Jahon | 20:40 / 27.05.2025
3443
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston xususiy firmalarga zamonaviy qiruvchi samolyotlarini yig‘ishga ruxsat berdi

Shu kungacha Hindustan Aeronautics Limited davlat tashkiloti mahalliy aerokosmik sanoatda ustunlik qilib kelgan. Endi esa xususiy korxonalar ham ikki motorli qiruvchi samolyotlarni ishlab chiqarishda «teng imkoniyatlarga» ega bo‘ladi.

Foto: Reuters

Hindiston xususiy firmalarga zamonaviy harbiy samolyotlarni loyihalash va ishlab chiqishga ruxsat beradi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

«Davlat kompaniyalari va xususiy korxonalar ikki motorli qiruvchi samolyotlarni qurishda «tanlov asosida» «teng imkoniyatlarga» ega bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, hind firmalari «ham mustaqil, ham qo‘shma korxona yoki konsorsium sifatida» ariza berishlari mumkin. Bloombergʼning yozishicha, shu kungacha Hindustan Aeronautics Limited davlat tashkiloti mahalliy aerokosmik sanoatda ustunlik qilib kelgan, xususiy kompaniyalar esa asosan samolyotlar uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarish bilan cheklangan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qadam Hindiston bosh vaziri Narendra Modining Xitoy va Pokiston bilan davom etayotgan taranglik sharoitida mudofaa sohasida o‘zini o‘zi ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli intilishiga mos keladi. Bundan tashqari, Hindiston harbiylari Ukrainadagi harbiy harakatlar fonida muhim qurollarni mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish kerakligini qayd etib keladi.

«Hindistonga o‘zining bir motorli Tejas qiruvchilarini yaratish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun o‘nlab yillar kerak bo‘ldi va endi uning oldida nisbatan qiyin vazifa turibdi — asosan Rossiyada ishlab chiqarilgan samolyotlardan iborat eskirayotgan park uchun ikki motorli samolyotlarni qurish», — deyiladi xabarda.

2025 yil 22 aprel kuni Kashmirning Hindiston tomonidan nazorat qilinadigan Pahalgam shahrida turistlar hujumga uchragan edi. 26 kishining o‘limiga olib kelgan voqeada Hindiston Pokistonni ayblagan. Natijada, ikki mamlakat o‘rtasidagi vaziyat keskinlashdi. Bunga javoban Hindiston Qurolli kuchlari «Sindur» operatsiyani boshlab, Pokiston hududidagi terrorchilarning to‘qqizta obektiga zarba berdi.

28 aprel kuni Hindiston Fransiya hukumati bilan 26 ta Rafale-M va Rafale-D qiruvchilarini xarid qilish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bitimning umumiy qiymati 7,4 milliard dollarni tashkil etadi.

Mavzuga oid