Zelenskiy Rimda Vens va Rubio bilan uchrashuv o‘tkazdi
Tomonlar Tramp va Putinning telefon orqali muloqotini, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish masalasini muhokama qildi.

Foto: Telegram / Andrey Yermak
Rimda AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tomonlar Rossiya va AQSh prezidentlarining 19 may kuniga rejalashtirilgan o‘zaro telefon orqali muloqotlarini muhokama qildi. Bu haqda ukrainalik yuqori martabali amaldorga tayanib, AFP xabar berdi.
Amerika vitse-prezidenti press-puli jurnalistlari ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuv AQShning Italiyadagi elchisini qarorgohida yopiq rejimda o‘tkazilgan. Unda davlat kotibi Marko Rubio, Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak ham ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, Zelenskiy va Vens tomonlar agar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erisha olmasa, Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etish ehtimoli to‘g‘risida gaplashgan. Ismi oshkor etilmagan amaldorning ta’kidlashicha, Ukraina tomoni urushni tugatishga urinmoqda. Suhbat davomida Jyey Di Vens va Volodimir Zelenskiy, shuningdek, frontdagi vaziyat masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan.
Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro muloqot fevral oyida Oq uyda bo‘lib o‘tgan Tramp va Vensning Ukraina prezidenti bilan tortishuviga nisbatan yaxshi kechgan.
28 fevral kuni Oval kabinetda jurnalistlar qarshisida o‘tkazilgan muloqotda Zelenskiy AQSh prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jyey Di Vens bilan tortishib qolgandi, shundan keyin Ukraina prezidenti Oq uyni muddatidan oldin tark etgan, nodir metallar bo‘yicha bitim imzolanmay qolgan edi.
Bugun, 18 may kuni Vatikanda yangi Rim papasi Lev XIV ning lavozimga kirishish marosimi bo‘lib o‘tdi. Rim papasining lavozimga kirishish marosimiga xorij davlatlari va diniy konfessiyalarning 150 dan ortiq delegatsiyalari tashrif buyurdi. Ular orasida Ukraina prezidenti, AQSh vitse-prezidenti va davlat kotibi, Italiya bosh vaziri, Yevrokomissiya rahbari, Ispaniya va Belgiya qirollari ham bor.
Mavzuga oid

22:39 / 18.05.2025
Zelenskiy Vatikanda Vens, Rubio va yangi Rim papasi bilan uchrashdi

17:22 / 18.05.2025
Vatikanda yangi Rim papasining inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi

16:30 / 18.05.2025
Tramp Putin bilan gaplashmoqchi. U «„qonli hammom“ni to‘xtatish»ni muhokama qilishi haqida yozdi

16:28 / 17.05.2025