuni AQSh Eronning uchta yadroviy obektiga zarba berdi, ikki kundan keyin esa Eron Qatardagi Amerika harbiy bazasiga hujum qildi. 24 iyun kuni Isroil va Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.
Eron oliy rahbari Ali Xominaiy 26 iyun kuni xalqqa murojaat qilib, mamlakatni Isroil va AQSh ustidan qozonilgan g‘alaba bilan tabrikladi.
Mavzuga oid

21:11
Eron XAEA bosh direktorini yadro inshootlariga kiritmaydigan bo‘ldi

15:19
AQSh elchisi Rossiya bilan Pushkin satrlarini yozib xayrlashdi

14:55
Kongo DR va Ruanda Vashingtonda tinchlik shartnomasini imzoladi

14:52