O‘zbekiston | 23:15 / 05.08.2025
1725
2 daqiqa o‘qiladi

BMT konferensiyasida o‘zbek hovlisi ko‘rinishida qurilgan O‘zbekiston pavilyoni namoyish etildi

Turkmanistonning Avaza shahriga yig‘ilgan turli davlat vakillari O‘zbekiston pavilyonini tomosha qildi.

Turkmanistonning Avaza shahrida Dengizga chiqish imkoni bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha BMT konferensiyasi doirasida davlat rahbarlari, jumladan prezident Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarboyjon milliy kunlariga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etdi.

Milliy kunlar mintaqa xalqlarining boy madaniy merosini, mustahkamlanayotgan qo‘shnichilik aloqalarini va kengayib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorligini namoyish etish maqsadida uyushtirildi.

Bu yerda an’analar va hunarmandchilikka bag‘ishlangan, madaniyat, san’at va turizm sohalaridagi zamonaviy yutuqlar aks etgan milliy pavilyonlar ochilgan. Shuningdek, milliy taomlar ko‘rgazmasi va pazandachilik bo‘yicha mahorat darslari tashkil etilgan.

Ta’kidlanishicha, an’anaviy o‘zbek hovlisi ko‘rinishida qurilgan O‘zbekiston pavilyoni tashrif buyuruvchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Qayd qilinishicha, tadbir mintaqaviy o‘ziga xoslik va madaniy rang-baranglikning navbatdagi namunasi sifatida o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga hamda Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va farovonlik makoni sifatida namoyon etishga xizmat qildi.

Mavzuga oid