Ayollar dunyosi | 15:21 / 30.07.2025
1314
3 daqiqa o‘qiladi

Pishiqchilik boshlandi: ayollar uchun konserva mavsumida foydali xarid tavsiyalari

O‘zbekiston bozorlarida yozning eng sermahsul davri - pishiqchilik mavsumi qizg‘in pallaga kirdi. Iyul-avgust oylarida meva-sabzavotlar mo‘l-ko‘l bo‘lib, uy bekalari orasida konservalash ishlariga qiziqish keskin ortadi. Bu nafaqat qishda yoz mazasini beruvchi zaxira tayyorlash, balki sog‘lom ovqatlanish va iqtisodiy tejamkorlikka ham xizmat qiladi.

Nima uchun aynan hozir konserva uchun eng qulay vaqt?

Yilning shu faslida mahsulotlar eng arzon, mazali va tabiiy holatda bo‘ladi. Mavsumiy mevalar va sabzavotlar eng serunum va sifatli yetiladi. Quyida pishiqchilik mavsumini unumli o‘tkazish uchun muhim tavsiyalarni keltiramiz.

Xarid qilishda nimaga e’tibor berish kerak?

1. Mahsulotni mavsumida oling

Bodring, qalampir, pomidor, uzum, o‘rik, shaftoli — hozir aynan ularning vaqti. Mavsumida xarid qilingan mahsulot arzon va yangi bo‘ladi.

2. Sifat – har narsadan ustun

Chirigan yoki ortiqcha pishgan mahsulotlar konserva mazasi va mustahkamligiga salbiy ta’sir qiladi. Sog‘lom ko‘rinishga ega, hidsiz, yangi uzilgan mahsulotni tanlang.

3. Reja asosida xarid qiling

“Nega bu qadar ko‘p oldim?” deb afsuslanmaslik uchun avvaldan necha banka tayyorlash niyatingizni aniqlab, shunga yarasha ro‘yxat tuzing.

4. Bozorlar o‘rtasini solishtiring

Narxlar joyiga qarab sezilarli farq qilishi mumkin. Katta miqdorda olishda fermer bozorlari yoki qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotiladigan yarmarkalar qulay variant. Ertalab yoki kechki paytda xarid qilish ham arzonga tushishi mumkin.

5. Tez buziladigan mahsulotni kechiktirmang

Shaftoli, uzum, gilos kabi mevalarni uzoq vaqt saqlash mumkin emas. Xarid qilingan zahoti konservalash, muzlatish yoki quritish maqsadga muvofiq.

Ayollar uchun amaliy layfxaklar:

  • Bankalarni to‘g‘ri tayyorlang: Qopqoqlar va bankalar qaynoq suvda yuvilib, hech bo‘lmaganda 10 daqiqa quritilishi kerak. Bu — bakteriyalardan xoli, xavfsiz zaxira kafolati.
  • Muzlatishni o‘rganing: Hamma narsani bankada saqlash shart emas. Qulupnay, bulg‘or qalampir, qora smorodina kabi mahsulotlarni muzlatish — vitaminlarni saqlashda samarali usul.
  • Sirka o‘rniga limon shirasi: Organik ovqatlanishga moyil oilalar uchun yaxshi alternativ. Ham ta’mli, ham sog‘lom.
  • Sinovdan o‘tgan retseptlarga tayaning.

Bu yozda sarflagan mehnatingiz qishda farzandlaringiz tabassumidan bilinadi.

Mavzuga oid