Foto: Eronga berilgan zarbalar Oq uydagi «Situation Room»dan nazorat qilingan
AQSh prezidenti administratsiyasi Eronga zarba berish vaqtida Oq uydagi maxsus operatsion xona - «Situation Room»dan suratlarni e’lon qildi. 2011 yilda o‘tkazilgan Usama bin Ladenni yo‘q qilish maxfiy operatsiyasi ham ayni shu xonadan boshqarilgan edi.

Foto: The White House
AQSh prezidenti Donald Tramp Kongress ruxsatini olmasdan Eronning yadro obektlari joylashgani aytilgan uchta obektga B-2 bombardimonchilari bilan hujum qildi.
Tramp — ushbu zarbalar harbiy muvaffaqiyat bo‘lganini hamda Eronning asosiy yadro boyitish inshootlari butunlay va to‘liq yo‘q qilinganini aytdi.

AQSh prezidenti matbuot xizmati tarqatgan rasmlarga ko‘ra, ushbu hujumlar Oq uydagi maxsus xona — «Situtation Room»dan kuzatib borilgan.

Maxsus xonada prezident Donald Tramp, vitse-prezident James Vens, davlat kotibi Marko Rubio va mudofaa vaziri Pit Hegset, Oq uy boshqaruvi rahbari Syuzi Uaylz, Qo‘shma shtab qo‘mitasi raisi general Den Keyn hamda boshqa kabinet a’zolari bo‘lgan.
Rasmiy nomi “Presidential Emergency Operations Center” (PEOC) — Oq uyidagi maxfiy va xavfsizlik darajasi yuqori bo‘lgan operatsion markaz bo‘lib, prezident va uning harbiy hamda razvedka maslahatchilari muhim milliy xavfsizlik masalalari, ayniqsa harbiy operatsiyalar vaqtida, real vaqtda axborot olishi, muhokama yuritishi va qarorlar qabul qilishi uchun mo‘ljallangan joydir.

Oq uyning yer ostki qavatida joylashgan xona 1961 yilda, Jon Kennedi davrida Sovet Ittifoqi bilan yadro inqirozi ehtimoli fonida tashkil etilgan.


U yerda maxfiy videokonferensiyalar, real vaqt rejimida sun’iy yo‘ldosh va razvedka ma’lumotlariga kirish, harbiy operatsiyalarni kuzatish imkoniyati mavjud.

Xususan, AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan 2011 yil 1 may kuni Pokistonning Abbotobod shahrida amalga oshirilgan, Usama bin Ladenni yo‘q qilish maxfiy harbiy amaliyoti ham ayni shu xonadan boshqarilgan.
