Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zaruratdan muvaffaqiyatgacha: Ayol uchun “Me‑time” qanchalik muhim?
Ayol hayoti tig‘iz vazifalarga to‘la: uy, oila, ish, bola - va shularning orasida ko‘pincha o‘zimiz haqda o‘ylashni unutamiz. Ammo ayol kishi uchun shaxsiy vaqt bu - nafaqat imkoniyat, balki hayotiy zaruratdir. Oilaviy munosabatlar va farzand tarbiyasida o‘ta muhim bu vaziyat yuzasidan Kun.uz’dan kichik tavsiya.

Foto: Freepik
Bugungi kunda ayollar nafaqat oilada, balki jamiyatda ham katta mas’uliyatni o‘z yelkasida ko‘tarmoqda. Uyda ona, turmush o‘rtoq, kelin; ishda mutaxassis, rahbar. Ammo shularning orasida u o‘zini unutib qo‘ymasligi kerak. Chunki ayolning shaxsiy vaqti — uning ruhiy sog‘ligi, hayotdan qoniqish darajasi va oilasiga bo‘lgan munosabatini belgilab beradigan omillardan biridir.
"O‘zimga vaqt yo‘q" — doim ham haqiqat emas
Aksariyat ayollar shaxsiy vaqt haqida so‘ralsa, "o‘zimga vaqt yo‘q" deyishadi. Ammo bu vaqt yo‘qligidan emas, balki unga birinchi navbatda e’tibor berilmayotganidan darak. Shaxsiy vaqt — bu o‘zingizni tinglash, xotirjamlikka erishish va yanada sog‘lom hayot tarzi sari qadam tashlash demakdir.
Amerikalik psixoterapevt Teri Freyzerning ta’kidlashicha, haftasiga kamida 1-2 soat vaqtni faqat o‘zi uchun ajratgan ayollar ruhiy bosim va charchoqni osonroq yengishadi. Ushbu holat ularning bolalari va turmush o‘rtoqlari bilan munosabatlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Harvard tibbiyot maktabida olib borilgan tadqiqotlar esa, shaxsiy vaqtga ega ayollarda yurak-qon tomir kasalliklari xavfi sezilarli darajada kamayishini ko‘rsatgan.
Hayotda muvozanat bo‘lishi kerak
Shaxsiy vaqt — dam olish emas, balki o‘zini anglash, his qilish. Bu vaqtda ayol kitob o‘qishi, xotirjam choy ichishi, ochiq havoda yurishi yoki shunchaki sukut saqlashi (jim o‘tirishi) mumkin. Ushbu qisqa fursat ham uning miyasi va qalbini tozalaydi, yangi kuch bag‘ishlaydi. Aslida, yaxshi ona yoki mehribon rafiqa bo‘lish uchun, avvalo sog‘lom inson bo‘lish kerak.
Vaqtni qanday tashkil qilish mumkin?
- Telefonni 30 daqiqaga o‘chiring va bu vaqtni faqat o‘zingiz uchun bag‘ishlang;
- Har hafta o‘zingizga "ayol kuni"ni belgilab, yo‘qotilgan xotirjamlikni qaytaring;
- Bolalar uxlaganidan so‘ng qisqa sayrga chiqing yoki uyingizda o‘zingiz uchun “dam olish burchagi” yarating;
- Hobbi, sport, kitob — ruhni oziqlantiradigan mashg‘ulotlar shaxsiy vaqt uchun eng yaxshi tanlovlardir.
Ayol kishining shaxsiy vaqti — nafaqat uning, balki butun oilasining sog‘lom ruhiy muhitini ta’minlaydi. Chunki baxtli ona — baxtli bola, baxtli turmush o‘rtoq va barqaror oila demakdir.
Har kuni ishga, oilaga, farzandlar tarbiyasiga, yaqinlar ko‘nglini olishga yelib-yugurib, boshqalarni baxtli qilishga intilar ekanmiz, o‘zimizni ham unutmasligimiz kerak. Ayol uchun shaxsiy vaqt — nafaqat ularning haqqi, balki ehtiyoji hisoblanadi.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Mavzuga oid

23:15 / 01.07.2025
Daniya ayollar uchun majburiy harbiy xizmatni qaytardi

14:07 / 14.04.2025
Rossiyada mushkul ahvolda qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi

23:08 / 10.04.2025
Xitoyda oila qurish qoidalari soddalashtirildi

18:19 / 01.04.2025