Iqtisodiyot | 08:22
700
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston o‘zaro savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazmoqchi

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va mamlakatimiz ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyasining Pokistonga amaliy safari doirasida Karachi shahrida O‘zbekiston-Pokiston biznes-forumi o‘tkazildi.

Foto: "Dunyo" AA

Tadbirda kimyo, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, teri va junni qayta ishlash, farmatsevtika, qurilish mahsulotlari kabi bir qator sohalarda faoliyat yurituvchi O‘zbekiston va Pokiston biznesining yetakchi vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev forumning ochilish qismidagi nutqida, mamlakatda investorlar uchun ochiq, zamonaviy va qulay muhit yaratilgani, mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik tashabbusi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari haqida batafsil so‘zlab berdi. Shuningdek, savdo hajmini ko‘paytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va strategik sohalarda hamkorlikni kuchaytirish, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, energetika, axborot texnologiyalari, raqamlashtirish, farmatsevtika, turizm va logistika sohalarida katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Pokiston Savdoni rivojlantirish agentligi direktori Fayz Ahmad o‘z navbatida, mamlakatlar o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish, birgalikda import o‘rnini bosuvchi va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlariga to‘xtaldi.

Biznes-forum doirasida tashkil etilgan B2B shaklidagi muzokaralarda kimyo, to‘qimachilik, teri va junni qayta ishlash, qurilish mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida bir qator shartnomalar imzolandi.

Iqtisodiy tadbir yakunida ikki tomonlama muzokaralarni izchil davom ettirish va aniq loyihalarni joyida kelishish maqsadida joriy yilning avgust oyida Sind viloyati tadbirkorlari delegatsiyaning O‘zbekistonga biznes-missiyasini tashkil etish to‘g‘risida kelishib olindi.

Mavzuga oid