O‘zbekiston | 20:15 / 12.06.2025
4604
9 daqiqa o‘qiladi

Pasayishlar ko‘tarilishlardan ko‘p: O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rni qanday o‘zgaryapti?

Oxirgi bir yilda O‘zbekiston o‘zi uchun ustuvor deb e’lon qilgan 15 ta xalqaro reyting va indekslarning 7 tasida pastladi, 6 tasida ko‘tarildi. Yana 2 ta reyting – so‘z erkinligi va korrupsiya darajasi bo‘yicha O‘zbekistonning “qizil” toifadagi o‘rni o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, to‘plangan ballar pasaygan.

Foto: Kun.uz

May oyi oxirida Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash to‘g‘risidagi milliy ma’ruza ko‘rib chiqilgan edi. Kun.uz shu munosabat bilan bu boradagi so‘nggi bir yillik tendensiyani ko‘rib chiqdi.

2024 yilda kuchga kirgan qarorda O‘zbekiston uchun ustuvor 15 ta xalqaro reyting va indekslar ro‘yxati keltirilgan. Ushbu maqolada mamlakatning ana shularga e’tibor qaratamiz.

Iqtisodiy erkinlik indeksi (Index of Economic Freedom)

Bu indeks Heritage Foundation tadqiqot markazi tomonidan e’lon qilib boriladi. “Iqtisodiy erkinlik indeksi – 2025” hisobotida O‘zbekiston 184 ta mamlakat orasida 58 ball bilan 100-o‘rinni egallagan. Mamlakat reytingi 2024 yilga nisbatan 2,1 ballga yaxshilanib, 3 pog‘onaga yuqorilagan bo‘lsa-da, iqtisodiyoti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatorida qolyapti.

Iqtisodiy erkinlik indeksida respublika 12 ta indikatorning 8 tasida ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan, 2 ta indikatorda esa salbiy o‘zgarishlar kuzatilgan. Yana 2 ta indikator bo‘yicha natijalar o‘zgarishsiz qolgan.

O‘zbekistonda umumiy qonun ustuvorligi zaif. Mamlakatdagi mulkchilik huquqi, sudning samaradorligi va hukumat yaxlitligi reytingi jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past”, deyiladi hisobotda.

Matbuot erkinligi indeksi (Worldwide Press Freedom Index)

“Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro tashkilotining 2025 yilgi OAV erkinligi indeksida O‘zbekiston 180 ta mamlakat orasida o‘tgan yilgi kabi 148-o‘rinni egalladi va so‘z erkinligi bo‘yicha vaziyat “juda jiddiy” davlatlar qatorida qoldi.

O‘zbekistondagi OAV erkinligining darajasi o‘tgan yili 100 balldan 37 ballga, bu yil esa 35 ballga baholangan. Reytingga asos bo‘ladigan indikatorlarning beshalasida ham pasayish qayd etilgan.

Inson taraqqiyoti indeksi (Human Development Index)

BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tayyorlangan 2025 yilgi Inson taraqqiyoti indeksida O‘zbekiston 193 mamlakat va hudud orasida 107-o‘rinni egalladi. Avvalgi yilga nisbatan mamlakat bir pog‘ona pastladi.

Indeksda davlatlar inson taraqqiyotining uchta asosiy ko‘rsatkichi bo‘yicha baholangan: kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi, kutilayotgan va amaldagi ta’lim olish yillari, aholi jon boshiga xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha yalpi milliy daromad.

O‘zbekistonning inson taraqqiyoti indeksi 0,740 ni tashkil etdi, bunda maksimal ko‘rsatkich – 1,000. Respublika inson taraqqiyoti indeksi “yuqori” bo‘lgan mamlakatlar toifasiga kiradi. Reytingda O‘zbekiston Janubiy Afrika Respublikasi va Boliviya o‘rtasida joylashgan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida faqat Qozog‘iston 60-o‘rin bilan inson taraqqiyoti indeksi “juda yuqori” bo‘lgan davlatlar toifasiga kirgan.

Korrupsiyani qabul qilish indeksi (Corruption Perception Index)

Transparency International xalqaro nodavlat tashkilotining 2024 yil uchun Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 180 ta davlat orasida 121-o‘rinda qayd etildi.

Mamlakatning bu reytingdagi o‘rni o‘zgarmagan bo‘lsa-da, reyting ko‘rsatkichi bir ballga kamaygan.

100 balli indeks bo‘yicha (0 – korrupsiya darajasi o‘ta yuqori, 100 – o‘ta past) O‘zbekiston 32 ball to‘pladi (2023 yilda – 33 ball). Angola, Ekvador, Keniya, Shri-Lanka va Togoda ham korrupsiyaga qarshi kurashish darajasi aynan shunchaga baholangan.

O‘zbekistonning bu indeksdagi balli 2012 yildan beri birinchi marta yomonlashdi.

Logistika samaradorligi indeksi (Logistics Performance Index)

O‘zbekiston 2025 yildagi Logistika samaradorligi indeksi bo‘yicha 139 ta davlat ichida 107-o‘ringa tushgan. Bundan oldin 88-o‘rinda edi. O‘zbekistonning ko‘rsatkichi 0,1 ballga pasayib, 2,5 ballni tashkil etgan.

