Jamiyat | 20:48 / 29.05.2025
5581
5 daqiqa o‘qiladi

Temiryo‘l muzeyida ovqatlanish shoxobchasi va attraksionlar ochilgani tanqidlarga sabab bo‘ldi

Toshkent temiryo‘l texnika muzeyi eksponatida ovqatlanish shoxobchasi ochildi. Muzeydagi ayrim joylar ijaraga berilib, bosqichma-bosqich boshqa lokomotivlar ham shunday qilinishi, hudud ko‘ngilochar maskanga aylanishi kutilmoqda. Rasmiylar bu orqali muzeyga ko‘proq odam kelishidan umidvor, jamoat faollari esa bundan norozi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida joylashgan Temiryo‘llar texnika muzeyidagi poyezd vagonlaridan birida “Sosiskaxona bekati” nomli ovqatlanish shoxobchasi ochilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ayrim faollar shoxobcha nomiga, ayrimlari esa muzey eksponatida bunday joy tashkil qilinganiga e’tirozlarini bildirib, post joylashdi.

Xususan, jurnalist Muhrim A’zamxo‘jayev muzey eksponatlarini “sosiskaxona”ga aylantirishni keskin qoralagan. U muzeylar daromad keltirishi uchun attraksionli bog‘ yoki yoki sosiskaxona-yu restoranlarga aylantirilishi shartmasligini yozgan.

Boshlanishiga har bir eksponat haqida ko‘proq, qiziqroq axborot stendlarini qo‘yib chiqish mumkin, balki interfaolroq nimadir qilsa ham bo‘lar. Vokzallar, stansiyalar, umuman temiryo‘l faoliyatini yuqoridan ko‘rib, tushunishga yordam beradigan miniatyura shaharcha qurish mumkindir.

O‘zbekiston temiryo‘llarining eski vagonlarini — u tramvayniki bo‘ladimi, metroniki bo‘ladimi yoki poyezdniki, farqi yo‘q — “so‘yib tashlamay”, shu muzeyga yig‘aversa ham muzey yanada qiziqarli bo‘lardi. Masalan, juda ko‘pchilik metroning haydovchi o‘rniga o‘tirib ko‘rgisi kelsa kerak — buni muzeydan boshqa yana qaysi joyda qilish mumkin axir?” – degan A’zamxo‘jayev.

Ayni keys jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgach, “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ poyezd vagonida tashkil etilgan ovqatlanish shoxobchasidan “Sosiskaxona bekati” nomi olib tashlanganini, muzey hududida rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari davom etayotganini bildirdi.

Qayd etilishicha, shu kunga qadar muzeyda 7 ta bolalar attraksionlari ochilib, 60 metrli noyob musiqali favvora barpo etilgan, 4 ta yirik muzey eksponatlari tashqi va ichki tomondan restavratsiya qilinib, kafe va restoranlar faoliyati uchun moslashtirilgan.

Muzey parkka aylantirilyaptimi?

Kun.uz muzeyning attraksionli bog‘ga aylantirilayotganiga oid savollarga javob olish uchun “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi.

Ma’lum qilinishicha, muzeyning ayrim hududlari tadbirkorlarga ijaraga berilgan, hozircha bitta poyezd vagonida ovqatlanish joyi ochilgan, bosqichma-bosqich bunday zonalar ko‘paytiriladi va bo‘sh yerlarga attraksionlar qo‘yiladi.

Oldin 1 oyda atigi 10 ta odam kelardi, hozir endi 200-300 nafar odam kirib kelyapti. Bu ham muzey uchun katta ko‘rsatkich. Attraksion qo‘yilishi hali loyiha, u bo‘yicha tender o‘tkaziladi. Lokomotivlarning ichida sekin-sekin ovqatlanish shoxobchalari ochilmoqda. Odamlar uning ichiga kirib, atmosferani his qilib ovqatlanadi. Bo‘sh joylarga 1-2 ta attraksion qo‘yiladi, bo‘ldi.

Hozircha bitta lokomotivda “sosiskaxona” qilindi, daraxtlar ekildi, to‘liq obodonlashtirildi. Endi yosh bolalar lokomotivning ichiga kirib, mashinist bo‘lib, narsalarni ushlab, o‘rgana oladi. Kechasi joydagi chiroqlar ham yonyapti, sekin-sekin qilinyapti.

Muzeyning vagonlari o‘sha yerda turadi. Bundan tashqari, poyezdlar turmaydigan maxsus joyga 60 metrli musiqali favvora qilindi. Poyezdlar rekonstruksiya qilinib, [muzey bo‘ylab harakatlanishi uchun] bekatdan olib chiqildi”, – deydi AJ matbuot kotibi Alisher Boltaboyev.

Markazdagi muzeylar o‘rni sotilib ketishi ehtimoli meni ko‘proq qo‘rqitadi” – iqtisodchi

Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov muzey uchun bunday loyiha konsepsiyasi tanlab olinishining asosini so‘rab yozmoqda. Uning fikricha, 200 kishiga yetgan mijozlar sosiska yegani kelyaptimi yo tarixiy texnikani ko‘rganimi, bu nuqta ham ahamiyatli.

Qolaversa, Bakirov muzeyning “tillaga teng yerlari” ovqatlanish shoxobchasi bahona xususiylashtirilishidan xavotir bildirgan.

Yil o‘tib sosiskaxona o‘rnida dom yo biznes markaz qurvorishga, sosiskaxonaga yondosh muzeyni, aytaylik, Sergeliga ko‘chirib yuborishga bo‘lgan munosabat va e’tirozlar kuchi, albatta, avvalgidek bo‘lmaydi”, – deydi u.

Mavzuga oid