Ayollar dunyosi | 16:56 / 05.08.2025
1166
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabga tayyorgarlik: bozor qildingizmi?

Avgust – ota-onalar uchun sinov oyi. Yozgi ta’til yakunlanayotgan bir paytda farzandlarini maktabga tayyorlash ota-onalar zimmasiga javobgarlik, ehtiyotkorlik va moliyaviy barqarorlik talab qiladigan vazifalarni yuklashi tayin. Ammo bu jarayonni stresssiz va samarali o‘tkazish mumkin.

Foto: Kun.uz

Ro‘yxat va sifat – birinchi o‘rinda

O‘quv yiliga tayyorgarlikni muvaffaqiyatli boshlash uchun eng avvalo xaridlar ro‘yxatini tayyorlang. Bu ro‘yxatda quyidagilar bo‘lishi mumkin:

  • Daftarlar (har bir fan uchun alohida)
  • Ruchka, qalam, o‘chirgich, lineyka
  • Qalpoq va qalamqutilar
  • Qaychi, kley, rangli qog‘ozlar, rangli qalamlar (boshlang‘ich sinflar uchun)
  • Maktab sumkasi
  • Maktab formasi va tuflilar
  • Jismoniy tarbiya uchun alohida liboslar va krossovkalar

Har bir bola uchun alohida ro‘yxat tuzilsa, ortiqcha xaridlardan saqlanish va mablag‘ni tejash mumkin.

Qo‘lingizdagi mablag‘ni “ko‘proq narsa olish” uchun emas, “sifatli va uzoq xizmat qiladigan narsa olish” uchun ishlating. Bu nuqtayi nazardan olib qaralganda, sifatli mahsulotlar uzoq muddatda vaqt va mablag‘ tejaydi.

Bola ham narsa tanlashda ishtirok etsin

Farzandingizga sumka, ruchka, rangli daftar yoki hatto forma tanlash imkonini bering. Bunday munosabat bolada:

  • Maktabga bo‘lgan ijobiy munosabatni,
  • Mustaqil tanlov qilish ko‘nikmasini,
  • O‘ziga ishonchni oshiradi.

Shu yo‘l bilan bolangiz maktabni mamnunlik bilan kutadi. Material ta’minotidan ham muhimroq narsa — bolaning ruhiy tayyorligi. Maktab muhiti, yangi davr, yangi talablar bolaga qo‘rquv yoki qiyinchilik keltirishi mumkin. Ta’til oxirida bolaning uyqu rejimini sekin-astalik bilan to‘g‘rilash kerak.

“Sening qo‘lingdan keladi”, “Bu yil sen yanada zo‘r bo‘lasan” kabi so‘zlar juda katta ahamiyatga ega.

Hammasi yangi bo‘lishi shartmi?

Yildan yilga bolalar uchun hamma narsaning yangisini olish odat tusiga aylandi. Ammo ba’zi buyumlarni toza holda, yangilab, yana bir yilga ishlatish mumkin.

Tuflilar yaxshi holatda bo‘lsa — bu yil ham kiysa bo‘ladi.

Eski, ammo sifatli sumka tozalansa, yangiga aylanishi mumkin.

Formani yangilash kerak bo‘lsa, faqat kofta yoki shimni almashtirib, kamroq xarajat bilan chiqish mumkin.

Bu nafaqat oila budjeti uchun foydali, balki farzandga tejamkorlik, qadrlash, yetarlilik tushunchalarini o‘rgatadi.

Har bir xarid, sumka tayyorlash, rangli qalamlarni ketma-ket joylash jarayonini bola bilan birga bajarish muhim. Bu jarayonni bayramga aylantiring: sumkasiga o‘quv qurollarini o‘zi joylasin, yangi kiyimlarini o‘zi tayyorlasin (yoshiga qarab albatta). Shu kabi kichik detallar bola xotirasida o‘qishga rag‘batni oshiradi.

Har bir maktabda forma, rang, sumka o‘lchami, hatto qaysi daftarlardan foydalanish haqida talablar bo‘lishi mumkin. Avvalo sinf rahbari yoki maktab ma’muriyati bilan bog‘laning.

Maktabga tayyorgarlik bu — shunchaki xarid emas, balki farzand bilan munosabatni mustahkamlash, uni mustaqil hayotga tayyorlash jarayonidir. Moliyaviy, psixologik va axloqiy jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilsa, yangi o‘quv yili bola va ota-ona uchun ham yaxshi taassurotlarga boy bo‘ladi.

Mavzuga oid