O‘zbekiston | 11:40
6714
3 daqiqa o‘qiladi

Senat chiqindidan qarz sabab elektrga to‘lov qilolmaslik mexanizmini tanqid ostiga oldi

“Hududiy elektr tarmoqlari” HET ilovasida aholi tomonidan chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar aks etmayapti, “Toza makon” elektron billing tizimi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” tizimi o‘rtasida to‘liq integratsiya ta’minlanmagan, ayrim iste’molchilarda chiqindi xizmati bo‘yicha shartnoma mavjud emas.

Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va Ekologiya qo‘mitasi tomonidan chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sohasida to‘lov intizomini, qonun ijrosini ta’minlash mexanizmlari hamda amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik va idoralarga aniq manzilli savollar yo‘llandi.

Ma’lumki, “Ayrim qonun hujjatlariga chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlarini ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq maishiy chiqindilar xizmati uchun majburiy to‘lov bo‘yicha qarzdorlik mavjud bo‘lgan taqdirda, iste’molchi mazkur qarzdorlik haqida SMS orqali ogohlantirilganidan so‘ng 5 kun ichida qarzdorlikni bartaraf etmasa, elektr energiyasi bo‘yicha to‘lovlarni qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatilishi nazarda tutilgan.

Biroq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning HET ilovasida aholi tomonidan maishiy chiqindi xizmati bo‘yicha qarzdorlik haqidagi ma’lumotlar aks etmayotgani, “Toza makon” elektron billing tizimi bilan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimi o‘rtasida to‘liq integratsiya ta’minlanmagani, shuningdek, ayrim iste’molchilarda chiqindi xizmati bo‘yicha shartnoma mavjud emasligi hamda abonent hisobraqamlaridagi noaniqliklar jamoatchilikda tashvish tug‘dirmoqda.

Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, Senat qo‘mitasi tomonidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga hamda Energetika vazirligiga ma’lumotlar almashinuvi jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar yuzasidan aniq ma’lumot va ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy takliflar taqdim etish so‘raldi.

Eslatib o‘tamiz, 1 avgustdan boshlab chiqindidan qarzi borlar elektr toki uchun to‘lov qilolmaydigan amaliyot ishlay boshlaydi. Yangi tartibga ko‘ra, chiqindini olib chiqib ketish xizmatidan qarzi bor iste’molchilarga har oyning 5-sanasigacha SMS yuboriladi. Shundan keyin 5 kun ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, iste’molchi elektr energiyasi uchun to‘lov qilolmay qoladi.

Kun.uz studiyasida suhbatda bo‘lgan Chiqindilarni boshqarish agentligi rahbariyatiga ko‘ra, avgustdan boshlanadigan tartib ichki identifikatsiyadan o‘tgan abonentlarga tatbiq etiladi va faqat iyul oyidan boshlab shakllangan qarzlarga taalluqli bo‘ladi. Iqtisodchi Otabek Bakirov yangilikni amalga kiritishdan oldin qilinishi kerak bo‘lgan ishlar bor edi deb hisoblagandi.

Mavzuga oid