Ayollar dunyosi | 14:47 / 21.07.2025
1312
3 daqiqa o‘qiladi

Sayohat – ayol uchun tabiiy psixoterapiya. Ilmiy tahlil va hayotiy xulosalar

Bir qarashda sayohat shunchaki dam olishdek tuyulishi mumkin, ammo so‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlar ayollar uchun sayohat – ruhiy salomatlik, o‘zini anglash va hayot sifatini yaxshilashda muhim omil ekanini ko‘rsatmoqda.

Stressga qarshi tabiat – ayolga kuch, ruh va barqarorlik beradi

Nature jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, haftasiga kamida ikki marta tabiat qo‘ynida bo‘lish, sayohat qilish yoki oddiy sayrlar ham depressiya va iztirob belgilari kamayishiga olib keladi. Ayniqsa, ayollarda bunday faollik ichki osoyishtalikni ta’minlash va emotsional barqarorlikni tiklashda muhim rol o‘ynaydi. Ayollar sog‘lig‘i va kayfiyati uchun dengiz, ko‘l, yomg‘ir va boshqa “yashil muhit” (blue space) manzaralari nafaqat xursandchilik, balki immun tizimi faolligini ham oshiradi.

Sayohat qiluvchi ayollar soni o‘smoqda

2016 yildan 2023 yilga qadar ayollar orasida “solo female travel” – ya’ni yakka holda sayohat qilish istagi 230 foizga oshgan. Yirik xalqaro tadbirlar, madaniy festivallarga yoki tabiat bag‘ridagi sayohatga chiqayotganlarning 75 foizi ayollardan iborat. Ayollar orasida dunyo bo‘ylab sayohatlar 2025 yildan 2030 yilgacha yillik 16,8 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Sayohatchi ayollarning o‘rtacha yoshi 49 yosh, sayohatchi kompaniyalar turoperatorlari mijozlarining 43 foizi 51-70 yosh oralig‘idagi ayollar ekanini aytishgan. Bunda nafaqat dam olish, balki shaxsiy o‘sish, hayotni qayta baholash va ruhiy muvozanatni topish maqsad qilingan.

Sayohat – ona uchun ham davo, ham ruhiy tiklanish

Suvli muhitdagi manzaralar (dengiz, havza, sharsharalar) inson asab tizimiga shifobaxsh ta’sir ko‘rsatadi. Bu hozirgi stressga to‘la hayotda ayol uchun juda muhim terapevtik ta’sir hisoblanadi.

Tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, tug‘uruqdan keyingi stress va ruhiy tushkunlikni yengishda ham sayohat katta yordam beradi. Condé Nast Traveler nashrida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashgan uch nafar ayol aynan sayohat orqali qayta ruhlanishga erishganini ma’lum qilgan.

Sarguzashtli sayohatlar tabiatda boy tajribalarni taqdim etadi, stressni kamaytiradi va yurak sog‘lig‘ini yaxshilaydi.

Sayohat bu – shunchaki dam olish emas. Ayollar uchun u o‘zini topish, hayotga yangi ko‘z bilan qarash va eng muhimi, ichki xotirjamlikni qayta tiklash yo‘lidir. Tabiati chiroyli, havosi musaffo hududlarga safar qilish esa kundalik birxillikni buzib, hayotga yangi ruh baxsh etadi.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Mavzuga oid