“Bolam kasal, qarzga pul berib turing” - firibgarlikning yana bir turi haqida
“Biroz o‘tib qaytib qo‘ng‘iroq qilishdi va men aytgan kasalxonada umuman bolalar davolanmasligi, bu shifoxona kattalarga va boshqa yo‘nalishdagi kasallarni davolashga mo‘ljallanganini aytishdi. Xullas, u yerda bunday bemor bola yo‘q edi”. “Hayotiy hikoyalar” ruknida og‘ir kasal yoki kasalxonada vafot etgan farzandini olib ketish uchun pul zarurligini aytib, qarz so‘raganlarga chuv tushgan qahramonlar hikoyalarini o‘qing.
1-holat
Oxirgi paytda do‘q-po‘pisaga o‘tdi, “seni o‘zi Xudo urib qo‘ygan ekan” deb
Toshkentdagi kattaroq masjidlardan birining yonida kichik savdo bilan shug‘ullanaman, 2-guruh nogironiman – ko‘zim ojiz. Shu yerda tirikchilik qilib, ro‘zg‘or tebrataman. Bir kuni bekatda avtobus kutib turgan edim. O‘zini Nodir (ismlar o‘zgartirilgan) deb tanishtirgan yigit shaxsiy Spark mashinasida meni manzilimga eltib qo‘yishini aytib to‘xtadi. Bunday vaziyat ko‘p bo‘ladi, shuning uchun uning mashinasiga o‘tirdim. Yo‘l-yo‘lakay u o‘zining dardini ayta boshladi. Uylanib 11 yil farzandsizlikdan aziyat chekkani, vanihoyat yaqinda farzandli bo‘lganini, afsuski, bola 6 oylik tug‘ilgani, uni saqlab qolish uchun chala tug‘ilgan chaqaloqlarning kasalxonasigi o‘tkazishi zarurligi, ammo bunga puli yetmayotganini aytib, astoydil yig‘ladi.
Aytishicha, tog‘asiga qarz so‘rab borganida “sening chala tug‘ilgan bolang hali yashaydimi, yo‘qmi” deb pul bermaganini, bunaqa paytda qarindoshlar ham yuz o‘girishini, yigit kishiga og‘ir vaziyat ekanini iztirob bilan gapirdi. Xullas, shu tariqa mendan 5 maygacha 300 AQSh dollari qarz berib turishimni so‘radi. Tilxat desangiz, tilxat yozib beraman, dedi. Shu darajada ishontirdiki, Baqara surasining 282-oyatidan keltirib gapirganidan keyin mendagi shubhalar butkul tarqab ketdi. Berdim 300 dollar – tilxat oldim, pasport va haydovchilik guvohnomalari nusxasini oldim. Agar va’da qilingan muddatda pulni qaytarmasa, ichki ishlar organlariga murojaat qilishim mumkinligi to‘g‘risida yozib olingan video ham qilib berdi telefonimga. Yana aytdiki: “aka, asli siz emas – bizning ko‘zlarimiz ko‘r ekan. Shuncha ko‘zi ochiqlar qilmagan yaxshilikni siz qildingiz menga. Duo qiling, qizim sog‘ayib ketsin, umri uzoq bo‘lsin” deb.
Ammo oradan kunlar o‘tib, pulni qaytaradigan vaqtda undan darak bo‘lmadi. Telefon qilsam javob bermaydi, Telegramʼdan yozsam “beraman” deydi. Oxirgi paytda do‘q-po‘pisaga o‘tdi, “seni o‘zi Xudo urib qo‘ygan ekan” deb.
Noiloj 9 may kuni 102 raqamiga ariza qoldirdim. Ular 10 kunlardan keyin jinoyat alomatlari yo‘q degan javobni berishdi. Shundan so‘ng men 20 may sanasida Uchtepa tuman fuqarolik sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildim. Hali biror javob aytishmadi. Bunday vaziyatda baribir chora ko‘rilmasligini bilisharkan bunday odamlar. Shuning uchun ular bemalol odamlarni chuv tushirib, menga o‘xshaganlar esa aldanib yuraverarkan.
Men biror kimga og‘irim tushishini istamayman, nogiron bo‘lsam-da, rizqimni terayotgan odamman. Muqaddas kalomlarni qo‘shib gapirganiga ishondim – ayb o‘zimdadir balki. Lekin o‘sha pulni halol peshona terim bilan ayolimning o‘qishi uchun kontrakt to‘lashga to‘plab turgan edim.
2-holat
Shariatni mahkam tutishini, qarz olganda tilxat yozib berishini gapirdi
Yirik kompaniyada ishlayman, uncha-muncha xayriya ishlarida ishtirok etib turamiz. Bir kuni onam uyga g‘alati holatda kirib keldi va birovga yordamimiz judayam zarurligini aytdi. Voqeani so‘rasam, ularni olib kelgan kirakash yigitning farzandi og‘ir kasal, operatsiya uchun mablag‘i yo‘q ekan. Bu onamni juda ta’sirlantirgandi. Mayli, raqamimni bering, imkon qadar yordam beramiz, dedim.
