Jahon | 22:08 / 20.05.2025
1938
2 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda may boshidan beri 8 kishi yo‘lbarslar hujumi qurboniga aylandi

Yirtqichlar hujumi ortib borayotgani sabab O‘rmon xo‘jaligi departamenti yangi xavfsizlik qoidalarini e’lon qildi.

Foto: AP

Hindistonning Chandrapur okrugida yo‘lbarslar sakkiz kun ichida 8 kishining umriga zomin bo‘ldi. Yil boshidan beri bu turdagi yirtqichlar hujumi oqibatida 21 kishi halok bo‘ldi, deb xabar beradi Times of India.

2024 yilda Chandrapurda yovvoyi tabiat bilan bog‘liq 29 ta o‘lim holati qayd etilgan. 2025 yilning dastlabki besh oyida esa o‘lim holatlari 21 taga yetgan va ularning barchasi yo‘lbarslar tomonidan amalga oshirilgan.

Navbatdagi fojia Bxandurna qishlog‘ida yuz bergan. 70 yoshli Rishi Pendor shanba kuni bedarak yo‘qolgan, yakshanba kuni esa uni qidirish ishlari boshlangan. Erkakning jasadi Mul o‘rmon massividan, Tadoba-Andxari yo‘lbarslar qo‘riqxonasi hududidan topilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Pendor ruhiy buzilishdan aziyat chekkan. Uning oilasiga 50 ming rupiy miqdorida kompensatsiya to‘langan.

Boshqa bir hujum Nagbxid shahri atrofida yuz bergan. U yerda yo‘lbars o‘rmonda barg terib yurgan 63 yoshli Maroti Shendega og‘ir jarohat yetkazgan. Jabrlanuvchi shifoxonaga olib ketilayotganida vafot etgan.

Yirtqichlar hujumi ortib borayotgani sabab O‘rmon xo‘jaligi departamenti yangi xavfsizlik qoidalarini e’lon qildi. Barg teruvchilarga o‘rmonga soat 08:00 dan keyin borish va uni 17:00 gacha tark etish, doim guruh-guruh bo‘lib ishlash va yo‘lbarslarni qo‘rqitish uchun maxsus niqoblar taqish tavsiya qilingan.

Mavzuga oid