Jahon | 10:57
8998
4 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp ma’muriyati Andrey Yermakdan norozi

Amerikadagilar Ukraina prezidenti ofisi rahbarini agressiv va toksik deb hisoblashadi. Politico materialidan asosiy gaplar.

Oliver Contreras / AFP / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak Ukraina siyosatidagi eng nufuzli shaxslardan biri va G‘arbdagi hamkorlar, birinchi navbatda, AQSh bilan muzokaralarda Ukrainaning eng muhim vakili hisoblanadi. Ammo uch yildan ortiq davom etgan Rossiya-Ukraina urushi davomida Vashingtonda unga nisbatan ko‘plab noroziliklar to‘plangan, deb yozadi Politico. Bu haqda nashrga 14 nafar suhbatdosh, jumladan, AQSh va Ukraina rasmiylari, shuningdek, ularning xalqaro uchrashuvlarni tashkil etuvchi yordamchilari ma’lum qildi.

Urush sharoitida Yermak bilan muomala qilishga to‘g‘ri kelgan Amerikaning har ikki  ma’muriyati (Jo Bayden va Donald Tramp) vakillari fikricha, u tajovuzkor, Amerika siyosati va byurokratiyasini yaxshi tushunmaydi, shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga AQShning turli masalalar bo‘yicha pozitsiyasini noto‘g‘ri yetkazadi. Bayden jamoasi a’zolari hatto Ukraina tomonidan Yermakni toksik deb hisoblab, uni delegatsiya tarkibiga kiritmaslikni so‘ragan.

Iyun oyi boshida Yermak Vashingtonga tashrif dasturi aniq shakllantirilmagan holda keldi. U bilan davlat kotibi Marko Rubio, Oq uy apparati rahbari Syuzi Uayls va vitse-prezident Jyey Di Vens jamoasi uchrashishdan bosh tortgan. Yermak baribir Rubio bilan uchrashishga muvaffaq bo‘lgan, uni Oq uy yo‘lagida shunchaki uchratib qolgan. Yermak Uaylsdan javobni uzoq kutgan, ammo u delegatsiyani baribir qabul qilmagan (Ukraina tomoni qisqa muddatli bo‘lsa-da, uchrashuv bo‘lib o‘tganini ta’kidlaydi). Vensning jamoasi esa uchrashuv haqidagi iltimosga umuman javob bermagan.

Politico manbalariga ko‘ra, Yermak Ukraina va AQSh o‘rtasidagi foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuvning ahamiyatini juda oshirib yuborgan va u Ukrainaga Amerika xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishiga ishonchi komil bo‘lgan. Manbalardan biri buni «kulgili» deb atagan.

Politico izoh olish uchun Yermakka murojaat qildi. U o‘z matbuot xizmati orqali javob berib, Ukrainani himoya qilish uchun qo‘lidan kelganini qilayotganini bildirgan. «Agar bu meni „muammoli“ deb hisoblashlarini bildirsa, mayli, shunday deb bo‘laqolsin. Agar bu mamlakatimga va prezidentimning missiyasiga yordam bersa, eshik tagida soatlab kutishga tayyorman. Men Amerika siyosati qanday ishlashini to‘liq tushunishga da’vo qilmayman. Men o‘zim bilgan mamlakat – Ukraina haqida gapirish uchun kelyapman», – dedi u.

Ukraina rahbariyati va Tramp ma’muriyati o‘rtasida bunday muloqot qiyinchiliklari mavjud bo‘lsa-da, Rossiya tomoni AQShning yangi hokimiyati bilan ozmi-ko‘pmi aloqa o‘rnata olgani aniq. Tramp Ukrainaga muhim harbiy yordamni to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda, Rossiyaga esa qayta-qayta yon berishni taklif qilmoqda – va hatto uning tinchlik tashabbuslari amalda rad etilganda ham, u faqat g‘azablangan bayonotlari bilan cheklanmoqda, deb yozadi Politico. Shu bilan birga, Yermak Zelenskiyning eng yaqin va katta ehtimol bilan almashtirib bo‘lmaydigan safdoshi bo‘lib qolmoqda.

Mavzuga oid