Ertasi kuni yigit menga aloqaga chiqdi, sharoitini so‘radim, farzandi qanday tashxis bilan qaysi kasalxonada yotganini so‘radim. Shariatni mahkam tutishini, qarz olganda tilxat yozib berishini gapirdi. Farzandi poytaxtdagi 17-kasalxonada yotgan ekan. Bolaning ism-familiyasini, kasallik nomini eslab qoldim. Shartta sog‘liqni saqlash tizimida ishlaydigan tanishlarga qo‘ng‘iroq qilib, shu kasalxonada, shunday ism-sharif bilan davolanayotgan bola haqida surishtirib berishini iltimos qildim. Biroz o‘tib qaytib qo‘ng‘iroq qilishdi va men aytgan kasalxonada umuman bolalar davolanmasligi, bu shifoxona kattalarga va boshqa yo‘nalishdagi kasallarni davolashga mo‘ljallanganini aytishdi. Xullas, u yerda bunday bemor bola yo‘q edi. Ichimga shubha tushdi va yigitni ertasi kuni ofisimizga taklif qildim. U keldi, lekin harchand ichkariga taklif qilsam ham kirmadi – “beradiganingizni shu yerdan olib ketaveraman” deb ko‘chada turaverdi va birozdan keyin ketib qoldi.
3-holat
“Bolam o‘ldi, lekin mayitini olib ketishgayam pulim yo‘q”
Kattaroq tashkilotning murojaatlar bo‘limi boshlig‘i bo‘lib ishlardim. Kelgan odamlar bilan men gaplashardim. Bir kun bir ayol ko‘zyosh bilan kirib keldi. O‘ranib olgan, ro‘mol o‘ragan, yig‘lagan ko‘rinib turibdi, ko‘zlari qizarib ketgan. “Respublika onkologiya shifoxonasidan keldim. Farzandim onkologik kasalga chalingan edi, qancha davolatdik, foydasi bo‘lmadi. Hech narsamiz qolmadi. Bolam o‘ldi, lekin mayitini olib ketishgayam pulim yo‘q. Ma’rakalarni o‘zi bo‘lmaydi. Hech kimning boshiga solmasin buni. Ahvolimni tushuning”, deb yordam berishimizni so‘radi. Bir uni ko‘zyoshlari to‘xtamayotgan ahvoliga qarab achinaman, bir yoshgina vafot etgan farzandiga achinaman. Qaysi viloyatdan kelgani, qizining ismini so‘radim. Uning ohi-zoriga chidab bo‘lmasdi, farzandidan ayrilgan onaning holatini tasavvur qiling. Ta’sirlanib ketdim, kutib turing dedim-da, ichkariga kirib o‘zimdagi bor pulni oldim. Qolgan hamkasblarimgayam vaziyatni tushuntirdim, hamma baholiqudrat borini berib, yaxshigina pul to‘plandi – berdik.
Ayol ketgandan keyin ham hamon o‘sha voqea ta’sirida edim. Birdan esimga keldi – bizda Sog‘liqni saqlash kasaba uyushmalari bor-ku, o‘shalar orqali ham nimadir yordam berishimiz mumkindir balki? O‘shalarga chiqdim. Respublika onkologiya shifoxonasida, jizzaxlik shunaqa yoshdagi qiz bola vafot etibdi desam ishonishmadi. “Bo‘lmagan gap, yaqin orada bunaqa holat bo‘lgani yo‘q. Bunday holatda bemorga uyga ruxsat berib yuboriladi. Kasalxonada kamdan kam bo‘ladi o‘lim holatlari. Umuman o‘zi yaqin orada o‘lim bilan bog‘liq vaziyat bo‘lmadi” degan javobni oldim. Hayratdaman, odamlarga ishonish kerakmi-yo‘qmi, bilmay qoldim.
Afsus bilan aytish mumkinki, bunday holatlar eng avvalo odamlar orasidagi ishonchni yo‘qotib, diniy e’tiqodlarga shubhani uyg‘otadi. Firibgarlik qurboni bo‘lganlar esa keyinchalik haqiqiy ehtiyojmandga ishonmay qoladi.
Mavzuga oid

22:58 / 07.06.2025
Turkiyada sayyohlarning kartasidan 29 mln dollar o‘g‘irlagan guruh a’zolari ushlandi

10:45 / 04.06.2025
Fuqarolarni noqonuniy yo‘llar bilan Hajga yubormoqchi bo‘lganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

23:06 / 02.06.2025
Firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi AQShdan ekstraditsiya qilindi

18:55 / 30.05.2025