O‘zbekiston | 13:49 / 19.07.2025
3136
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori o‘sishni davom ettirmoqda

Ko‘chmas mulk bozorida barqarorlik kuzatilib, hududlarda oldi-sotdi shartnomalari soni va narxlarda o‘sish qayd etildi. Yillik hisobda ikkilamchi uy-joyga bo‘lgan talab respublikaning aksariyat hududlarida yuqori darajada saqlanib qolinmoqda. Toshkentda uy-joy narxlari pasayishi, ijara bozori barqarorligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Kun.uz

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan ko‘chmas mulk bozorida kuzatilayotgan o‘zgarishlar tahlil qilindi. 2025 yil birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra, uy-joy sotuvlari 10,6 foizga oshib, 136,5 ming xonadonni tashkil etdi.

Iyun oyi yakuniga ko‘ra 21 mingta oldi-sotdi bitimlari ro‘yxatdan o‘tkazilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,7 foizga oshdi.

2025 yilning birinchi yarim yilligida hududlarda ko‘chmas mulk bozorida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Oldi-sotdi shartnomalarida eng yuqori o‘sish Jizzax (29,9 foiz), Navoiy (18,3 foiz) va Surxondaryo (17,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida bitimlar hajmi biroz kamaygani (2,6 foiz) kuzatildi.

Iyun oyida ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha narxi o‘tgan oyga nisbatan 0,3 foizga oshdi. Yillik hisobda o‘sish 1,8 foizni tashkil etdi.

Hududlar kesimida iyun oyida Jizzax viloyatida uy-joy narxlari biroz pasayganiga (-1,3 foiz) qaramasdan, yillik o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchilik qilmoqda (11,7 foiz). Shu bilan birga, yillik hisobda ijobiy dinamika Surxondaryo (10,9 foiz), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (9,3 foiz), Xorazm (7,3 foiz) va Namangan (7,1 foiz) viloyatlarida qayd etildi.

Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha narxi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,8 foizga pasayib, yangi qurilgan uylar narxlari esa biroz kamaydi (1,6 foiz).

O‘tgan yilning iyun oyidan poytaxtdagi ikkilamchi uy-joy narxlarida eng katta pasayish Mirzo Ulug‘bek (-7,6 foiz), Yashnobod (-7,3 foiz) va Chilonzor (-6,9 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy narxlarida eng katta pasayish Uchtepa (-9,7 foiz), Yunusobod (-8,8 foiz) va Shayxontohur (-7,7 foiz) tumanlarida qayd etildi.

Iyun oyida Toshkent shahrida ijara narxlari barqarorligi kuzatildi. O‘rtacha ijara narxi o‘tgan oydagi ko‘rsatkichni saqlab qoldi va bir kvadrat metr uchun 8,1 dollarni tashkil etdi.

Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollarni tashkil etdi.

Yillik hisobda o‘rtacha ijara narxlari 2,6 foizga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Chilonzor tumanlarida qayd etildi.

Mavzuga oid