Jamiyat | 14:14
1239
6 daqiqa o‘qiladi

“Bir o‘zi tarbiyalayotganlar”: Yolg‘iz onalar farzandlari uchun ikki barobar kuchli bo‘lishni qanday uddalashmoqda?

O‘zbekistonda har yili o‘rtacha 45–49 ming oilaviy ajrimlar kuzatilmoqda. Bir qarashda - ikki kishi yo‘lini ajratdi, deyish mumkin. Ammo bu qarori hayotning eng beg‘ubor qahramonlariga - bolalarga qanday ta’sir o‘tkazadi? Ularni qanday ruhiy-ma’naviy muvozanatda tarbiyalash mumkin? Biz bu haqda hayotiy qahramonlar - yolg‘iz onalar bilan gaplashdik.

Foto: Getty images

“Ayol barchasini uddalay oladi, lekin erkakning mas’uliyatini u yopolmaydi” — Dildora, 41 yosh, Namangan

Dildora 16 yoshli o‘g‘lini va 14 yoshli qizini yolg‘iz katta qilgan. Uning fikricha, har qancha mehr, fidoyilik bilan tarbiya qilinsa-da, bolaga erkak shaxsdan namuna bo‘lishi kerak.

“Men bolamga yaxshi ona bo‘ldim, lekin yaxshi ota bo‘la olmadim. Unga qat’iyatlilik, erkakcha qaror qabul qilishni o‘rgatishga harakat qildim, lekin shuni angladimki, otaning o‘rni boshqacha. Shuning uchun uni jiyanim, akam bilan ko‘p muloqotda bo‘lishiga e’tibor berdim.

Ammo qizim masalasida juda qiynaldim. O‘g‘ildan ko‘ra qizlarga ota mehri, e’tibori juda kerak ekan. Otalardan iltimos qilardim, ajrimdan oldin “mening qizim bu mehrni, e’tiborni qayerdan, kimdan oladi?” deb o‘ylab ko‘rishlarini. Turmush o‘rtog‘im boshqa oila qilgan, lekin iltimos qildim qizim bilan munosabatni yo‘lga qo‘yishini, o‘zim tashkillashtirdim biror joyda birga ovqatlanishlarini. Shundan keyin qizimda yaxshi tarafga o‘zgarish sezdim. Xotirjamlik paydo bo‘ldi unda. O‘qishida, orzularida o‘zgarish bo‘ldi”.

“Yolg‘iz ayollarda aybdorlik hissi ko‘p bo‘ladi” — Fotima, 35 yosh, Toshkent

“Qizimni uch yoshidan beri yolg‘iz tarbiyalayapman. Turmush o‘rtog‘im avtohalokat tufayli dunyodan o‘tib qoldi. Avvaliga juda qiynaldim: ham ish, ham bola, ham odamlarning gap-so‘zi... Endi esa o‘ylayman: shu paytgacha og‘ir kunlar bo‘lmaganida, shunday kuchli ona bo‘la olmasdim.

Har kech, uxlashdan avval qizimni quchoqlayman. Unga “sen menga tuhfasan, sen borliging uchun dunyo menga shunchalik chiroyli ko‘rinadi. Sendan kuch olaman” deyman. Biz to‘liq oila emasmiz, ammo ona-bolalik muhabbatimiz to‘liq. Qizimda ham hech qanday ortiqcha komplekslar yo‘q. Maktabda faol, kitobxonlik musobaqalarida g‘olib bo‘lyapti, sinfdoshlari bilan juda yaxshi chiqishadi.

Menimcha, yolg‘iz boshi bilan bolalarini katta qilayotgan ayollarda aybdorlik hissi ularga farzand tarbiyasida xalaqit beradi. Ayol o‘zini “men bolam uchun yetarli emasman” deb o‘ylasa, buni bola ham his qiladi. Shunday deb o‘ylamaslik kerak – bu taqdir axir, peshonada yozilganidan qochib bo‘lmaydi. O‘zini kechirish, taqdirni qabul qilish va oldinga qarab yashash lozim”.

“Farzandlarimga hayotdagi eng katta tayanch bo‘lishga harakat qilyapman” — Nargiza, 34 yosh, Samarqand

“Birinchi yil juda og‘ir o‘tdi. O‘zim yig‘lardim, lekin bolamni kulishga o‘rgatardim. Boshqa ilojim yo‘q edi - o‘zimni to‘g‘ri ushlashga, kuchli ko‘rsatishga harakat qildim. Qizlarim hech qachon o‘zini kam his qilmasligi uchun ularning muhitiga e’tibor qaratdim – bog‘cha, raqs to‘garagi, dadasining o‘rnini bosadigan amakisi, bobosi ishtirokini ta’minladim”.

“Bola bilan ochiq muloqot – mehrsiz muhitni yumshatadi” — Feruza, 39 yosh, Toshkent

“Ularni himoya qilish uchun haqiqatni yashirmaslikka qaror qildim. Otalari bilan munosabatimiz nima uchun uzilganini xotirjamlik bilan tushuntirdim. Shu bilan birga, ularni hayotda yelkasi qisilmasligi, o‘zini kerakli inson deb his qilishlarini ta’minlash muhimligini angladim”.

“Ertaklar orqali bolamga haqiqiy erkaklar sifatini singdiraman” — Saida, 28 yosh, Buxoro

“Men farzandimga har kunida tartib, me’yor, mehr bor muhit kerakligini angladim. Ota-ona munosabatini u ko‘rmadi, lekin ona-farzand munosabatini kuchli qildim. Har kuni unga ertak aytib berishga imkon qadar harakat qilaman. Ertak qahramonlarini kuchli, jasur erkaklar sifatida tasvirlayman. Chunki kelgusida o‘g‘limda haqiqiy erkaklik xarakterlari yaxshi shakllanishini istayman”.

Bolaning sog‘lom ruhiyati uchun asosiy narsa – barqaror muhit va uni yaxshi ko‘rishlarini his qilish

Harvard universiteti 2022 yilda olib borgan uzoq muddatli tadqiqotga ko‘ra, onasining munosabati, empatiyasi va doimiy e’tibori farzand shaxsiyatining shakllanishida otaning doimiy ishtirokiga teng ta’sir ko‘rsatar ekan. Lekin bu faqat holat doimiy muhabbat va barqaror muhitda bo‘lsa amalga oshadi. Bolalardagi ko‘p ruhiy muammolarning sababi – muhitdagi beqarorlik. To‘liq oilada o‘sgan bolada ham agar janjal, tahqir, ruhiy bosim bo‘lsa, u zaif shaxs bo‘lib ulg‘ayishi mumkin. Yolg‘iz ona farzandi esa, agar muhit tinch, mehr va tushunishga boy bo‘lsa, juda aqlli va kuchli inson bo‘lib yetishishi mumkin. Albatta, otaning o‘rnini ayol to‘ldira olmaydi. Lekin o‘g‘il bolaga ijobiy erkak obrazini ko‘rsatish mumkin: bobo, amaki, sport ustozi va hokazolar misolida. Muhimi, bola erkak shaxsni hurmat, mas’uliyat va shafqat bilan bog‘lashi lozim.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi.

Mavzuga oid