O‘zbekiston | 18:37
878
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi bilan uchrashdi

Antoniu Guterrish bilan global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha BMT konferensiyasi doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bilan uchrashdi.

Global va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari, shu jumladan BMT Bosh Assambleyasining bo‘lajak 80-yubiley sessiyasini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shu ma’noda, O‘zbekiston yetakchisi Bosh kotibning xalqaro tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, BMT va uning asosiy institutlarini zamonaviy voqelikka moslashtirish maqsadida isloh qilish borasidagi tashabbuslarini qat’iy qo‘llab-quvvatladi.

O‘zbekiston bilan BMT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, Antoniu Guterrishning o‘tgan yil iyul oyidagi mamlakatimizga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bugungi kunda 160 ta qo‘shma dastur va loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

So‘nggi bir necha yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 13 ta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Joriy yilda Tashkilotning asosiy tuzilmalari va institutlari, jumladan, BMT-Xabitat va YUNISEF rahbarlari O‘zbekistonga keldi, Toshkentda «BMT-Ayollar» tuzilmasining vakolatxonasi ochildi.

Davlat xizmati masalalari bo‘yicha forum birgalikda o‘tkazildi. Samarqand shahrida YuNeSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Markaziy Osiyoda integratsiyani chuqurlashtirish, Afg‘onistonni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma dastur va loyihalarni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid