O‘zbekiston | 10:43 / 09.05.2025
1925
3 daqiqa o‘qiladi

Media sohasini tartibga soluvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Loyiha ham qonunchilikni liberallashtirishi, ham “tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlar”ni bartaraf etishi aytilmoqda. Veb-sayt egalari uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritish shartlari belgilanadi. Qonunchilikka “inflyuyenser” tushunchasini kiritib, oddiy blogerlarga kamroq, inflyuyenser darajasiga chiqqanlarga esa ko‘proq mas’uliyat yuklash taklif etilmoqda.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasida onlayn platformalar foydalanuvchilari huquqlari, sohada yuzaga kelayotgan ijtimoiy munosabatlar, zamonaviy chaqiriqlar muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda parlament matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda ishtirok etgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi vakillari tomonidan qator davlat va jamoat tashkilotlari, media sohasi ekspertlari ishtirokida sohani tartibga soluvchi to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladigan yaxlit qonun loyihasi ishlab chiqilgani ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, loyihaning maqsadi – fuqarolarning onlayn platformalar va veb-saytlardan foydalanish sohasidagi huquqlarini qonun darajasida belgilash, ularni yolg‘on axborot, nafrat uyg‘otuvchi, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi noqonuniy kontentlardan himoya qilishdan iborat.

Unda onlayn platformalar sohasidagi amaldagi qonunchilik sezilarli liberallashtirilib, tartibga solishdagi mavjud bo‘shliqlarni bartaraf etishga qaratilgan qator normalar nazarda tutilgan bo‘lib, ularning qabul qilinishi:

  • onlayn platformalar foydalanuvchilari huquqlarini qonun darajasida mustahkamlash;
  • Internet tarmog‘ida axborot tarqatish tartiblari borasida huquqiy aniqlik va izchillikni ta’minlash;
  • onlayn platformalar va veb-sayt egalari uchun O‘zbekistonda faoliyat yuritishning aniq shartlarini belgilash, ularning biznes modellari uchun shart-sharoitlarni aniq prognozlash imkoniyatini yaratish;
  • axborot sohasi ishtirokchilari, jumladan, onlayn platformalar, blogerlar, inflyuyenserlar hamda sohani tartibga soluvchi davlat organlari o‘rtasida o‘zaro muloqot va konstruktiv hamkorlik uchun huquqiy asoslarni takomillashtirish;
  • internetdan foydalanish xavfsizligi darajasini oshirish, bolalar sog‘ligiga xavf soluvchi axborotlardan himoya qilish bo‘yicha aniq mexanizmlarni yaratish;
  • foydalanuvchilar o‘z sha’n va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlardan himoyalanish borasida huquqiy kafolatlarga va zarur hollarda vakolatli organning ko‘magidan foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasida inflyuyenser va blogerlar mas’uliyati ajratilib, blogerlar majburiyatlari sezilarli yengillashtirilmoqda.

Davra suhbatida loyiha bilan kiritilayotgan yangi huquqiy institutlar batafsil ko‘rib chiqildi va uni jamoatchilik muhokamasi qo‘yish to‘g‘risida xulosaga kelindi.

Mavzuga oid