Logistika samaradorligi indeksi oltita ko‘rsatkichni baholaydi, jumladan:

  • bojxona tartib-taomillarining samaradorligi, shu jumladan tekshirishlarning tezkorligi, bashoratliligi va qulayligi;
  • portlar, temiryo‘llar, avtomobil yo‘llari va AT tizimlarini qamrab oluvchi transport infratuzilmasi sifati;
  • raqobatbardosh narxlarda yetkazib berishni tashkil qilish qulayligi;
  • transport va bojxona operatsiyalari kabi logistika xizmatlarining vakolatlari;
  • real vaqtda yukni kuzatish imkoniyati;
  • belgilangan muddatda o‘z vaqtida yetkazib berish.

Elektron hukumatni rivojlantirish reytingi (UN E-Government Survey)

2025 yil uchun BMTning Ijtimoiy va iqtisodiy masalalar departamenti (UNDESA) tomonidan e’lon qilinadigan UN E-Government Survey reytingi hali taqdim etilmadi. 2024 yilda O‘zbekiston ushbu reytingda 0,7999 indeks hisobiga 6 pog‘ona yuqorilab, 63-o‘ringa chiqqan va indeksning juda baland (Very High EGDI) guruhiga qo‘shilgan.

Qonun ustuvorligi indeksi (Rule of Law, World Justice Project)

Qonun ustuvorligi indeksining 2024 yilgi hisobotida O‘zbekiston 142 davlat orasida 83-o‘rinni egalladi.

Reytingda O‘zbekistonning o‘rni 2016 yildan beri birinchi marta yomonlashdi: mamlakat 2023 yilga nisbatan 5 pog‘onaga pasaydi.

Reyting hukumat vakolatlarini cheklash, korrupsiyani jilovlash, ochiq hukumat, inson huquqlari, himoya va xavfsizlik, qonun nazorati, fuqarolik sudlovi, jinoiy sudlov darajasi kabi ko‘rsatkichlar asosida shakllantirilgan.

O‘zbekiston faqat himoya va xavfsizlik darajasi bo‘yicha yuqori natija qayd etgan.

Ayollar, biznes va qonun indeksi (Women, Business and Law)

Jahon bankining so‘nggi marta 2023 yil yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan Ayollar, biznes va qonun indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston 48 pog‘onaga yuqorilab, 82,5 ball bilan 190 ta davlat orasida 91-o‘rinni egallagan.

Bunday yuqori o‘sish O‘zbekistonnt xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik bo‘yicha muhim islohotlarni amalga oshirgan 5 ta davlat qatoriga kiritgan.

Global innovatsiyalar indeksi (Global Innovation Index)

2024 yilgi Global innovatsiya indeksida O‘zbekiston 24,7 foiz indeks bilan 133 ta davlat orasida 83-o‘rinni egalladi. Bu 2023 yildagi ko‘rsatkichdan 1 pog‘ona past. O‘tgan yili to‘plangan umumiy ball (26,2 foiz) sezilarli kamaygan.

Global innovatsiyalar indeksi 2007 yildan beri Butunjahon intellektual mulk tashkiloti va uning hamkorlari tomonidan hisoblab chiqiladi. Ko‘rsatkich turli jihatlarni, jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi, yalpi ichki mahsulot hajmi, infratuzilma, inson kapitali, fanning rivojlanish darajasi va boshqa omillarni hisobga oladi. 

Yuqoridagilardan tashqari, O‘zbekiston Jahon bankining “Statistika faoliyati samaradorligi indeksi”da 80,3 ball to‘plab, 62-o‘rinni (+17), “Raqobatbardosh sanoat unumdorligi indeksi”da esa 153 mamlakat ichida 88-o‘rinni (+1), “Barqaror rivojlanish maqsadlari” indeksida 69,2 ball bilan 81-o‘rinni (-12) egallagan.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining “Mamlakatlarga xos xatarlarni tasniflash tizimi”dagi O‘zbekistonning o‘rni (5-guruh) o‘zgarmagan.

Jahon bankining Boshqaruv sifati indikatorlarida ham ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarishsiz qolgan: 6 ta katta indikatorning umumiy hisobda 3 tasida vaziyat yaxshilangan, 3 tasida yomonlashgan.

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro kredit reytingi ham o‘zgarmay qolgan bo‘lsa-da, prognoz ijobiylashdi. 2025 yil may oyida S&P xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-“ darajasida tasdiqladi va ilk bor kutilmani “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirdi.

Yuqorida ko‘rib chiqilgan 15 ta reyting va indekslar 2024 yilda rasman O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor deb e’lon qilingan. 2020-2024 yillarda ustuvor bo‘lgan reyting va indekslar qatorida Demokratiya indeksi (Democracy Index) ham bor edi, u 2024 yilda yangilangan ro‘yxatga qo‘shilmagan. Bu indeksning 2025 yilgi talqinida O‘zbekiston 0,2 ball yo‘qotgan, shunga qaramay, boshqa davlatlarning pastlashi hisobiga 2 pog‘onaga ko‘tarilib, 146-o‘rinni egallagan. Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistondagi demokratiya darajasini 10 balldan 2,10 ballga baholagan. Bu – bir yil oldingi 2,12 balldan biroz past.

Doston Ahrorov,
Kun.uz

Mavzuga oid